XV asrning oxiri va XVI asr oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili – buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, isteʼdodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Fargʻona viloyati hokimi Umarshayx oilasida dunyoga keldi. Umarshayx Movarounnahr hokimi Abusaid Mirzoning oʻgʻli boʻlib, 1455 yilda Samarqandda tugʻilgan, 1494 yili Axsida hayotdan koʻz yumgan.
Bobur juda qobiliyatli boʻlib, bolaligidan oʻqituvchi va murabbiylarning har bir oʻgitini tezda ilgʻab olardi. Asosiy ustozi Xoja Mavlono Qozi boʻlgan. Bobur ayniqsa tarix, ilmi harb, musiqa va adabiyotga qattiq qiziqardi. Oʻqishdan boʻsh vaqtlarida harbiy mashqlar va ov qilish sirlarini oʻzlashtirish bilan astoydil shugʻullanar edi.
Mirzo Boburning xalqchil boʻlish, navkarlar bilan hamnafas boʻlish, barcha qiyinchiligu xursandliklarni baham koʻrish kabi xislatlari bobokalonini eslatardi. Mirzo Boburning toʻrt oʻgʻli va uch qizi boʻlib, ularining uchtasi – Muhammad Humoyun, Komron Mirzo va Gulbadanbegim shoirlik va adiblikni otasidan meros olgan[1].
Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining sermazmun va barakali ijodi bilan jahon adabiyoti va madaniyati xazinasiga ulkan hissa koʻshgan buyuk siymolardan biridir. Maʼlumki, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida temuriylar davri madaniyati alohida ajralib turadi. Oʻsha kezlari ilm-fan va madaniyatning turli jabhalari yuksak pogʻonaga koʻtarildi. Aynan shu davrda Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy kabi haqikiy ilm daholari, Sharafuddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy singari shuhrati jahonga taralgan olimlar, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Alisher Navoiydek ulugʻ shoirlar yetishib, samarali ijod qilgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning sertashvish hayoti va joʻshqin faoliyati siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan inqirozga uchrab, tanazzulga yuz tutayotgan temuriylar saltanatining soʻnggi davriga toʻgʻri kelgan edi.
Otasining vafotidan keyin 12 yashar Bobur Fargʻona hokimiyatini boshqara boshlaydi. Bu vaqtda temuriylar saltanatining anchagina qismi Shayboniyxon tasarrufiga oʻtgan edi. Bobur Movarounnahr feodal hokimlarining oʻzaro kurashlari natijasida parchalanib ketgan davlatni qaytadan tiklash vazifasini oʻz oldiga eng muhim siyosiy maqsadlardan biri qilib qoʻyadi. 1495-1496 yillarda Bobur Samarqandni ishgʻol qiladi. Shu asnoda ukasi Jahongir Mirzo va togʻasi Ali Doʻst fitna uyushtirib, Andijonni oʻz qoʻliga oladi. Bobur Samarqandni tark etib, Andijon tomon yurishga majbur boʻladi va ikki yillik sarson-sargardonliklardan soʻnggina ota yurtini qaytarib olishga muvaffaq boʻladi.
Bobur yana Samarqandga yurish qiladi, lekin 1499-1500 yillari shayboniylar bilan janglarda magʻlubiyatga uchrab, Toshkentga chekinishga majbur boʻladi. 1501-1502 yillarda goh Jizzax, goh Oʻratepa, goh Toshkent, goh Xoʻjand atroflarida sargardon boʻladi. 1502-1503 yillarda Oʻsh va uning atroflarini egallab oladi, ammo Ahmad Tanbaldan yengiladi. Togʻasi Sulton Mahmudxon Toshkentdan kelib, Andijonni egallaydi. Shunda u Sulton Mahmudxon huzurida toʻrt oy yashaydi.
1503-1504 yillarda Shayboniyxon Andijonni bosib olgach, Bobur Hirotga borib, biroz kuch toʻplaydi, Kobulga yurish qiladi va uni egallaydi.
1507 yili Shayboniyxon Hirotni ham bosib olgach, Kobulda oʻzini podshoh deb eʼlon qiladi. Boburga oʻz yurtiga qaytib, uni Shayboniyxon qoʻlidan qaytarib olish uchun katta kuch kerak edi. Bunga esa kichik-kichik hukmdorliklarga boʻlinib, oʻzaro qirgʻin-barot urushlar olib borayotgan Hindistonni bosib olib, uni yagona hokimiyat ostida birlashtirish orqali erishish mumkinligini his qiladi[2].
Shu tariqa Bobur 1519 yildan Hindistonni zabt etishga kirishadi. Nihoyat, 1526 yilning bahorida podshoh Sulton Ibrohim Loʻdiy ustidan gʻalaba qozonib, Hindistonda boburiylar sulolasiga asos soladi.
Bobur oʻz xalqi, ona Vatanning shonu-shuhrati, kelajak avlod, jumladan, oʻz farzandlarining munosib avlod boʻlib yetishishi uchun jon fido qilib, uzoq safarlarda, begona yurtlarda boʻlganida oʻz yurtiyu va elini hech unutmaydi. Uning oʻz taʼbiri bilan aytganda, kelajak avlod sogʻlom va jasoratli boʻlishi lozim edi. Katta oʻgʻli Xumoyunning sogʻayishi uchun oʻz jonini berishga tayyor boʻladi. Tabiblarning davolash harakatlari foyda bermay, oʻgʻlining dardi ogʻirlashavergach, shunday yoʻl tutishni afzal koʻradi. Allohga sidqidildan murojaat etib, Humoyunning oʻrniga mening jonimni ol, oʻgʻlim hali yosh, u yashashi kerak, deydi. Shunda oʻgʻli sogʻayib ketadi va oʻzining ahvoli ogʻirlasha borib, ikki oy yotib qoladi[3] va 1530 yilning 26 dekabrida vafot etadi. Bobur dastlab Jamna daryosining chap sohilidagi Nurafshon bogʻining markaziy qismiga dafn etiladi. 1533 yilda vasiyatiga binoan, xoki Kobulga, “Bogʻi Bobur”ga koʻchiriladi.
Boburning asosiy maqsadlaridan biri yagona markazlashgan davlat barpo etish, mamlakatni obod qilib, ezgu niyatlarni roʻyobga chiqarishdan iborat edi. Bu Hindistonda amalga oshdi. Uch asrdan ziyod vaqt davomida barqaror boʻlgan va Hindiston tarixida muhim rol oʻynagan markazlashgan davlatning vujudga kelishi, albatta, Bobur nomi bilan chambarchas bogʻliqdir. Oʻz vaqtida Javoharlaʼl Neru Bobur shaxsiyati haqida bunday iliq soʻzlarni aytgan: “Bobur eng donishmand va dilbar shaxslardan biri edi. Unda mazhabiy taassubdan, qoloqlik va qisqa fikrlilikdan asar ham yoʻq edi. U boshqa hokimlar kabi vayron qilish, xarob etish yoʻlidan bormadi. Bobur sanʼat va adabiyotni qoʻllab-quvvatlagan kishilardandir”[4].
Buyuk hind davlat arbobining bunday haroratli soʻzlari Hindistondagi Bobur va uning avlodlari faoliyatiga berilgan haqqoniy baho boʻlish bilan birga, boburiylarning mamlakat tarixida tutgan oʻrni va rolini ham xolisona belgilab beradi.
Zahiriddin Muhammad Bobur vafotidan soʻng Hindistonni uning toʻngʻich oʻgʻli Humoyun Mirzo (1531-1556), soʻng uning oʻgʻli Akbarshoh (1556-1605). boshqaradi. Uning hukmronligi davrida Hindiston iqtisodiy va madaniy jihatdan eng yuksak darajada rivojlangan mamlakatga aylanadi.
Akbarshohdan keyin mamlakatni Jahongir Mirzo (1605-1687), keyin uning oʻgʻli Shoh Jahon (1628-1658) idora etib, ota-bobolarining ishlarini davom ettiradi. Bu davr Hindistonda ilm-fan va madaniyat yuksalishi, oʻlmas arxitektura obidalari bunyod etilishi bilan xarakterlidir.
Adabiyot va tarix, musiqa va sanʼatdan yaxshi xabardor boʻlgan, diniy taʼlimotga chin ixlos qoʻygan Bobur imkon topildi deguncha olimu fozillar davrasida boʻlar, ijod ahliga, noyob kasb-hunar sohiblariga samimiy ehtirom koʻrsatib, homiylik qilar, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib turardi. Chunki oʻzi Bobur tabiatan ijodkor edi. Yigitlik yillaridan umrining oxirigacha samarali ijod bilan shugʻullandi, hech bir ogʻir sharoit va vaziyatda ham ijoddan toʻxtamadi, natijada har jihatdan muhim boy ilmiy va adabiy meros qoldirdi.
Bobur 18-19 yoshlarida ruboiy va gʻazallar yoza boshlagan. “Topmadim” radifli gʻazali va “Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi oʻsha yillardagi hayoti bilan bogʻliq.
Hindiston yurishlari davrida Bobur “Mubayyin” asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bagʻishlangan bu asar 2258 baytdan tashkil topgan. Valiahd Humoyun va Komron Mirzoga dasturulamal sifatida moʻljallangan “Mubayyin”da imon, namoz, roʻza, zakot va hajga oid sharʼiy mezonlar ham bayon qilingan. Asarning ayni paytga qadar topilgan 8 ta qoʻlyozmasi mavjud boʻlib, ular asosida qator ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, S.Hasanov (2000), T.Seyhan (2004), H.Hasanov (2011) kabi olimlar tomonidan oʻzbek va turk tillaridagi nashrlari eʼlon qilingan.
Bobur Allohning kalomi boʻlgan Qurʼoni karim izmiga chin musulmon sifatida qatʼiy amal qilib, har qadamida buyuk murabbiy Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning sunnatlarini oʻziga dasturulamal bilgan shariatpanoh shoh boʻlgan.
Bobur qalamiga mansub “Xatti Boburiy”, shuningdek, musiqa sanʼati va ilmi harbga bagʻishlangan qator risolalari ham boʻlgan. Ammo keyingi asarlar matnlari hanuz topilgan emas. “Xatti Boburiy”da muallif arab alifbosini tahrir qilib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish maqsadida uni turkiy til va talaffuz mezonlariga moslashtirgan.
Xulosa qilib aytganda Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz davrining buyuk shoiri, iqtidorli sarkardasi, tarixchi va din peshvosi sifatida tanilgan ulugʻ siymolardan biri boʻlgan. Uning hayoti va ilmiy merosi bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.