Home / FOTO LAVHALAR / Oʻzbekiston delegatsiyasining Misrga rasmiy tashrifi boshlandi

Oʻzbekiston delegatsiyasining Misrga rasmiy tashrifi boshlandi

Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat delegatsiya rasmiy tashrif bilan Misr Arab Respublikasida boʻlib turibdi.

Delegatsiya aʼzolari 12 mart kuni al-Azhar anjumanlar saroyida Imom Moturidiy merosi boʻyicha misrlik tadqiqotchilar oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

Mazkur tanlov Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosi, jumladan, moturidiylik aqidaviy maktabining shakllanish va rivojlanish tarixi, jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozma manbalarini ilmiy asosda oʻrganishni yanada jadallashtirish, taʼlimotda yoritilgan umuminsoniy qadriyatlar hamda bagʻrikenglik tamoyillarini keng targʻib qilish, islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan buzgʻunchi oqimlar gʻoyalarining asossiz ekanligini ochib berish maqsadida tashkillashtirildi.

Yuksak saviya va koʻtarinki ruhda tashkil qilingan tadbirda 100 dan ortiq oʻzbekistonlik hamda misrlik olim va mutaxassislar, jamoatchilik vakillari, jumladan, al-Azhar majmuasi rahbarining oʻrinbosari doktor Muhammad Duvayniy, al-Azhar Islom tadqiqotlari akademiyasi Bosh kotibi doktor Muhammad Nazir Ayyad, tanlovning Hakamlar hayʼati aʼzosi doktor Mahmud Husayn, Oʻzbekistonning Misrdagi elchisi maslahatchisi Muzaffar Jalilov ishtirokida tanlov gʻoliblari va barcha ishtirokchilarga qimmatbaho sovgʻalar hamda maxsus diplom taqdim etildi. Birinchi uchta oʻrinni egallagan gʻoliblarning Oʻzbekistonga 10 kunlik safari tashkil etilishi eʼlon qilindi.

Mazkur tadbir Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida, xususan, al-Azhar majmuasi nashrlarida keng yoritildi. Bu kabi tadbirlarni tashkil etish Misr va Oʻzbekiston doʻstligining yanada rivojlanishiga, taʼlim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shu kuni delegatsiya aʼzolari al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi rahbari, doktor Nazir Ayyad bilan uchrashuv oʻtkazib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Jumladan, doktor Nazir Ayyad misr va oʻzbek xalqlari madaniy qadriyatlaridagi mushtaraklik ikki mamlakat oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik rishtalarining shakllanishiga zamin yaratgani, turli sohalar, ayniqsa ilm-fan yoʻnalishida oʻzaro muntazam hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi. Shuningdek, Imom Moturidiy merosi boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tanlov moturidiylik taʼlimotini yanada chuqurroq oʻrganish hamda uni keng targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etishi, shu bilan birga Oʻzbekiston va Misr oʻrtasida madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashda koʻprik vazifasini bajarishiga eʼtibor qaratdi.

Muzokara davomida bu kabi musobaqalarni yanada kengroq koʻlamda tashkil etish va oʻzaro kadrlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish kabi qator masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

 

Uchrashuv nihoyasida delegatsiya aʼzosi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Barot Amonov akademiya rahbari, doktor Nazir Ayyadga estalik sovgʻasi hamda Markaz tomonidan nashr etilgan yangi adabiyotlar toʻplamini taqdim etdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …