Home / FOTO LAVHALAR / Manbalarni oʻrganishda hamjihatlik zarur

Manbalarni oʻrganishda hamjihatlik zarur

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Qozogʻiston Fanlar akademiyasi R.Suleymanov nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini oʻrganishga oid Oʻrta asr oʻzbek va qozoq manbalari” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Unda Markaz xodimlari, yurtimiz olimlari, Samarqand viloyati ilmiy jamoatchiligi vakillari, Qozogʻiston, Rossiya va Turkiyadan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Markaz direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov yozma yodgorliklar Movarounnahrda yashab oʻtgan allomalar hayoti va faoliyati, bu mintaqa xalqlari tarixi va madaniyatini tadqiq etishda asosiy manba ekanini taʼkidladi. Buning yuksak ahamiyatini inobatga olgan holda Markaziy Osiyo davlatlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni muvofiqlashtirish bugun har qachongidan ham dolzarb ekanini qayd etdi.

B.Suleymanov nomidagi Sharqshunoslik instituti Bosh direktori prof. dr. Duken Masimxanuli Oʻrta Osiyo mamlakatlarining, xususan, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning ilmiy integratsiyalashuv bosqichlari, tarixiy ildizlari, xalqlarimizning oʻzagi bir qadriyatlari xususida toʻxtalib, ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashni bugungi kunning muhim vazifasi sifatida eʼtirof etdi.

Tadbir maʼruzachilari Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini oʻrganishda mintaqa xalqlarining etnogenezini yorituvchi qoʻlyozma kitoblar, tarixiy hujjat va manbalar, ularni tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.

Davra suhbati ishtirokchilari tarixdan soʻzlovchi nodir manbalarni asl holida saqlash, lozim boʻlsa, taʼmirlash va kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish barobarida, ularning elektron nusxalaridan foydalanish boʻyicha qoʻlyozma fondlarning xalqaro miqyosdagi yaxlit tizimini yaratib, maqsadli almashuvlarni yoʻlga qoʻyish zaruratini qayd etdi.

Tadbir qizgʻin muhokama va savol javoblarga boy boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …