Home / FOTO LAVHALAR / Markazda yana bir stipendiat tadqiqot boshladi

Markazda yana bir stipendiat tadqiqot boshladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining navbatdagi sovrindori – Rossiya Federatsiyasidagi Sankt-Peterburg davlat universiteti sharqshunoslik fakulteti Uzoq Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi dotsenti Irina Katkova izlanishlar va ilmiy amaliyot oʻtash uchun keldi.

Stipendiatni direktor Sh.Ziyodov qabul qilib, Markazdagi ilmiy tadqiqotlarida muvaffaqiyat tiladi. Irina xonim samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etdi va ilmiy safar uning izlanishlarida yuqori natijalar keltirishiga ishonch bildirdi. Muloqot soʻngida rossiyalik olima Markaz kutubxonasiga oʻz muallifligida chop etilgan adabiyotlarni sovgʻa qildi.

Irina Katkova qariyb 20 yildan buyon mazkur kafedrada faoliyat koʻrsatadi. Undan avval bir necha yil davomida Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari institutida katta ilmiy xodim vazifasida ishlagan. Islom kodikologiyasi mutaxassisi sifatida soʻfiylik va malay qoʻlyozmalariga oid bir necha risola chop ettirgan. Markazdagi amaliyoti davomida Naqshbandiya tariqatiga doir qoʻlyozmalar haqidagi monografiyasi uchun maʼlumot toʻplashni maqsad qilgan. Shuningdek, fakultetda oʻzi tashkil etgan islom arxitektura sanʼati kursi tinglovchilari uchun Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalarning meʼmoriy yechimlari borasida ham mavzular kesimida maʼruzalar tayyorlashni rejalashtirmoqda.

Tadqiqotchi Muzey va kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uning Markazdagi ilmiy amaliyoti bir oy davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …