Home / ALLOMALAR / ABU RAYHON BERUNIYNING JAHON SIVILIZATSIYASIGA QOʻSHGAN HISSASI

ABU RAYHON BERUNIYNING JAHON SIVILIZATSIYASIGA QOʻSHGAN HISSASI

Movarounnahr va Xorazm yurti IX-XI asrlarda oʻz bagʻrida koʻplab qomusiy olimlarni yetishtirdi. Shunday buyuk olimlardan biri Xorazmlik Abu Rayhon Beruniy hisoblanadi. Beruniy yetuk astronom, geolog, farmolog, tarixchi, faylasuf, filolog va shoirdir.U astronomiya, geologiya, gidrostatika, va geografiya sohasidagi ilgʻor fikrlari bilan Kopernik, Leonardo da Vinchi va boshqa olimlarning kashfiyotlarini koʻp jihatdan oldindan payqagan edi. Olim falsafa, tarix va boshqa gumanitar fanlar sohasida zamonasining ilmiy saviyasidan ancha yuqori koʻtarila oldi. Beruniy 150 ga yaqin asar yozdi. Dariy, arab, sanskrit, grek va boshqa tillarni mukammal bilib olgan Beruniy bir qator asarlarni ham tarjima qildi. U arab tilida koʻpgina sheʼrlar bitdi., hajvchilikda mahorat qozondi hamda har xil qissalar va arab shoirlarining devonlariga sharhlar yozib, Muxtor-ul ashʼor toʻplamini ham tuzdi.

Beruniy 973 yilning 4-sentyabrida Xorazmda Fir (Kat) shahri yaqinida tugʻildi. Uning haqiqiy ismi Muhammad ibn Ahmad boʻlib, keyinchalik esa olim Abu Rayhon Beruniy nomi bilan tanildi. Abu Rayhon soʻzi Rayhonning otasi demakdir. Olim rayhon oʻsimligini juda yoqtirar va muttasil qoʻlida olib yurar edi. Beruniy esa Kat shahrining tashqarisiga olimning tugʻilib oʻsgan joyiga nisbat edi. Beruniy otasidan erta yetim qoladi. Taxminan 14-15 yoshlarida buyuk matematik va astronomik olim Abu Nasr ibn Iroqqa shogirdlikka tushadi. Uning qoʻlida matematika va astronomiya fanlaridan chuqur bilim oldi. Yana u nabotot, jugʻrofiya, hikmat, tarix, tilshunoslik, adabiyot, vazn ilmi, falsafa va boshqa ilmlarni oʻrgandi. Taxminan 18-19-yoshlarida Jurjoniya va Kat shaharlari orasidagi Bushkanz qishlogʻida Quyoshning eng tik paytidagi holatini oʻlchadi. Shundan soʻng yosh olim yerning muayyan shaklini yasashga kirishdi va shu ish asosida oʻzigacha boʻlgan barcha olimlarning asarlarini puxta oʻrgandi. X asrning oxirlariga kelib insoniyat tarixida birinchi bor hozir bizda juda maʼlum va mashhur globusni yaratdi.

Beruniy “Astronomiya kaliti va “Masʼud jadvali”” asarlari bilan astronomiya fani taraqqiyotiga bebaho hissa qoʻshdi. Yerning yumaloqligi, uning tortish quvvati., fasllarning oʻzgarishi va boshqa masalalar yuzasidan chuqur ilmiy xulosalarga keldi, yerning va boshqa sayyoralarning quyosh atrofida aylanishi toʻgʻrisidagi fikrga yaqinlashdi, astrologiyani fosh qildi. Beruniy tabiat hodisalarni oʻrganish va uning sirlarini ochish mumkin, buning uchun fakt va predmetlarni chuqur va izchil oʻrganish, predmetning xususiyatlarini bilib olish, maʼlumdan nomaʼlumga, yaqindan uzoqqa qarab borish lozim degan xulosaga keladi. Beruniy jamiyat tarixi va jamiyat hodisalariga ham katta ahamiyat beradi, u ishlab chiqaruvchi kuch boʻlgan mehnatkashlarning jamiyat hayotida tutgan roliga katta baho beradi.

Beruniy “Minnat ehson qiluvchining ehsonini yoʻqqa chiqaradi”, “Kichkina narsani andak hisoblama, chunki kichkina narsaning ham foydali oʻrni boʻladi,” “Omma odat qilgan narsaga xiloflik qilma”, “Soʻz bilan aytganda –tushungan odamga qamchi va qilich lozim emas”, “Yaxshi yoʻldan yurish yaxshilik alomatidir” kabi koʻp hikmatli soʻzlar ham qoldirgan.

Beruniy ilm yoʻlidagi hamkorlikni juda qadrlardi. Shul sabab oʻz davridagi olimlari bilan yaqin aloqa oʻrnatgan edi. Masofalar yiroqligi bunga xalaqit bermas edi. Katdan Beruniy yozgan maktublar boshqa turli oʻlkalar tomon yoʻl olar edi. U maktublarga bayon etilgan ilmiy masalalarga javob va talqinlar uzoq karvon yoʻllarini oshib Beruniyga talpinardi. Beruniy shunday hamkorlikni oʻz zamonasining mashhur matematigi va munajjimi Abulvafo Muhammad Buzjoniy bilan ham oʻrnatgan edi. Bu ikkala olimning yozishmalarida oy tutilishi haqida qimmatli fikrlar oʻz aksini topgan. Bundan tashqari Beruniy Buxorolik mashhur tabib va olim Abu Ali ibn Sino bilan ham shunday yozishmalar olib borgan. Bu ikki olimning yozishmalarini ilmiy musobaqa desak ham adashmagan boʻlamiz. Beruniy yozgan savolnomalarda aksariyati Aristotelning fizika haqidagi qarashlari yuzasidan edi. Ikki olimning xatlarini arab tilidan oʻzbek tiliga Abdufattoh Rasulov va Madaminjon Abdurahmonovlar mahorat bilan tarjima qilganlar.

Beruniy Muqanna haqidagi birinchi asaridan keyin 27-28 yoshlarida “Al-osorul-boqiya min qurunul-holiya” (“Oʻtmish asrlardan qolgan yodgorliklar”) asarini yozib uni Gurgon hukmdori Qobus ibn Vushmagirga taqdim etadi. Bu asar olimning katta, mustaqil va gʻoyat muhim asari edi. Bu asarning nomini qisqartirib “Oʻtmish yodgorliklari” yoki “Xronologiya “ deb yuritilgan.

Beruniy oʻzining “Oʻtmish yodgorliklar” kitobida qadimiy sharq xalqlari –arablar, suriyaliklar, yahudiylar, eroniylar, sugʻdlar, xorazmliklar va shu zamonda yashagan boshqa xalqlarning turmush qoidalari, urf-odatlari, yil sanoqlari, bayram va marosimlar, xullas nimaiki xalq hayotiga oid boʻlsa, shuning hammasini ilmiy asosda bayon etadi. Olim bu xalqlar turmushiga oid maʼlumotlarni toʻgʻri tahlil qiladi. Haqiqatga zid boʻlgan maʼlumotlarni keskin rad etadi. Bu asarni Oʻrta Osiyo, Eron, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi xalqlar etnografiyasi, tarixi, ijtimoiy tafakkuri boʻyicha yaratgan qomusiy asar desak adashmagan boʻlamiz.

Ushbu asarda Quyoshning burjlar falakida bir marotaba aylanib chiqishidan Quyosh yili kalendari tuzilgan. Ana shu aylanish muddatida Oy ham oʻn ikki yarim marta oʻsha doirani aylanib chiqadi. Oʻn ikki marta osmonda yangi oy paydo boʻladi. Shundan qamariy (oy) kalendari vujudga keladi. Quyosh yili uch yuz oltmish besh kun boʻladi. Ortib qolgan chorak kunlar toʻrt yilda bir kun hosil qilgach, oʻsha qoʻshimcha kun toʻrtinchi yilning kalendariga qoʻshiladi. Bu yil kabisali (qoʻshimcha) yil deb yuritiladi.

“Oʻtmish yodgorliklari” da eroniylar, sugʻdiylar, xorazmiylarning kalendarlari toʻgʻrisida berilgan xabarlar juda qiziqarlidir. Ularning har birida oylar soni 12 ta. Har bir oy oʻzining alohida nomiga ega. Har bir oy 30 kundan tashkil topgan. Har bir kunning ham oʻz nomi bor. Bir yil uch yuz oltmish besh va chorak kundan iborat. Shuning uchun bu xalqlar bir oyga besh kun qoʻshadilar. Bu besh kunning ham oʻz nomi bor.

Gʻarb mamlakatlarining xalqlari har bir oyni oʻttiz kundan iborat hisoblaganlar. Rumliklar ham yilni oʻn ikki oy deb hisoblaganlar. Yahudiylarda ham oylar soni oʻn ikkita. Arablarda ham oylar oʻn ikkitadir. Ular haftalarni qoʻllaganlar. Hafta kunlariga nom qoʻyganlar. Oyning boshi hilol koʻringan kundan boshlanadi. Turklar oʻz kalendarlariga hayvonlar otlarini ishlatganlar.

Beruniy oʻzi bilgan kalendarlarning hammasini jadvalga soldi, nisbatlab ularning farqlarini ajratgan. Asarda tarixlar mohiyati va turli xalqlarda mavjud boʻlgan tarix tushunchasi toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar bor. Asarda bir necha maxsus jadvallar bor. Beruniy bu jadvallarda turli xalqlarning eʼtiqodiga koʻra odam yashay boshlagan davr tarixi, ayrim hukmdorlarning hukmronlik yillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltiriladi. Hukmdorlarning laqablarini aytadi, ularning qilgan ishlari toʻgʻrisida qisqacha xabar beradi.

Beruniy maxsus jadvalda turli mamlakat hukmdorlarining qanday atalganlarini xabar qiladi. Eron podshohlari shahanshoh va Kisro deb, Rum podshohlari Basili yaʼni Qaysar, Iskandariya podshohlari Batlimus, deb atalganlar, hazr va oʻgʻiz turklari oʻz podshohlarini Xonuvta deganlar. Beruniy Xorazm xalqining qadimiy madaniyati islom istilochilar tomonidan yoʻq qilingani toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Olim ayrim tarixiy voqealar toʻgʻrisida soʻzlar ekan, ibratomuz xulosalar chiqaradi. Asarda Beruniy inson hayotiga oid xilma-xil maʼlumotlar keltiradi. Shu jumladan olimning kishilarning jismoniy tuzilishi, umrining uzun-qisqaligi toʻgʻrisidagi mulohazalari ham diqqatga sazovordir.Qadimiy odamlar yirik, gavdali boʻlganlar, Madiyan togʻlarida topilgan arxeologik yodgorliklar shu fikrning isboti. Beruniy odamning uzoq vaqt yashash sababini biologik va irsiy omillar bilan bogʻlaydi. Olim bu toʻgʻrisida astrologlar toʻqigan uydirmalarni qatʼiyan rad etadi. Asarda katta ijtimoiy ahamiyatga molik voqealar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻp uchraydi. Bular paygʻambarlik daʼvo qilgan qilgan shaxslar, ularning tarafdorlari, bu harakatning oqibatlari, shunday harakat qatnashchilarining mafkuraviy qarashlari ham bayon etilgan. Bu shaxslarga Budosaf, Zardusht, Moniy, Behofarid, Muqanna kabi yoʻlboshlovchilarni misol keltiradi. Asarda “Avesto” haqida ham qimmatli maʼlumotlar keltirilgan. Asarda shuningdek eronliklar, xorazmliklar, sugʻdlar, rimliklar, yahudiylar, suriyaliklar nasroniylar, musulmonlarning marosim kunlari, hayitlariga oid maʼlumotlar ham keltirilgan. Bular orasida Navroʻz haqida aytilgan gaplar diqqatga sazovordir. Beruniy dunyoviy ishlar uchun moʻljallangan hayitlar va diniy hayitlarni farq qiladi. Navroʻz dunyoviy ishlar moʻljallangan hayitlarning birinchisidir. Asarning oxirgi bobi oy manzillari xususidadir.

Beruniy Xorazm haqida tarixiy asar ham yozadi. U “Xorazmning mashhur zotlari” deb ataladi. Ammo bu asarning qoʻlyozma nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Olim Gʻazna shahrida bir asar yaratadi. Asarning toʻla nomi “Aholi yashaydigan joylar orasidagi masofalarni aniqlash uchun oʻrinlarning chegaralarini belgilash”. Buni qisqartirib fanda “Geodeziya” deyilgan. Asarning kirish qismida Beruniy koʻnglidagi eng ezgu fikrlari, dardu hasratlarini bayon qiladi. Asarda harakatsiz yulduzlar va Quyosh orqali shaharlarning joylashgan, kengliklarini aniqlash usulini batafsil bayon qilingan. Beruniy hisoblagan meridian uzunligi 110275 km deb yozadi. Bulgakovning taʼkidlashicha, bu hozirgi hisobdan faqat 620 km farq qiladi xolos. Bu asar geologiya, geografiya, geodeziya va Yer haqidagi boshqa fanlar taraqqiyotiga muhim hissa boʻladi.

Beruniyning Hindiston tarixiga doir asari shu kunga qodir oʻz qimmatini saqlab kelmoqda. Kitobning dastlabki oʻn ikki bobi ( birinchi bobdan to oʻn ikkinchi bobga qadar) hindlarning tangri, dunyo va oxirat toʻgʻrisidagi tushunchalariga bagʻishlanadi. Bu boblarda hindlarning aqliy va hissiy narsalar, jon va uning moddaga aloqasi, ruhlar, mahshar va Jannat toʻgʻrisidagi tasavvurlari : diniy yoʻl-yoʻriqlari, sanamlar, diniy kitoblari, toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Oʻn uchinchi bob sheʼr va grammatikaga bagʻishlanadi. Oʻn toʻrtinchi bobda ilmiy kitoblar haqida soʻz yuritadi.

Hindlarda astronomiya rivoj topgan. Ammo uni ilmi nujum bilan qoʻshib yuborganlar. Tabobat ham astronomiya qadar qadrlangan. Tibga oid kitoblar ichida eng moʻtabari “Charaki” kitobidir. Asarning oʻn oltinchi bobida hindlarning oʻlchov asboblari haqida qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan. Keyingi bobda esa hind yozuvi toʻgʻrisida, aniq maʼlumot beradi. Beruniyning yozishicha, hindlar oldin terida yozishmaganligini aytadi.Ular uzunligi bir gaz eni uch barmoq keladigan yaproqlarga xat yozishganligini aytib oʻtadi. Bu xurmo va narjil daraxtlariga oʻxshash boʻyi uzun , mevali bir daraxtning yaproqlaridir. Mamlakatning shimoliy va oʻrta qismida yashovchi hindlar toʻz nomli daraxt poʻstlogʻida yozganlar.Eng qadimiy hind yozuvlari unutilib ketgan. Hind yozuvi yunonlardagi singari chapdan oʻngga qarab yoziladi. Hindlarning mashhur xatlari siddha matrika deb ataladi. Uni Kashmir xati ham deydilar.Turli rayonlarda oʻsha yozuvning boshqacha shakllari ishlatiladi. Son belgilari ham turlicha boʻlib, ularni anka deb deyiladi. Bundan tashqari olim asarda hindlarning geografik joylashuvi , okean va daryolari, yirik shahar, qishloqlari, hayvonot dunyosi, oʻsimligi, tabiati, iqlimi, urf –odatlari, marosimlari, dini, bayramlari haqida soʻz yuritadi. Ushbu qomusiy asar oʻzining qimmatli maʼlumotlari bilan jahon olimlarining nigohida turibdi.

Beruniy Sharq va Gʻarb olimlarining diqqat-eʼtiborini oʻziga jalb eta oldi, uning ilmiy dahosi yuksak baholandi. Masalan ,XI asr tarixchisi Abulfazl Bayhaqiy Yevropa olimlaridan Zahau, Rozen, Sarton, Karrado-Bon va boshqalar Beruniyni yuksak baholaydi. Karrado-Bon uni Leonardo da Vinchi bilan qoʻyadi. Hind olimi Hamid Raza Beruniyni Hindiston tarixini yoritgan tengi yoʻq olim sifatida taʼriflaydi. Ushbu taʼriflardan koʻrinib turibdiki, Beruniyning ilmiy merosi jahon jahon sivilizatsiyasiga katta taʼsir oʻtkazganini koʻrishimiz mumkin.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Aziz Qayumov “Abu Rayhon Beruniy” Toshkent “Yosh gvardiya” nashriyoti -1987 yil
  2. Natan Mallayev “ Oʻzbek adabiyoti tarixi “ Toshkent “Kafolat print company” nashriyoti – 2021 yil
  3. Nasimxon Rahmonov “Oʻzbek adabiyoti tarixi” Toshkent “Sano- standart nashriyoti -2017
Bahora RAHIMOVA,
Namangan davlat universitetining 1-kurs magistranti

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …