Malayziya Milliy universiteti qoshidagi Islom sivilizatsiyasi institutining Internet tarmogʻidagi veb-saytida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Kamola Hasanovaning “Muqaddas kitobga mufassal sharh” nomli maqolasi eʼlon qilindi.
Maqola Imom Buxoriyning yaqinda oʻzbek tilida chop etilgan “Sahihi Buxoriy” asari sharhi kitobi haqida boʻlib, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi hamda poytaxtda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilishi tarixi, ular faoliyatining maqsad va vazifalari bayoni bilan boshlangan. Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis Imom Buxoriy maqbarasini obodonlashtirish hamda ziyoratgohini qayta tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tilga olingan.
“Yangi nashrda “Sahih al-Buxoriy”ning toʻliq va batafsil izohiga eʼtibor qaratilgan boʻlib, ayrim hadislarga berilgan sharhlar yuz sahifaga yetgan. Bu taqriz muhaddislar sultoni hayoti va faoliyatini, uning eng ishonchli hadislar toʻplamini har tomonlama oʻqish va oʻrganish, shuningdek, u haqida batafsil tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Uni yaratishda yuzlab qoʻlyozmalar, toshbosma va zamonaviy manbalardan foydalanilgan” deyiladi maqolada. Aynan shu mazmundagi maqolani Turkiyaning SAHIPKIRAN strategik tadqiqotlar markazi veb-sayti ham chop etdi. 2012 yilda Anqarada tashkil etilgan markaz ichki va tashqi muammolar hamda ularning yechimlari ustida ish olib borib, qator xalqaro loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Mazkur markazning axborot resursi ushbu kitob haqida maqola eʼlon qilgan beshinchi xorijiy nashr hisoblanadi.