Shaʼbon oyi muqaddas Ramazon oyini kutib olish uchun ruhan tayyorlanish oyidir. Musulmonlar shaʼbon oyi roʻzasini tutib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashadi. Alloh taolo bu oyda duolarni ijobat etadi, bandalariga magʻfirati va rahmatining kengligini namoyon qiladi. Yaʼni magʻfirat soʻraganlarni magʻfirat etadi, rahm soʻraganlarga rahmatini yogʻdiradi. Gʻam-gʻussani aritadi. Mana shunday toifadagi bandalarini doʻzax azobidan xalos etadi.
Shaʼbon oyi kelganda, musulmonlar Qurʼonni koʻproq tilovat qilib, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga salavotlar aytadi. Chunki mufassirlar “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Paygʻambarga salavot ayturlar. Ey moʻminlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!” (Ahzob surasi, 56-oyat) oyati shu oyda nozil boʻlganini aytgan. Shu sababli musulmonlar bu oyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yanada koʻproq salavot va salom aytishi mahbub amallardandir.
Shaʼbon oyining yana bir fazilati Usoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda yaqqol namoyon boʻladi: “Ey Allohning Rasuli, oylardan hech birida shaʼbondagidek roʻza tutganingizni koʻrmadim”, dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Bu shunday oyki, odamlar undan gʻofil qoladi. U rajab bilan Ramazonning oʻrtasidadir. Bu oyda amallar olamlar Rabbiga koʻtariladi. Bas, shunday ekan, men amalimning oʻzim roʻzador holimda koʻtarilishini yaxshi koʻraman», dedilar”.
Shuningdek, mazkur oyda qibla Quddusdan Kaʼbaga oʻzgargan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni qattiq ishtiyoq bilan kutardilar va har kuni yuzlarini oʻsha tarafga qarataverardilar. Alloh taolo u zotning istaklarini maʼqullab: “Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon boʻylab oʻgirib turishingizni koʻrayapmiz. (Xotirjam boʻling) Yuzingizni oʻzingiz rozi boʻladigan qiblaga (Kaʼbaga) oʻgirtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom (Kaʼba) tomonga buring! (Ey moʻminlar, sizlar ham) qayerda boʻlsangiz, yuzlaringizni oʻsha tarafga buringiz!” (Baqara surasi, 144-oyat) oyatini nozil qildi. Haq taolo Zuho surasining 5-oyatida bunday degan: «Yaqinda Rabbingiz Sizga (shunday neʼmatlarni) ato eturki, Siz, albatta, (undan) rozi boʻlursiz».
Ungacha musulmonlar Quddusga qarab oʻn yetti oy namoz oʻqidi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Madinaga hijrat qilishlari rabiʼul-avval oyining oʻn ikkinchisi, dushanba kuniga toʻgʻri kelgan edi. Alloh taolo u zotga Kaʼbaga qarab yuzlanishni shaʼbon oyining yarmida buyurgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hech bir oyda shaʼbondagidek koʻp nafl roʻzasi tutmas edilar. U zot shaʼbon oyida toʻliq roʻza tutar edilar va: “Amallardan toqatingiz yetganicha oling. Modomiki, siz malollanmas ekansiz, Alloh malollanmaydi”, der edilar. Nabiy (s.a.v.)ga eng sevimli namoz kam boʻlsa ham davomli boʻlgani edi. U zot biror namozni oʻqisalar, uni davomli oʻqir edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Baʼzi xabarlarda shaʼbon Qurʼon oyi deb ataladi. Maʼlumki, Qurʼon oʻqish har doim matlubdir. Lekin Musʼhafi sharif tilovati Ramazon, shaʼbon kabi muborak oylarda yanada savobli va sharafli amallardandir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachonki shaʼbon oyi kelsa, musulmonlar Qurʼonga yuzlanib, uni koʻproq oʻqir, zaif va kambagʻallarga Ramazon roʻzasini tutishga yordam boʻlishi uchun mollaridan zakot berar edi”.