Home / MAQOLALAR / YEVROPALIK DIPLOMATLARNING ESDALIKLARI VA ASARLARI BUXORO AMIRLIGI VA ROSSIYA IMPERIYASI OʻRTASIDAGI MUNOSABATLARNI OʻRGANISHDA BOY BEBAHO MANBA

YEVROPALIK DIPLOMATLARNING ESDALIKLARI VA ASARLARI BUXORO AMIRLIGI VA ROSSIYA IMPERIYASI OʻRTASIDAGI MUNOSABATLARNI OʻRGANISHDA BOY BEBAHO MANBA

XVII-XVIII asrlar Oʻrta Osiyo xalqlarining kundalik turmush tarzi va milliy xususiyatlarining yevropalik diplomat esdaliklarida yoritib berilgan. Oʻrta Osiyo xonliklarining yevropalik diplomatlar nigohidagi kundalik hayoti ancha qiziqarli, oʻz navbatida sirli boʻlganligi ayni haqiqat. Natijada, Oʻrta Osiyo xonliklarining hukmdorlari Rossiya, Yevropa va boshqa mintaqalar bilan savdo aloqalari jonlana boshlagan.

XIX asrning 20-yillarida Oʻrta Osiyoga yuborilgan ingliz missiyalari, asosan, Angliya burjuaziyasi tomonidan yuborilgan boʻlsa, 30-yillarga kelganda bu ishga Britaniya hukumatining oʻzi bevosita rahbarlik qila boshlaydi. Bu voqea inglizlarning pinhona rejalarini amalga oshirish uchun Oʻrta Osiyoga qatʼiy suratda kirib kelishidan darak berar edi. Buning asosiy sabablaridan biri 1825-yilda Angliyada boshlangan inqiroz boʻlib, u butun Angliya sanoatining deyarli koʻpgina qismini oʻz ichiga olgan. Oqibatda mamlakatning butun iqtisodi katta zarar koʻradi. Bu ogʻir ahvoldan qutilish uchun ingliz hukumati XIX asrning 30-yillarida butun Oʻrta Sharq hamda Oʻrta Osiyoni oʻz taʼsir doirasiga olish uchun keng miqyosda savdo niqobi ostida oʻz diplomatik missiyalarini boshlaydi.

Bu borada 1819-1825-yillarda Hindistondan Buxoroga Britaniya hukumati tomonidan maxsus topshiriqlar bilan Villiam Murkroft va Georg Trebek ekspeditsiyasi yuboriladi. Ekspeditsiyaning rasmiy maqsadi Ost-Indiya kompaniyasining otliq askarlari uchun «zotli otlar axtarishdan» iborat edi. Haqiqatda esa, u Amurdaryo vodiysiga inglizlarning kirishi mumkinligini aniqlash uchun yuborilgan ekspeditsiya boʻlgan. Ingliz vakillarini Oʻrta Osiyoning hech qanday «zotli otlar»i emas, balki balki uning bozorlarida mutlaq Angliya hukmronligini oʻrnatish masalasi qiziqtirardi. Masalan, bu haqida biz quyidagi asar orqali maʼlumot olishimiz mumkin: Ushbu muhim manbaning ikkinchi jildi, beshinchi boʻlimida Oʻrta Osiyoning asosiy aholisi, oʻzbeklar, tojiklar, qozoqlar hamda eng yirik shaharlaridan Buxoro, Urganch, Qarshi haqida maʼlumotlar keltirilgan [1].

Murkfort boshchiligida ekspeditsiya 1824-yil Angliyadan chiqib, 1825-yil fevral oyida Buxoroga yetib keladi. Ekspeditsiya tarkibida 70 kishi boʻlib, ular olib kelgan 80 sandiqdan ortiq turli mollar qoʻshbegiga taqdim etilgan. Inglizlar Buxoro xonligini har tomonlama oʻrganishga mahalliy hukmdorlar orasida inglizlarga tarafdor guruhni shakllantirishga muvaffaq boʻldi. Ekspeditsiyaning yoʻnalishi: Kashmir-Tibet-Sharqiy Turkiston ( Yorkent , Koshgʻar) va Oʻrta Osiyo (Qoʻqon, Samarqand, Buxoro) hududlari edi [2].

Murkfort ekspeditsiyasidan xabar topgan Rossiya hukmron doiralari tashvishga tushdi. Natijada Rossiya davlati hukumati Buxoro amiri Amir Haydarga inglizlarning Buxorodagi xatti harakatlaridan noroziligini bildiradi. Murkfort otryadi Oʻrta Osiyoga kelishdan oldin yaxshi tayyorgarlik koʻrib kelgan. Jumladan uning ekspeditsiyasining tarkibida yaxshi qurollangan qoʻshin hamda 2 ta pushka ham bor edi. 1825-yil dastlabki ekspeditsiyasi natijasida Buxorodan tashqari Hisor, Qorategin, Shahrisabz Oʻratepa kabi shaharlarda boʻladi. Uning esdaliklari vafotidan keyin 20 yil oʻtib ingliz sharqshunosi Goratsiy Vilson tomonidan oʻrganilgan va nashr qilingan. 

1831-1833-yillarda Hindistondan Aleksandr Byorns Kobul va Buxoroga yuboriladi. A. Byornsga harbiy va geografik maʼlumotlar toʻplash va Kobul hamda Buxoro hokim doiralari bilan savdo va diplomatik aloqa bogʻlash topshirilgadi. Ost-Indiya kompaniyasi leytenanti Aleksandr Byorns Hindistondan Afgʻonistonga, undan Buxoroga sayyoh sifatida keladi. Bu sayohat natijasida yigʻilgan dalillar va shaxsiy kuzatuvlar «Travels into Bukhara» deb nomlangan uch jildlik kitobga asos boʻldi. Kitobning ikkinchi jild birinchi bobida Oʻrta Osiyoga umumiy va geografik taʼriflar beriladi. Shaharlar koʻrinishi, togʻlar, daryolar, hayvonlar, oʻsimliklar, aholi haqida, ikkinchi bobda Oks daryosi va Orol koʻli haqida maʼlumotlar beriladi. Oltinchi bobda Xitoyning Buxoro va Qoʻqon bilan munosabatlari yoritiladi. Sakkizinchi bobda Turkiston qabilalari, chigʻatoy va oʻzbeklar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Ikkinchi boʻlim sakkizinchi bobda Buxoroning qisqacha tarixi, toʻqqizinchi bobda Buxoroning harbiy va siyosiy qudrati haqida maʼlumotlar beriladi.

1839-yil Hirotda oʻz qarorgohini vujudga keltirgan ingliz razvedkasi aygʻoqchilar Markaziy Osiyoga yuborilib turgan. Xususan: Chalz Stoddart Lord Palmerston buyrugʻi bilan 1838-yil 17-dekabr Buxoroda boʻlgan ingliz josusi. Stoddartning asosiy vazifasi Buxoroning hokim amaldorlari bilan Rossiyaga qarshi birgalikda kurash olib borish uchun shartnoma tuzishdan iborat edi. Shaxsan oʻzi amir saroyida boʻlib amir Nasrullo bilan uchrashib ishonch yorligʻiga ega boʻladi.

Qoʻqon tarixchisi Mulla olim Mahdum Hoji “Tarixi turkiston” asarida bayon qilishicha [3], Buxoroga ular elchi sifatida kelganligi va yomon maqsadda kelmay, balki Rossiyaning bu yerga qasd va tajovuzi haqida aytish uchun kelganligini aytib oʻtadi. Ular oʻzlarini ismini oʻzgartirib, yashirincha kelmaganliklari maʼlum. Lekin ular oʻzlarini Buxoro amiriga yaxshilab, Buyuk Britaniya va Buxoro orasidagi munosabatlarni mustahkamlash ekanligini aytib, Rossiya bilan munosabatlarini

yomonlashtirib, asta-sekinlik bilan Angliya taʼsiriga, yaʼni qaram davlatga aylantirish niyatlari borligini sezdirmaslikka harakat qilganlar. Haqiqatda esa, Stoddartning asosiy vazifasi Buxoroning hokim amaldorlari bilan Rossiyaga qarshi birgalikda kurash olib borish uchun shartnoma tuzishdan iborat edi. U oʻzining maxfiy rejalarini sir saqlashga harakat qilgan.

 Keyingi uchrashuvda u Amirga harbiy koʻmak taklifini bildiradi.Amir buni oʻz shaxsiga nisbatan haqorat deb hisoblaydi. Uchrashuvlar chogʻida ingliz polkovnigi hudud taomiliga koʻra muzokaralarini tiz choʻkmay olib boradi.Bu esa uning taqdirini hal qiluvchi bahonalarini koʻpaytiradi. Shu sabab Amir Nasrullo uni zindonband etishga hukm qiladi.

Artur Konolli va uning “Kundaligi”da Britaniya josusi kasbi yuzasidan turli davlatlarda boʻlganligi qayd qilingan.U oʻz kundaligida Qoʻqon yaqinida faoliyat yuritgani chunki bu davrda Afgʻonistonda qoʻzgʻolonlar avj olgan bir paytda Buxoroga yaqinlashmaslik buyrugʻini olgan edi. Ayni paytda esa u Buxoro amiri uni amirlikka taklif etiladi.

Britaniya vakili polkovnik Stoddartni qutqarish bahonasi bilan Artur Konolli Xiva xonligiga keladi. Konolli Xiva xonligida qushbegi va mehtar bilan uchrashgan boʻlsa-da, uning faoliyati ham muvaffaqiyatsiz boʻladi.Keyingi yillarini u yana bir safdoshi Konolli bilan amir zindonida oʻtkazadi [4]. Konolli va Stoddart 1842-yilda Buxoro amiri Nasrulloxon tomonidan qatl ettiriladi.  Konolli quyidagi asari orqali bizga Oʻrta Osiyo haqidagi maʼlumotlarni beradi [5].

1843-yilda Stoddart va Konollini taqdirini aniqlash uchun Oʻrta Osiyoga inglizlar Jozef Volf ismli vakillarini joʻnatadilar. Jozef Volf «Wolf J. Narrative of a mission to Bokhara in the years 1843-1845 to ascertain the fate of Colonel Stoddart and Captain Connolly» deb nomlangan asarida oʻz faoliyati va Oʻrta Osiyo haqida maʼlumotlarni yozib qoldirgan. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Moorcrroft and G. Trebeak. Travels is Himalayan provinces of Hindustan and the Panjab; in Ladakh and Kashmir; in Peshawar, Kabul, Kunduz and Bokhara from 1819 to 1825. Volume I. — London, 1841. — Р. 52.
  2. Evgeny Sergeev. The Great Game, 1856-1907: Russo-British Relations in Central and East Asia. Baltimore, MD. — John Hopkins University Press. 2014. –552 p
  3. Mirzo Olim Mahdum hoji. Tarixi Turkiston. – T.: Yangi asr avlodi, 2009. – 249 b
  4. Muhammadjanov R. Neʼmatov T. Buxoro va Xivaning Rossiya bilan munosabatlari tarixiga doir baʼzi manbalar.-T.:Oʻzbekiston SSR Fanlar Akademiyasi,1957. – 224 b
  5. Conoly. A. Journet to the North of India overland from England through Russia, Persia and Afghanistan. London, 1838. — Р. 103.
Iskandar HAMRAYEV,
Buxoro davlat universiteti magistranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …