Islom dini insonlarni ilm, hamjihatlik va ahillikka chorlaydi. Ular orasida johillik, firqalanish va oʻzaro kelishmovchilik keltirib chiqaradigan har qanday gʻoya, qarash va chaqiriqlarni keskin qoralaydi. Axborot asri boʻlmish hozirgi kunlarda har xil radikal va ekstremistik gʻoya egalari musulmonlarni oʻn toʻrt asrdan beri amalda boʻlib kelgan toʻrt fiqhiy mazhab ulamolarining asarlari va qarashlarini tark qilib, bevosita Qurʼon oyatlari va hadislardan hukm olishga daʼvat qilmoqda. Ularni oʻzlarining gʻarazli maqsadlariga moslab talqin qilishga, musulmonlarni, ayniqsa, gʻoʻr yoshlarni toʻgʻri yoʻldan ogʻdirib, oʻz domiga tortishga harakat qilmoqda.[1]
Ular notoʻgʻri talqin qilayotgan ana shunday oyatlardan biri Alloh taoloning:
﴿وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنْزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الْكَافِرُونَ﴾
“Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana oʻshalar kofirlardir”[2], degan soʻzidir. Ularning daʼvosicha, uni amalda tatbiq qilmagani uchun hozirgi zamon musulmon rahbarlari ham, ularning qonunlariga itoat qilgan musulmonlar ham kofir. Ammo bu jumhur ulamolari tomonidan mazkur oyatga berilgan sharh va izohlarga nomuvofiqdir. Chunki ahli sunna val jamoa ijmosiga koʻra, zohiri muhkam oyatlarga zid keladigan har qanday oyat yoki hadis ularga muvofiq keladigan qilib tushunilishi lozim. Gunohi kabiraga qoʻl urib qoʻygan musulmon masalasi buning isbotidir. Zero, qatʼiy dalil bilan taqiqlangan biror ish yoki narsani halol sanamagan kishi dindan chiqmaydi. Eʼtiborli jihati shundaki, Alloh taolo nozil qilgan oyatlar bilan hukm qilmagan kishilarni kufrda ayblash borasida ulamolarning qarashlari turlicha boʻlgan. Vaziyat, sharoit, masalaning qay tarzda qoʻyilishiga qarab, ularga yondashuv ham farqlangan.
Abdulhaq ibn Atiyya oʻzining “Al-Muharrarul vojiz” deb nomlangan tafsirida bunday degan: “Alloh taoloning:
﴿وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنْزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الْكَافِرُونَ﴾
“Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana oʻshalar kofirlardir”[3], oyati borasida ulamolar har xil fikr bildirgan. Bir guruhi: “Bu (va keyingi ikki oyatdagi) kofirlar, zolimlar va fosiqlardan murod avvalgi isyonchi qavmlardir”, degan. Bu haqda Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan hadis ham rivoyat qilingan.
Koʻpchilik ulamolar: “Haqiqatan ham bu oyatda Alloh taolo nozil qilgan oyatlar bilan hukm qilmaganlar nazarda tutiladi. Lekin ummatning amirlariga nisbatan olganda, u imondan chiqaradigan kufr emas”[4], degan fikrni aytgan.
Firyobiy, Said ibn Mansur, Ibn Munzir, Ibn Abu Hotim, Hokim va Bayhaqiy “Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana oʻshalar kofirlardir” oyatining tafsirida Ibn Abbos roziyallohu anhuning bunday deganini rivoyat qiladi: “Bu yerda ayrimlar ilgari surayotgan kufr nazarda tutilmagan. U dindan chiqaradigan kufr emas, balki kufroni neʼmat, yaʼni neʼmatga nisbatan noshukrlikdir”.
Abdulloh ibn Humayd va Ibn Munzir “Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana oʻshalar kofirlardir” oyatining tafsirida Ato ibn Abu Raboh roziyallohu anhuning: “Imondan chiqarmaydigan kufr, zulmdan quyiroq zulm, fisqdan quyiroq fisqdir”, deb aytganini rivoyat qilgan.
Qushayriy bunday degan: “Xavorijlarning fikricha, pora olib (Alloh nozil qilgan oyatlardan) boshqasi bilan hukm qilgan kishi kofirdir”. Bu fikrni keltirishda Hasan va Suddiyga nisbat berilgan”[5].
Huzayfa va Ibn Abbos roziyallohu anhumo esa: “Bu oyat hammamiz uchun umumiydir”, degan. “Agar musulmonlardan biri shu ishni qilsa, to Allohga, uning farishtalari, kitoblari, paygʻambarlari va qiyomat kuniga (shak keltirib) kofir boʻlmaguncha u dindan chiqaradigan kufr hisoblanmaydi”, degan. Bu maʼno mufassirlarning bir guruhidan, jumladan, Ibn Abbos, Tovus va Atodan rivoyat qilingan.
Alloh taolo:
﴿وَأَمَّا ٱلۡقَٰسِطُونَ فَكَانُواْ لِجَهَنَّمَ حَطَباً﴾
“Ammo (yoʻldan) ozganlar (ga kelsak), bas, ular jahannamga oʻtin boʻluvchi kimsalardir”[6], degan. Oyatdagi “الْقَاسِطْ” [al-qosit] “adolatsiz va zolim” maʼnosidadir[7]. Shayxul islom buni koʻp oʻrinlarda tilga olib, bunday fikr bildirgan: “Salaflar insonda imon va nifoq boʻlishi mumkin, degan. Shuningdek, unda imon va kufr ham boʻladi”. Bu kufr Ibn Abbos va uning izdoshlari “Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana oʻshalar kofirlardir” oyati borasida aytganidek, dindan chiqaradigan kufr boʻlmaydi. Ahli sunna imomlaridan Ahmad ibn Hanbal va boshqalar ham ularning yoʻlidan yurgan.
Boshqa bir oʻrinda bunday deyilgan: “Sahihi Muslim”da aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rabbingiz nima deganiga qaramaysizmi?! “Bandalarimga biror neʼmat ato etsam, ularning bir toifasi unga kofir boʻlib tong ottiradi. Ular: “yulduzlar va yulduzlar sababli”, deb aytadi”, deganlar. Bunga oʻxshash gaplar (boshqa) hadislarda (ham) bor.
Sahobalardan Ibn Abbos va boshqalar Alloh taoloning:
﴿وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنْزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الْكَافِرُونَ﴾
“Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana oʻshalar kofirlardir”, degan soʻzi va undan keyingi ikki oyatda kelgan “zolimun” va “fosiqun”ni “kufrdan quyiroq kufr, fisqdan quyiroq fisq, zulmdan quyiroq zulmdir”, deb tafsir qilgan. Buni Imom Ahmad, Imom Buxoriy va boshqalar ham aytib oʻtgan. “Takfir” mavzusi boʻyicha koʻproq maʼlumot olishni xohlaganlar “Fatovoyi fikriyya” kitobiga murojaat qilsin!
Biz yuqorida aytib oʻtgan gaplardan murjiiylardek eʼtiqod qilishimiz tushunilmaydi. Ularning fikricha, mushrik odamga (savob) amalning foydasi tegmaganidek, moʻmin odamga ham (gunoh) amalning zarari yetmaydi. Murjiiylardan beshinchi toifasining taʼbiriga koʻra, musulmonlardan hech kim doʻzaxga kirmaydi.
Biz esa, aksincha, mashhur “Jabroil hadisi”da kelganidek, imon bu eʼtiqod boʻlganidek, til bilan iqror boʻlib, ruknlarga amal qilish hamdir, u ziyoda va noqis boʻladi, deymiz. Bu ahli sunnaning tutgan yoʻli. Lekin jumhur ulamolarning fikriga koʻra, u gunoh sababli – xoh biror vojibni tark qilish boʻlsin, xoh harom ishga qoʻl urish boʻlsin, – kofir boʻlmaydi.
Yuqoridagi oyat borasida ulamolarning fikrlaridan olinadigan foyda shuki, oyatlardan toʻgʻridan-toʻgʻri hukm chiqarmasdan, balki uning kengroq sharhlariga va bu borada yurtimiz ulamolarining koʻrsatmalariga murojaat qilish kerak. Buzgʻunchi guruh va oqim vakillarining gʻarazli va fitnali vayronkor gʻoyalari asossizdir. Bunday illatlardan uzoq yurib, doimo hushyor, sezgir va ogoh boʻlib yashashimiz kerakligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda.