Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining navbatdagi gʻolibi Dr. Derya Idikurt ilmiy amaliyot oʻtash uchun keldi.
Xorijlik tadqiqotchi Markaz direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov bilan muloqotda boʻlib, ilmiy izlanishlarining asosiy yoʻnalishlari, tadqiqotlarining mohiyati toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Idikurt xonim Turkiyada Nevshehir universitetida magistrlik, Qirgʻiziston-Turkiya Manas universitetining tarix fakultetida falsafa doktori ilmiy darajalarini olgan. Kavkaz va Turkiston musulmonlarining Usmoniylar davridagi oʻzaro aloqalari, shuningdek, bu mintaqalar aholisining haj ziyoratiga oid barcha jihatlarni oʻrganib, 2022 yili “Usmoniylar Turkiyasi-Rossiya munosabatlarida turkistonliklar haj amalining oʻrni” mavzusidagi maʼruzasini eʼlon qilgan. Avvalroq Xiva, Qoʻqon, Buxoro va Samarqanddan borgan ziyoratchilar uchun Istanbul, Adana, Damashq va Makkada tashkil etilgan “Oʻzbek lojasi” toʻgʻrisida bayonot bergandi.
Markaz hamda yurtimizdagi boshqa ilmiy muassasalardagi faoliyati davomida Dr. Idikurt Istanbuldagi “Oʻzbek lojasi”da shayx darajasiga erishgan asli buxorolik Shayx Sulaymon Afandi ilmiy merosini tadqiq qiladi.
Dr. Ziyodov ayni paytda mustaqil tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritayotgan Derya Idikurt xonimga jamoa nomidan bu yerdagi ilmiy izlanishlarida muvaffaqiyat tilab, amaliy hamkorlikka tayyorlik bildirdi.
Turkiyalik tadqiqotchining ilmiy amaliyoti ikki oy davom etadi.