Home / MAQOLALAR / SUNNAT VA HADISLARNI INKOR ETUVCHI TOIFALAR: TARIXIY VA ZAMONAVIY OʻXSHASHLIKLAR (2-qism)

SUNNAT VA HADISLARNI INKOR ETUVCHI TOIFALAR: TARIXIY VA ZAMONAVIY OʻXSHASHLIKLAR (2-qism)

Bunday toifalar islomning ilk tarixida paydo boʻlib, oʻzlarining botil gʻoya va aqidalari bilan tanilgan eʼtiqodiy va amaliy masalalarda adashgan oqimlardir. Bu kabi toifalar aynan yuqorida zikr etilgan botil oqimlarning zamonaviy koʻrinishlaridan boshqa narsa emas.[1] Ulardan qurʼoniylar[2] faqat Qurʼongagina ishonamiz, zero, Alloh taolo faqat Qurʼonnigina saqlashga vaʼda qilgan, degan oʻta makkorona daʼvoni ilgari surib, koʻplab ilmsiz musulmonlarni adashtirmoqda. Bu toifa aslida xavorijlar yoʻlini tutib, Nabiy (s.a.v.)ning sunnatlarini toʻliq inkor qiladi. Ularning fikricha, shariat boʻyicha hukm chiqarishda hadisga muhtojlik yoʻq. Barcha hukm Qurʼoni karimdan olinishi kerak, degan qarashni ilgari suradi. Qurʼoniylar: “Hadislar Paygʻambar (s.a.v.)ning vafotlaridan 100-200 yil oʻtib tasniflangan. Hadislar roviylar tomonidan toʻqilgan yoki uzoq muddat oʻtgani sababli unutib yuborilgan yoki xato rivoyat qilingan”, deb hadis va sunnatga nisbatan yolgʻon daʼvo qiladi[3]. Ular: “Qurʼoni karim turganda yolgʻon, xato, shubhalardan holi boʻlmagan hadislar olinmaydi”, degan fikrni oldinga suradi.[4] Bu gʻoya nihoyatda xatarli boʻlib, islom ummatini zalolatga yetaklaydi. Bu fikr shariat ahkomlariga umuman toʻgʻri kelmaydi va shuning uchun uni hadis va sunnatga xiyonatdan boshqa narsa deb boʻlmaydi.

Keyingi zamonaviy firqalardan yana biri aqloniylar[5] boʻlib, ular moʻtaziliylar fikridan ilhomlangan. Ular aqlni birlamchi deb, uni asosdan oldinga qoʻyadi. Aqloniylarning aql yuritishi Qurʼon va sunnatdan ham oldin turadi. Aqloniylar oʻz fikri bilan sunnat va hadisni inkor etadi. Shuningdek, “Sahihul Buxoriy”da kelgan hadislar ularning aql tarozisiga muxolif kelsa, oʻsha hadis olinmaydi. Ilmi yetmaydigan joyda aqllilik qilishining oʻzi ularning axmoqligini bildiradi. Ular adashgan boʻlib,  oʻziga ergashganlarni ham adashtiruvchi xatarli toifadir.

Uchinchi toifa zamonaviy rofiziylardir. Bu oqim ham oldingilar kabi sunnati mutahharoga munkar, balki sunnat va hadisni tanqid qilish boʻyicha ulardan ham ashaddiyroqdir. Oldingi rofiziylar mashhur sahobiylardan Abu Bakr Siddiq (r.a.), Umar ibn Xattob (r.a.) va Oysha (r.a.) va boshqalarni laʼnatlagan boʻlsa, yangi rofiziylar oʻz tanqidini avvalo, ikki muhaddis Imom Buxoriy va Imom Muslimning sahih asarlariga qaratishi bilan farq qiladi. Bu toifa vakillari Imom Buxoriy asarini tanqidiy oʻrganib, unga juda koʻp  taʼna va tuhmat qilgan. Hatto, Imom Buxoriyni islom olamida obroʻsini toʻkish, sahih asarining salobatini yoʻqotish boʻyicha doimiy targʻibot olib borib, bu haqda maxsus kitoblar ham yozgan[6].

Toʻrtinchi toifa haddosiylar[7] hisoblanadi. Ular zamonaviy fikrlar asosida tahlil qiladigan, gʻarb islomshunosligi yoʻnalishida faoliyat olib boradigan, boshqa dinlarning asos va manbalariga qiyoslagan holda islom dini manbalariga ham tanqidiy nazar bilan qaraydiganlar toifasidir. Ularning fikricha, har bir narsa yangilanib turilishi lozim. Shuningdek, ular shariat ahkomlari va uning manbalari ham zamonga qarab oʻzgarib borishi kerak, deb hisoblaydi. Bu toifa islom manbalari tarixga aylanib, vaqti oʻtdi, deb gumon qiladi. Shu sababli ular hadis va sunnatlarga nisbatan hurmatsizlik qiladi va xususan, Imom Buxoriyning asarlarini ham oʻzlariga xos yoʻnalishda inkor etadi[8].

Beshinchi toifa sunnat va hadisga tanqidiy nazar bilan qaraydigan mustashriqlar (islomni sharqshunoslik jihatidan oʻrganuvchilar) boʻlib, ular ham yuqoridagilar kabi hadis va sunnatga nisbatan noxolis yondashadi. Bu kabi fikrlarni gʻarblik sharqshunos I.Goldsiyerning (1850-1920)[9] kitoblarida koʻrish mumkin. U hadis va sunnatga nisbatan oʻzini tanqidiy qarashlari asosida kitoblar yozgan. Uning fikricha: “Hadislar islomning ikkinchi va uchinchi hijriy yillarida yozilgan boʻlib, u vaqtda Muhammad (s.a.v.)ning vafotidan keyin ancha muddat oʻtgan. Hadis roviylari tomonidan hadislar oʻylab chiqarilgan yoki toʻqima hadislar toʻplangan. Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari bevosita abbosiy xalifalari taʼsiri ostida taʼlif etilgan boʻlib, hadislar davr taqozosidan kelib chiqib, toʻqib yozilgan”[10]. Bu qarashlar olimning shaxsiy fikri boʻlib, islom tarixi va manbalariga mutlaq nomuvofiqdir. Zero, islom tarixi va shariat manbasini hadislarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Qaysi davrda boʻlmasin bunday toifalarning maqsadi bir boʻlib, sunnat va hadislarga boʻlgan amallarni zaiflashtirish, musulmonlarni hadisdan uzoqlashtirishdir. Zero, hadislarga amal qilish – bu dinga ergashish, shariatga amal qilish – Rasululloh (s.a.v.)ga itoat qilishdir. Rasululloh (s.a.v.): “Kim menga itoat qilsa, u Allohga itoat qilibdi”, deb taʼkidlaganlar.

Bugungi kunda musulmon ummatini yoʻldan chalgʻitishga, hadis va sunnatdan uzoqlashtirishga qaratilgan gʻoyalarga qarshi maʼrifiy kurash har qachongidan koʻra dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Alloh taolo bu kabi fitnalardan Oʻzi asrasin, hidoyat yoʻlidan adashtirmasin. Barcha ummatlarga birdamlikda shariatga amal qilishni, sunnatni mustahkam ushlab, Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning shafoatlarini nasib etsin.

[1] Mazkur asar:  – B. 409.
[2] Qurʼoniylar – islom shariatini hadis va sunnatsiz olib borish tarafdorlari.
[3] Abdurahmon ibn Abdulaziz. Abrozu Taʼuniy-l-muosara fiy jomii-l-sahihi Buxoriy. Misr. Dor ibn Salam. 2010. – B. 10.
[4] Usmon ibn Muallim. Shubuhotiy Qurʼoniyya. Misr. 2014. – B. 22-27.
[5] Aqloniylar – moʻtaziliylarga oʻxshab aqlni naqldan ustun qoʻyadigan toifa.
[6] Lutfiy ibn Muhammad Zagʻir. Intiqodiy shiyati muosiriyn lil sahihayni.. Urdun, 2010.  – B. 8-12
[7] Haddosiylar – islom shariatini doimiy  yangilab borish tarafdorlari.
[8] Anas Sulaymon Misriy. Muntaloqu fikriyya va aqdiyya inda haddosiyna lil taʼni fiy sahihayni. Urdun, 2010. – B. 4-27.
[9] Goldziher I. Muhammedaische Studien. – Halle: B.I (1889). B.II (1890).
[10] Abdurahmon ibn Abdulaziz. Abrozu Taʼuniy-l-muosara fiy jomii-l-sahihi Buxoriy. Misr. Dor ibn Salam. 2010. – B. 10.
Shukrullo UMAROV,
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
hadisshunoslik ixtisosligi boʻyicha falsafa doktori PhD

Check Also

KAM SONLI HADIS RIVOYAT QILGAN (MUQILLUN) SAHOBALAR

Abdulloh ibn Masʼud (r.a.) Abdulloh ilk musulmonlardan[1]. Otasi kabi oʻzi ham Bani Zuhraning xalifasi boʻlgan[2]. …