Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat delegatsiya rasmiy tashrif bilan Misr Arab Respublikasida boʻlib turgani haqida xabar bergan edik.
Delegatsiya joriy yilning 13 mart kuni Arab qoʻlyozmalari institutiga tashrif buyurdi. Mazkur qoʻlyozmalari instituti 1946 yilda tashkil qilingan boʻlib, Misrning qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq qilishga ixtisoslashgan yirik ilmiy muassasalaridan hisoblanadi. Institutda musulmon olamining nodir qoʻlyozmalari, shuningdek, dunyo fondlarida saqlanayotgan yagona nusxadagi manbalarning elektron nusxalari saqlanadi.
Institut dunyo fondlaridagi qoʻlyozmalarni izlab topish, nodir qoʻlyozmalarning elektron nusxalarini olish va ularni tadqiqotchilarga yetkazish, ommaviy va xususiy kutubxonalarda saqlanayotgan qoʻlyozmalarning katalog va nusxalarini namoyish qilish hamda muhim ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston delegatsiyasini institut direktori oʻrinbosari doktor Ahmad Abdulbosit kutib olib, qoʻlyozmalarni saqlash, restavratsiya qilish hamda ularning mikrofilm va elektron nusxalarini yaratish jarayoni bilan yaqindan tanishtirdi.
“Tashrif davomida institutda saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar, xususan, movarounnahrlik allomalar qalamiga mansub manbalarning elektron nusxalarini Oʻzbekistonga keltirish, shuningdek, qoʻlyozmalarni restavratsiya va tadqiq qilish, zamonaviy nashrlarini yaratish hamda oʻzaro kadrlar almashinuvini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi, – deydi delegatsiya aʼzosi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Barot Amonov. – Bu kelishuv yurtimizdagi ilmiy-tadqiqot markazlarining yanada samarali tadqiqot olib borishida muhim ahamiyat kasb etadi“.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati