Home / ALLOMALAR / IBN SINONING ISLOM SIVILIZATSIYASIGA QOʻSHGAN HISSASI

IBN SINONING ISLOM SIVILIZATSIYASIGA QOʻSHGAN HISSASI

Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini oʻrta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Ali ibn Sino boʻlib, u Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhurdir. Ibn Sino (asl ismi Husayn, otasining ismi Abdulloh) Buxoroning Afshona qishlogʻida hijriy 370 (980) yilning safar oyida, amaldor oilasida tugʻildi. 986 yilda ibn Sino oilasi Buxoroga koʻchib keladi va shu vaqtdan boshlab yosh Husayn boshlangʻich maʼlumot olishga, ilm-fanni oʻrganishga kirishadi. Uning yoshligi, yigitlik chogʻlari somoniylar hukmronligining soʻnggi yillariga, xususan Nuh II ibn Mansur Somoniy hukmronligi davri (976–997) ga toʻgʻri keladi[1].

Ibn Sino isteʼdodli, xotirasi kuchli, zehni oʻtkir boʻlganligidan oʻz davrida maʼlum boʻlgan ilmlarni tezda egallay boshladi. 10 yoshidayoq Qurʼoni Karimni boshdan-oyoq yod oʻqir edi. 13 yoshlaridan boshlangʻich matematika, mantiq, fiqh, falsafa ilmlari bilan shugʻullana boshlaydi. Ibn Sino yosh boʻlishiga qaramay, Abu Abdulloh Notiliy rahbarligida falsafani, Hasan ibn Nuh al-Qumriydan tibbiyot ilmini har tomonlama oʻrganadi, asta-sekin tabiblik bilan ham shugʻullanadi. U oʻzidan avval oʻtgan Sharq mutafakkirlarining asarlarini chuqur oʻrganish bilan birga, qadimgi yunon tabiiy-ilmiy, falsafiy merosini, xususan Aristotel, Yevklid, Ptolemey, Galen, Gippokrat, Pifagor, Porfiriylarning asarlarini ham qunt bilan oʻrgandi[2]. 16–17 yoshidayoq ibn Sino mashhur tabib – hakim boʻlib tanildi. 999- yilda Buxoro Qoraxoniylar tomonidan zabt etilgach, Somoniylar hokimiyati inqirozga uchradi. 1000 yilda Ibn Sino Buxorodan chiqib ketdi va madaniyat markazlaridan biri hisoblangan Xorazmga bordi, u yerda Xorazm hokimi Ali ibn Maʼmun saroyidagi olimlarni birlashtirgan oʻz zamonasining akademiyasiga qabul qilindi. Ibn Sino, Beruniy, ibn Musovayh, Abu Sahl Masihiy, Abulxayr Hammor, Abu Nasr ibn Iroq kabi yetuk olimlar bilan yaqindan tanishdi. Lekin bu davrda kuchayib borayotgan Mahmud Gʻaznaviyning taʼqibidan qochib, Xorazmni tashlab ketishga va Xuroson, Eronning turli shaharlarida sarson-sargardonlikda yurishga majbur boʻldi. Abivard, Tus, Nishopur shaharlari orqali Jurjon shahriga kelgan ibn Sino hokim Qobus ibn Vashmgir saroyida mashhur tabib sifatida yashadi, boʻlajak shogirdi Juzjoniy bilan tanishdi.

1019–1021 yillarda Hamadonda vazir lavozimida xizmat qilarkan, hokim bilan kelisha olmay, 4 oy qamoqda yotib chiqdi. 1023 yilda Isfahonga qochdi va bugun umrini ilmiy asarlar yozishga bagʻishladi. Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fit-tibb”, “Kitob un-najot”, “Kitob ul-insof” kabi mashhur asarlari, geometriya, astronomiya, oʻsimlik, hayvonot olami, mantiqqa oid risolalari, “Hayy ibn Yaqzon” falsafiy qissasi soʻngi yillarda yozilgan. U Isfahonda rasadxona qurish bilan mashgʻul boʻldi. Umrining soʻnggi yillarida feodal urushlar kuchayib ketganligi, ijtimoiy-siyosiy hayotda oʻzi ham faol qatnashganligi tufayli u Isfahon, Ray, Hamadon shaharlari orasida sarson-sargardonlikda yurib, 1037 yil 18 iyunda Isfahon shahrida 57 yoshida qulunj kasalligidan vafot etdi[3].

Ibn Sinoning hayot yoʻli oʻzi yozgan tarjimai holi va shogirdi Juzjoniy tomonidan qoldirilgan manbalardan maʼlum. Ibn Sinoning ilmiy qiziqishlari, dunyoqarashining shakllanishida qadimgi Sharq madaniyati, yunon ilmi, falsafasi, Markaziy Osiyo xalqlarining mustaqillik uchun olib borgan kurashlari muhim rol oʻynadi. Ibn Sino tarjimai holida Forobiyning “Metafizika maqsadlari”, “Fusus ul-hikam” kabi muhim risolalarini qunt bilan oʻrganganligi, ulardan keng foydalanganligini taʼkidlab oʻtadi.

Ibn Sino asarlarining umumiy soni 450 dan oshadi, lekin bizgacha faqat 160 ga yaqin asari yetib kelgan, xolos. Koʻp risolalari shaharma-shahar koʻchib yurish, feodal urushlari, saroy toʻpolonlari, turli falokatlar tufayli yoʻqolib ketgan. Koʻp manbalarda Ibn Sino avvalo tabib sifatida talqin etiladi, holbuki tabobat uning ilmiy sohalari orasida eng muhimlaridan biridir, xolos. Ibn Sino asarlarining asosiy qismi Yaqin va Oʻrta Sharqning oʻsha davr ilmiy tili hisoblangan arab tilida, baʼzilari fors tilida yozilgan. Uning bizga maʼlum boʻlgan katta asari “Kitob ush-shifo” (“Shifo kitobi”) 22 jilddan iborat boʻlib, 4 ta katta boʻlimini mantiq, fizika, matematika, metafizikaga doir masalalar egallagan. Uning ayrim qismlari lotin tiliga, Yevropadagi boshqa tillarga, Sharq tillariga, shuningdek, rus, oʻzbek tillariga tarjima qilingan. 20 jilddan iborat boʻlgan “Kitob ul-insof” (“Insof kitobi”) bizgacha yetib kelmagan, chunki u Isfahondagi yongʻinda yoʻqolgan. “Kitob un-najot” (“Najot kitobi”) 4 katta qismdan – mantiq, fizika, matematika, metafizikadan iborat, “Kitob lison ul-arab” (“Arab tili kitobi”) 10 jildni tashkil etadi[4]. “Donishnoma” fors tilida yozilgan boʻlib, 4 qismni – mantiq, fizika, matematika, metafizikani oʻz ichiga oladi.

Ibn Sino asarlari oʻrta asrlarda Yevropada ilmiy til hisoblangan lotin tiliga, u orqali Yevropaning boshqa tillariga tarjima etilgan. Ibn Sino ilmiy risolalardan tashqari, chuqur falsafiy mazmunli badiiy obrazlar va maʼlum voqealar orqali ifoda etuvchi “Tayr qissasi”, “Salomon va Ibsol”, “Hayy ibn Yaqzon” kabi falsafiy qissalar yaratgan.

Ibn Sino zamonasining yetuk shoiri ham boʻlgan. U Sharq, xususan, fors poeziyasida ruboiy janrining asoschilaridan biri boʻlib, ruboiylari oʻzida chuqur falsafiy xulosalarni ifodalaydi. Ibn Sino arabcha qitʼalar ham yozgan (Uning sheʼriy merosi qisman rus va oʻzbek tillarida nashr etilgan). Ibn Sino tabobat masalalarini ommabop holda nazm bilan izohlovchi “Urjuza” nomli tibbiy asar yaratdi. Uning Aristotel (Arastu) taʼlimoti xususida Abu Rayhon Beruniy bilan va oʻzining shogirdi – ozarbayjonlik mutafakkir Baxmanyor bilan yozishmalari fan olamida mashhur. Ayniqsa, tabobat, u bilan bogʻliq holda anatomiya, psixologiya, farmakologiya, terapiya, xirurgiya, diagnostika, gigiyena kabi ilmlar ibn Sino ijodida bir qancha yangi ixtirolar bilan boyidi va yangi bosqichga koʻtarildi. Bulardan tashqari, kimyo, mineralogiya, astronomiya, matematika, oʻsimlik dunyosi, geologik jarayonlarni oʻrganish sohasida ham u yangi-yangi fikrlarni olgʻa sura oldi. Ibn Sinoning tibbiyot sohasidagi asarlaridan “Kitob al-qonun fit-tibb” (“Tib qonunlari”), “Kitob ul-qulanj” (“Ichak sanchiqlari”), “Kitob un-nabz” (“Tomir koʻrish haqida kitob”), “Fuj ul-tibbiya joria fi majlisih” (“Tib haqida hikmatli soʻzlar”), “Tadbir ul-manzil” (“Turar joyning tuzilishi”), “Fil-hindubo” (“Sachratqi oʻsimligi haqida”), “Risola fi-dastur fit-tibbiy” (“Tibbiy koʻrsatmalar haqida”) kabi asarlari mavjud. Uning tibbiyotga oid qomusiy asari “Kitob al-qonun fit-tibb” 5 mustaqil katta asardan tarkib topgan: ularning har biri maʼlum sohani izchil, har tomonlama yoritib beradi.

Birinchi kitobda tibbiyotning nazariy asoslari, uning predmeti, vazifalari, boʻlim va metodlari, kasallikning kelib chiqish sabablari, belgilari, sogʻliqni saqlash yoʻllari, kishi anatomiyasi haqida mazmundor, aniqligi bilan kishini taajjubda qoldiruvchi qisqacha ocherk, sogʻliqni qanday saqlash kerakligi haqidagi taʼlimot (keyinchalik gigiyena deb nomlangan) bayon etiladi.

“Qonun”ning bu kitobini hozirgi zamon ichki kasalliklar propedevtikasi darsligiga tenglashtirish mumkin. “Qonun”ning oddiy dorilarga bagʻishlangan ikkinchi kitobida 800 ga yaqin dorining xususiyatlari, ularni tayyorlash va isteʼmol qilish usullari bayon etilgan. Ibn Sino simob, uning birikmalarini dori qilib ishlatishni birinchi boʻlib tavsiya etadi. Uchinchi kitobda ayrim organlar (hatto soch, tirnoqlar)ning kasalliklari, ularni davolash usullari bayon etiladi, uni maxsus patologiya darsligi deb atasa ham boʻladi. Bu kitobda bosh miya, nerv, koʻz, quloq, burun, tomoq, qorin, tish, yurak, jigar, buyrak kasalliklari batafsil tahlil qilinadi. “Qonun”ning toʻrtinchi kitobi organizmning umumiy kasalliklariga bagʻishlangan. Unda isitmalar, oʻsmalar, ularning sababi, xirurgik kasalliklar (suyak sinishi, chiqishi, jarohatlanish) va ularni davolash usullari har xil dorilardan zaharlanish va bunda koʻriladigan choralar toʻgʻrisida maʼlumot beriladi. Chechak, qizamiq, moxov, toun, vabo va boshqa yuqumli kasalliklar tasvir etiladi. “Qonun”ning beshinchi kitobida murakkab dorilarning organizmga taʼsiri, ularni tayyorlash, isteʼmol qilish usullari bayon qilingan. Bu kitob dorishunoslik ilmiga – farmakologiyaga bagʻishlangan.

Tibbiyotning asosiy vazifasi, uning taʼbiricha, “inson sogʻligʻini saqlash, agar kasallik paydo boʻlgan boʻlsa, bu kasallikni keltirib chiqargan sabablarni aniqlash va ularni yoʻqotish orqali sogʻliqni tiklashdan iborat”. Ibn Sino fikricha, tib ilmida nazariy bilimlar va amaliyot oʻzaro bogʻliq boʻlishi, bir-biriga asoslanmogʻi zarur, aks holda u rivoj topmaydi, oʻz maqsadiga erisha olmaydi. “Tib ilmi avvalo ikki qismga – nazariy va amaliy qismlarga boʻlinadi. Nazariya deb ataluvchi qismi tabiblarning fikrlarini ifoda qilib, maxsus amaliya deb ataladigan qismi tadbir va amalning qanday boʻlishi kerakligini oʻrgatadi. Tibning amaliy qismi ikkiga boʻlinadi. Birinchi qismi sogʻlom tanlarning tadbirini bilish: bu sogʻliqni saqlashga taalluqli boʻlgani uchun sogʻliqni saqlash ilmi deb ataladi. Ikkinchi qismi – kasal tanning tadbirini bilish boʻlib, sogʻlom holatga qaytarish yoʻllarini koʻrsatadi, bu davolash ilmi deb ataladi”. Ibn Sino kasallikni oʻrganishda obyektiv sharoitni har tomonlama bilishga katta ahamiyat berdi, muhitdagi turli tabiiy narsalar, suv, havo orqali kasallik tarqatuvchi koʻzga koʻrinmaydigan “mayda hayvonotlar” haqidagi fikrni olgʻa surdi[5].

“Qonun” 800 yil davomida hakimlar uchun asosiy qoʻllanma boʻlib keldi. Oʻrta asrlarda “Qonun” Sharqdagina emas, balki Gʻarb mamlakatlarining universitetlarida ham talabalar uchun tibbiyotdan yagona qoʻllanma edi.

Ibn Sinoning “Kitob ush-shifo” asarida turli tibbiyot imlariga: botanika, geologiya, mineralogiya, astronomiya, matematika, kimyoga oid koʻp maʼlumotlar keltiriladi[6]. Uning togʻlarning vujudga kelishi, yer yuzasining davrlar oʻtishi bilan oʻzgarib borishi, zilzilaning sabablari kabi turli jarayonlar haqidagi fikrlari keyinchalik geologiya ilmining mustaqil ravishda rivoj topishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Ayrim joylarning bir vaqtlar dengiz boʻlganligi, shu sababli qattiq qatlamlarda turli dengiz hayvonlarining izlari saqlanib qolganligi haqida ham turli misollar asosida fikr yuritiladi; meteoritlar, vulqonlar haqida maʼlumotlar keltiriladi. Mineralogiya ilmining rivojida ham ibn Sinoning xizmati katta. U minerallarni 4 guruhga ajratadi: 1) toshlar; 2) eriydigan jism (metal)lar; 3) oltingugurtli yonuvchi jismlar; 4) tuzlar.

Kimyoda ham ibn Sino zamonasining bilimlarini umumlashtirishga harakat qilib, turli asarlar yozdi, tajribalar oʻtkazdi. Xususan, uning organik kimyo sohasidagi fikrlari keyingi davr mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. U oddiy metallni qimmatli metallga aylantirish ustida fikr yurituvchi alximiklarni tanqid qildi. Ibn Sino astronomiya sohasida Ptolemeyning geosentrik nazariyasidan tashqariga chiqmagan boʻlsa-da, tabiiy hodisalarning ichki sababiy bogʻlanishini aniqlashga harakat qildi, inson hayoti va ijtimoiy hodisalarni osmon jismlari harakati, holatiga bogʻlovchi astrologiyaga shubha bilan qaradi, turli tajribalar oʻtkazish uchun yangi astronomik asbob yaratish, botanikada turli oʻsimliklarning tabiiy xususiyatlarini oʻrganish, ilmiy terminologiya yaratish sohasida ish olib bordi[7].

Ibn Sino dunyoqarashi Forobiy asarlari taʼsirida shakllandi, u ijtimoiy-falsafiy masalalarda Forobiy qarashlarini davom ettirdi, ilgʻor falsafiy oqimni yangi tabiiy-ilmiy fikrlar bilan boyitib sistemalashtirdi va yangi bosqichga koʻtardi. Ibn Sino fikricha, falsafaning vazifasiga mavjudotni – barcha mavjud narsalarni, ularning kelib chiqishi, tartibi, oʻzaro munosabati, biridan ikkinchisiga oʻtishini har tomonlama tekshirish uchun zaruriyat, imkoniyat, voqelik, sababiyat prinsiplarini asos qilib oladi. Olam – barcha mavjud narsalar ikkiga boʻlinadi: zaruriy vujud (vujudi vojib) va imkoniy vujud (vujudi mumkin). Zaruriy vujud hech narsaga bogʻliq boʻlmagan bir butunlikni tashkil etib, u eng irodali, qudratli, dono Tangridir. Qolgan hamma narsalar imkoniy tarzda mavjud boʻlib, zaruriy vujud – Tangridan kelib chiqadi. Vujudi vojib va vujudi mumkin – sabab va oqibat munosabatidadir. Bu jarayon emanatsiya tarzida, yaʼni quyoshdan chiqayotgan nur shaklida asta-sekin amalga oshadi. Shu tartibda imkoniyat shaklidagi mavjud boʻlgan aql, jon (nafs) va jism, ular bilan bogʻliq holda osmon sferalari kelib chiqadi, mavjud narsalarga aylanadi. Bular hammasi substansiya (javhar)dir. Bundan tashqari borliqda aksidensiya (obraz) – narsalarning belgilari, rang, hajmi, hidi va boshqa hislari mavjud. Jism shakl va modda (xayulo)dan tashkil topadi. Xudo abadiy, uning oqibati boʻlmish materiya ham abadiydir. Uning oʻzi boshqa konkret jismlarning asosidir. Narsalarning konkret koʻrinishlari, shakllari oʻzgaradi, lekin ularning moddiy asosi yoʻqolmaydi. Materiya doim vujudga kelishi mumkin boʻlgan narsalardan avval mavjud boʻlib, bu narsalar ularni tashkil etuvchi materiyaga muhtojdir. Materiyaning eng sodda, boʻlaklarga boʻlinmaydigan shakli toʻrt unsur: havo, olov, suv, tuproqdan iborat. Ularning turlicha oʻzaro birikuvi natijasida murakkab moddiy narsalar tashkil topadi. Murakkab narsalar oʻzgarib, turli shakllarga ega boʻlishi mumkin, lekin ularning moddiy asosi boʻlgan toʻrt unsur yoʻqolmaydi, abadiy saqlanadi. Uning fikricha, avval togʻ-toshlar, soʻng oʻsimlik, hayvonot va taraqqiyotning yakuni sifatida inson vujudga kelgan. Inson boshqa barcha hayvonot olamidan soʻzi, tili va aqli, tafakkur qilishi bilan farq qiladi.

Real hodisalarni chuqur bilish, fan bilan shugʻullanish insongagina xosdir. Ibn Sino “Risolatun fi taqsim al-mavjudot” asarida butun borliqni tarkibiy qismlarga boʻlib, birma-bir sanaydi va ularga taʼrif berib oʻtadi. Vujudi vojib, vujudi mumkin, substansiya, aksidensiya, materiya, shakl, aql, unsur, jism, quvvat, sezish, mineral, hayvon, nutq, lison kabi kategoriyalar bu risolada qisqacha taʼriflanadi.[8]

Inson bilimlari narsalarni bilish yordamida vujudga keladi. Bilish hissiy bilish va tushunchalar yordamida fikrlashdan tashkil topadi. “Sezish, – deb yozgan u, – bu shunday taʼsirki, u tashqi narsalarning oʻzi boʻlmay, balki bizning hislarimizda vujudga keladi. His moddiy obrazning oynasi boʻlib, moddiy shakllarning boʻyi, eni bilan birga ifodalanganligi sababli, ularni inson moddiy asossiz inʼikos eta olmaydi va jismlarni bilolmaydi”.

Inson aqli turli fanlarni oʻrganish yordamida boyiydi, rivoj topadi. Bunda, xususan, u mantiq ilmiga katta eʼtibor beradi. Aql har qanday bilishning va amaliy faoliyatning mezoni sifatida talqin etiladi. “(Aql) tarozisida oʻlchanmagan har qanday bilim, – deb yozadi ibn Sino, – chin boʻlolmaydi, demak, u haqiqiy bilim emas”. Oʻrta asrda Yaqin va Oʻrta Sharq, jumladan, Markaziy Osiyo falsafasida aql nazariyasi juda muhim oʻrin egallaydi.

Ibn Sino ijodida fanning strukturasini tekshirish, ilmlarning tartibni aniqlash, ularni tasnif qilishga eʼtibor alohida oʻrin egallaydi. Bu masalada ham olim Forobiy boshlab bergan fanlar tasnifi haqidagi masalani yanada taraqqiy ettirishga harakat qiladi. Ibn Sinoning falsafiy sistemasini ifodalovchi asarlarida (“Kitob ush-shifo”, “Kitob un-najot”, “Donishnoma”) falsafiy bilimlar: mantiq, fizika, matematika, metafizika tartibida beriladi. Bulardan mantiq – bilishning metodi, mavjudotni oʻrganish, u haqda fikr yuritishning ilmiy usuli sifatida talqin etiladi. “Mantiq, – deb yozadi ibn Sino, – insonga shunday bir qoida beradiki, bu qoida yordamida inson xulosa chiqarishda xatolardan saqlanadi”[9]. Mantiq yordamida inson haqiqiy bilimni yolgʻondan ajratadi va nomaʼlum narsalarni oʻrganadi[10]. U mantiq ilmini tadqiq etishga katta eʼtibor beradi, unga maxsus risolalar bagʻishlaydi. Xususan, u mantiqiy usullar, taʼriflash, hukm, xulosa chiqarish, isbotlash masalalarini oʻrganishga katta hissa qoʻshdi, mantiq fanini Forobiydan soʻng bilishning toʻgʻri metodi sifatida rivojlantirdi. Mantiqdan tashqari barcha qolgan ilmlarni ibn Sino tabiat va ijtimoiy hodisalar haqidagi ilmlar sifatida oʻzining “Aqsom ul-ulum ul-aqliya” (“Aqliy bilimlar tasnifi”) asarida alohida-alohida sanab, taʼrif berib oʻtadi. Ibn Sino falsafiy ilmlarni avvalo ikkiga boʻladi: nazariy va amaliy ilmlar.

Nazariy ilmlar haqiqatni bilishga, amaliy ilmlar yaxshi ishlarni bajarishga qaratilgan. Falsafaning nazariy qismi uchga boʻlinadi: 1) quyi darajadagi ilm, yaʼni tabiatshunoslik; 2) oʻrta darajadagi ilm – matematika; 3) oliy darajadagi ilm – metafizika. Falsafaning amaliy qismi ham uchga boʻlinadi: a) shaxs haqidagi ilm; b) insonning oʻzaro munosabatlari haqidagi ilm; v) davlatni, mamlakatni boshqarish haqidagi ilm. Nazariy-falsafiy ilmlarga kiruvchi har uch turdagi ilmlar asosiy va yordamchi boʻlaklarga ajraladi; tabiatshunoslik ilmlari astrologiya, meditsina, alkimyo kabi yetti xil tarmoqni oʻz ichiga oladi. Matematika esa arifmetika, geometriya, astronomiya, musiqa nomi bilan 4 tarmoqqa boʻlinadi.

Ibn Sino oʻz dunyoqarashida panteistik prinsipga asoslanadi: Tangri va borliq bir-biriga zid, bir-birini inkor etuvchi narsalar emas, aksincha, ular bir butun hodisa mavjudotni tashkil etadi. Abadiylik Tangriga xos. Tangri va tabiat maʼlum pogʻonalar yordamida bogʻlanadi. Uzun va yaxlit zanjirning bir tomonida yaratuvchi Tangri – zaruriy vujud, ikkinchi chekkasida tabiat yotadi.

 Ibn Sino haqiqiy axloqiy fazilatlarga va ideal jamoaga shu mavjud dunyoda erishuv mumkin, jamiyatda insonlar oʻzaro yordam asosida yashashlari kerak deb taʼkidlaydi. Jamiyat kishilarning oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinadigan adolatli qonunlar yordamida boshqarilishi lozimligini taʼkidlaydi. Jamiyat aʼzolarining hammasi bu qonunga itoat etishlari, qonunni buzish va adolatsizlik jazolanishi, basharti podshoning oʻzi adolatsizlikka yoʻl qoʻysa, xalqning unga qarshi qoʻzgʻoloni toʻgʻri va jamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmogʻi lozim.

Ibn Sino oʻzining koʻp tarmoqli mahsuldor ijodi, boy merosi bilan jahon madaniyati taraqqiyotida katta rol oʻynadi. Oʻz ijodi, ilmiy faoliyatida ibn Sino Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlaridagi yuqori madaniy koʻtarinkilik, madaniy “uygʻonish”ning maʼnaviy yutuqlarini mujassamlashtira oldi, bu bilan butun Sharq va Yevropadagi maʼrifat, madaniyat taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatadi. U oʻz davrida Sharq va Yevropada “Shayx ur-rais”, “Olimlar boshligʻi”, “Tabiblar podshohi” kabi eng buyuk nomlarga sazovor boʻldi. Ibn Sino mashhur murabbiy sifatida Abu Ubayd Jurjoniy, Umar Isfahoniy, Muhammad Sheroziy, Ahmad Maʼsuriy, mashhur ozarbayjon mutafakkiri Baxmanyor ibn Marzbon, Yusuf Iyloqiy, ajoyib olim va shoir Umar Hayyom kabi shogirdlarini tarbiyaladi. Uygʻonish davri miniatyura va suratlarida ibn Sino mashhur qadimgi yunon olimlari Aristotel, Galen, Gippokrat, Ptolemey, Yevklid bilan bir qatorda tasvirlangan. Oʻsimliklarning birinchi ilmiy tasnifini yaratgan tabiatshunos Karl Linney doimo yashil boʻlib turuvchi bir oʻsimlikni ibn Sino sharafiga “Avitseniya” deb atadi.

Ibn Sino asarlari Yevropada XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilina boshladi. “Tib qonunlari” asarining oʻzi lotinchada 30 martadan ortiq nashr qilindi. “Kitob ush-shifo”ning koʻp boʻlimlari, mantiq, musiqa, yerning tuzilishi, geologik jarayonlar, metafizikaga oid qismlari ham lotinchada nashr etildi. Soʻnggi ilmiy tadqiqotlar ibn Sinoning Sharq adabiyotiga ham taʼsir koʻrsatganligini, chuqur falsafiy mazmunni ifodalovchi ruboiy va falsafiy qissalar janrining taraqqiyotiga turtki berganligini koʻrsatadi[11]. Ibn Sino xalq orasida shu darajada hurmatga sazovor boʻldiki, u folklor qahramoniga aylanib ketdi. Sharq xalqlarida uning toʻgʻrisida turli hikoya, rivoyat, afsonalar vujudga keldi. Jahon olimlari ibn Sino asarlari, uning faoliyati toʻgʻrisida koʻpdan beri ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradilar. Hozirda jahonning deyarli barcha yirik tillarida Ibn Sino haqida asarlar yaratilgandir.

Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Irisov A. “Abu Ali Ibn Sino. Hayoti va ijodiy merosi”. T .“Fan”.1980y.
  2. Abu Ali Ibn Sina. K 1000-letiyu so dnya rojdeniya. “Fan”, Tashkent, 1980. – C.89.
  3. J.Arberry, “Avicennaon Theology”, London, 1951 – P.67-68.
  4. Dictionary of the Middle Ages, Vol. 2, Collier Macmillan Canada Press, New York, 1988
  5. Sharipov A.D. “Filosofskaya perepiska Biruni i Ibn Sinы”. Voprosы filosofii – M.: 1978. – C.
  6. Fakhry Majid. “A history of Islamic philosophy”. Columbia University Press, 1970. – P.236.
  7. Corbin. “Avicenna and Visionary Recital”. NewYork, 1960. – P.56.
  8. Korbin, Genri (2016 yil 19-aprel). “Avitsenna va Visionary Recital” . Prinston universiteti matbuoti .12 avgust 2018 yil . Ushbu asarda taniqli islom dinining bilimdoni XI asrning buyuk fors faylasufi va shifokori Avitsenna (Ibn Sino), ilohiyot, mantiq, tibbiyot va matematikaga oid yuzdan ortiq asarlarning muallifi tasavvufi va psixologik fikrlarini oʻrganib chiqadi.– B.25.
  9. Seyyed Hossein Nasr. “The islamic intellectual tradition in Persia”. Gurson Press, 1996. – P.76-78.
  10. Smith M. Studies in Early mysticism in the Near and Middle East, London, 1931. – P.68-69.
Jonibek Dovurov,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi magistranti

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …