Maʼlumki, sovet tuzumi davrida diniy qadriyatlarimiz toptaldi, islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz ilmiy merosini oʻrganish taʼqiqlandi. Mustaqillik yillarida esa mamlakatimizda diniy qadriyatlarni tiklash boʻyicha koʻplab tadbirlar amalga oshirildi. Bunda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar ilmiy merosini oʻrganishga katta eʼtibor qaratildi.
Xususan, Imom Buxoriy ijod mahsulini oʻrganish va keng targʻib etish ishlari amalga oshirildi, alloma mangu qoʻnim topgan maskan obod qilindi. 1992 yilda Qomuslar bosh tahririyati tomonidan “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining tarjimasiga qoʻl urildi[1]. 1996 yilda esa “Imom Buxoriy taʼrifi” nomli risola chop etildi[2]. Amalga oshirilgan bunday ishlar alloma ilmiy merosini oʻrganish va asarlarini ommaga tanishtirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
1997 yil 29 aprelda Vazirlar Mahkamasining “Imom Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy taqvim boʻyicha 1225 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi[3]. Uning asosida Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganish va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha koʻplab ishlar bajarildi. Xususan, 1998 yil 23 oktyabrda Samarqandda allomaning yubiley tantanalari boʻlib oʻtdi. Buyuk muhaddis qabri joylashgan Payariq tumanidagi Xartang qishlogʻida ulkan yodgorlik majmuasi ochildi[4].
Imom Buxoriy ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi tuzildi. Qurʼoni karim va “Al-Jomeʼ as-sahih”ning oʻzbekcha nashrlarini tayyorlash, islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalar ilmiy merosini tadqiq etish, diniy-falsafiy mavzularda anjumanlar oʻtkazish va ular yordamida yosh avlodni milliy anʼanalarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilandi[5].
2000 yildan ushbu jamgʻarma tomonidan “Imom Buxoriy saboqlari” nomli maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-adabiy jurnal nashr etila boshladi. Shuningdek, shu davrga qadar Imom Buxoriyning hayoti va ijodiga bagʻishlangan kitob-albom tayyorlandi, ikki qismli hujjatli film, “Hadis ilmining sultoni” nomli 4 qismli kinoqissa tasvirga olindi[6].
Shu bilan birga, alloma ilmiy merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish maqsadida 2008 yil 23 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Buxoriy xalqaro markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Uning asosida Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy hadis ilmi markazi hamda Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi negizida Imom Buxoriy xalqaro markazi tashkil etildi[7]. Asosiy vazifalari etib islom dini, Qurʼoni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslarini, yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari buyuk hadisshunos allomalar merosini oʻrganish, keng targʻib qilish kabilar Imom Buxoriy xalqaro markazining belgilandi[8].
Keyingi yillarda bu boradagi ishlar izchil davom ettirildi. Xususan, “Al-Jomeʼ as-sahih” islom olamida eng sahih hadis toʻplamlari sifatida eʼtirof etilgan toʻqqiz moʻtabar kitobdan iborat “Oltin silsila” turkumining dastlabki nashri boʻldi[9].
2016 yildan Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganish ishlari yangi bosqichga koʻtarildi. 2017 yil 27 martda Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Uning ijrosini taʼminlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli hujjat qabul qilinib, unda markaz faoliyatini tashkil etish boʻyicha nizomlar tasdiqlandi. Markaz maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan tenglashtirildi[10]. Bu esa Markazning keyingi faoliyati samaradorligini taʼminlashda muhim omil boʻldi.
Markazda nafaqat Imom Buxoriy ilmiy merosini tadqiq etish, balki boshqa buyuk allomalarimiz ijodiy faoliyatini oʻrganish ham yoʻlga qoʻyildi. 2017-2022 yillar davomida ulugʻ ajdodlarimiz qalamiga mansub 14 noyob asar oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Abdulhamid Keshiy “Musnadi”ning 1-3-jildlari, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy”, Imom Buxoriyning “Xolq afʼolil ibod” va “Tarixus sagʻir” asarlari, shuningdek, “Sahihi Buxoriy sharhi” va boshqalar shular jumlasidandir[11].
2017-2018 yillarda Markaz ilmiy xodimlari turli ilmiy jurnal va konferensiyalarda 249 ta ilmiy maqola nashr ettirdi. Mahalliy va xorijiy qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Buxoriy qalamiga mansub 2838 ta asarning reyestri tuzildi. Bundan tashqari, Turkiya, Yaponiya va Germaniya kutubxona fondlarida saqlanayotgan 620 ta qoʻlyozma asarning annotatsiyasi tayyorlandi[12].
Imom Buxoriy ilmiy merosi mamlakatimizdagi boshqa ilmiy tadqiqot muassasalarida ham oʻrganilmoqda. Xususan, “Hidoyat” jurnali Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi Azizxoʻja Inoyatovning “Imom Buxoriy va tafsir ilmi” nomli maqolasida buyuk muhaddis hayoti va ijodiga oid yangi ilmiy maʼlumotlarni eʼlon qildi[13]. Shuningdek, 2021 yil “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalida nashr qilingan ““Siyaru aʼlomun nubalo” asarida Imom Buxoriy siyrati” nomli maqolada tafsir, siyarul nabiy, zuhd va riqoq kabi tushunchalarning mohiyati ochib beriladi[14].
Islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilishda katta yutuqqa erishgan olim va tadqiqotchilarni ragʻbatlantirish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Xususan, shu maqsadda 2022 yil avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasining ““Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi[15].
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, mustaqillik yillarida Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha salmoqli ishlar bajarildi. Bu yana shunisi bilan ahamiyatliki, keng ilmiy jamoatchilik orasida boshqa buyuk ajdodlarimiz asarlariga ham eʼtibor kuchayishiga sabab boʻldi. Natijada Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi kabi muassasalar ochildi. Hozirgi kunda Fargʻonada Burhonuddin Margʻinoniy markazini ochishga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda.