Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ XALQARO HAMKORLARI SONI ORTMOQDA

MARKAZ XALQARO HAMKORLARI SONI ORTMOQDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Qozogʻiston Respublikasi Fanlar akademiyasi R.Suleymanov nomidagi Sharqshunoslik instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur institut Markaziy Osiyo davlatlarining sharqshunoslik sohasidagi yetakchi ilmiy markazlaridan hisoblanadi. Qozogʻiston Respublikasi hukumatining tegishli qarori asosida 1996 yilda tashkil etilgan bu ilm dargohining asosiy maqsad va vazifasi sharqshunoslik sohasida ustuvor fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borishdan iborat.

Ochiqlik va oʻzaro hurmat ruhida oʻtgan muzokaralar natijasida imzolangan Memorandum ikki ilmiy muassasa oʻrtasida ilmiy maʼlumotlar, adabiyotlar va tadqiqot hujjatlari almashish, qoʻshma nashrlar chop etish, birgalikda uyushtiriladigan tadqiqotlar va ilmiy anjumanlarda oʻqituvchilar, talabalar va xodimlar ishtirokini taʼminlash, ilmiy salohiyatni oshirish uchun oʻquv kurslari tashkil etish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Hujjatda birgalikda yangi akademik kurslarni ishlab chiqish va joriy etish, qoʻshdiplomli taʼlimga oid dasturlar yaratish, magistratura va doktorantura stipendiatlarini amaliy qoʻllab-quvvatlash ham nazarda tutilgan.

   

Mazkur institut joriy yilda Markaz bilan ilmiy aloqalarni rasmiylashtirgan ikkinchi ilmiy muassasadir. Shu bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xorijiy hamkorlari soni 36 taga yetdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …