Home / MAQOLALAR / HIJRIY IV ASRDA QANDAY HADIS KITOBLARI YOZILGAN?

HIJRIY IV ASRDA QANDAY HADIS KITOBLARI YOZILGAN?

Hijriy uchinchi asr umumislomiy, xususan, sunniy ilmlarni kitobga tushirishning oltin davri hisoblanadi.

IV asrdagi hadis ilmi ulamolari, tabiiyki, sunnat va uning ilmlariga xizmat qilishda oʻzidan oldingi allomalarga ergashgan. Shuning uchun ham ular sahih hadislarni taxrij qilishda ikki “Sahih”, yaʼni Imom Buxoriy va Imom Muslimning shoh asarlaridan foydalangan. Bunday taxrij asarlariga misol tariqasida “Sahihi Ibn Xuzayma”, “Sahihi Ibn Hibbon”, “Sahihi Ibn Sakan” va “Mustadrakul Hokim”ni keltirish mumkin.

“Sahihi ibn Xuzayma” asari Buxoriy va Muslimning toʻplamlaridan keyingi olti sahihning eng ishonchlisi hisoblanadi.

Ibn Hajar Asqaloniyning ustozi, muhaddis Zaynul Iroqiy bunday degan: “Sahihi ibn Xuzayma” martabasi jihatidan “Sahih ibn Hibbon”dan yuqori, chunki uning tadqiqi kuchlidir. Sahih hadislar borasida yozilgan kitoblar orasida “Shayxayn” (ikki shayx – Imom Buxoriy va Imom Muslim) toʻplamlaridan soʻng “Sahihi ibn Xuzayma”, keyin “Ibn Hibbon”, undan soʻng “Hokim” (turadi)”.

Suyutiy goʻyo bu soʻzlarni tasdiqlagandek, bunday deb aytgan: “Ibn Xuzaymaning tadqiqoti kuchli boʻlgani tufayli “Sahihi ibn Xuzayma” daraja jihatidan “Sahihi ibn Hibbon”dan yuqori turadi. Chunki, u hadislarni sahihga ajratishda isnoddagi ozgina shubhali narsaga ham toʻxtalib (alohida eʼtibor berib), oʻsha hadisni olmagan”.

Shu oʻrinda hadislarni taxrij qilish oʻzi nima, degan masalaga oydinlik kiritib olsak. Bu hadisni rivoyat qilish – rivoyat qilganda ham dalil va mavzusi rivoyatlar zanjiri bilan keltirilgan asl manbalarda sahihlik darajasi va maʼnosini koʻrsatgan holda taxrij etish, yaʼni namoyon qilishdir. Asl manbalar muallifdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qadar sanadi bilan rivoyat qilingan kitoblar, masalan, “Sahihul Buxoriy” va “Sahihi Muslim” va boshqa hadis asarlaridir. Imom Saxoviy “Fathul mugʻis” asarida taxrijni bunday taʼriflagan: “Taxrij muhaddisning hadislarni qismlar, ustozlar, kitoblar va shu kabilarning ichidan chiqarishidir. Ularning mazmuni oʻzining, yo baʼzi ustozlarining, yoki tengdoshlarining, yoinki shunga oʻxshashlarning rivoyatlari bilan davom etadi. Soʻng bu hadislar kitob va toʻplam mualliflari orasida rivoyat qilganlarga nisbatlanib, oʻzgarishlar va muvofiqliklar bayon qilinadi”.

Taxrijning foydalari quyidagilardan iborat

– hadisni manbalari yordamida aniq qilib hujjatlashtirish;

– hadisni chetdan kirib qolgan soʻzlardan muhofaza qilish;

– hadis usuli, amali va dalillari borasida qatʼiy turish;

– isnodlardagi uzilishlar, matnlardagi qoʻshimcha va kamchiliklarni aniqlash.

Baʼzi muhaddislar taxrij jarayonida sunan va ahkom hadislar bilan cheklanib, sahih va boshqa turkumdagi toʻplamlarni oʻz ichiga olgan holda, sunan ahlining yondashuviga ergashgan. Bunga “Muntaqo Ibn Jorud”, “Sunani Doraqutniy” va “Sunani Bayhaqiy”ni misol keltirish mumkin. Imom Bayhaqiy hijriy 384 yili tavallud topib, 458 yilda vafot etgan. Umrining aksar qismi V asrga toʻgʻri kelsa ham, “Sunan” toʻplamlari bitilgan zamonlarga yaqin boʻlgani uchun uning asari IV asrda yozilgan deb hisoblanadi.

Shuningdek, IV asrda bir hadisning oʻzidagi ziddiyatlar yoki maʼno jihatidan bir-biriga zid boʻlgan hadislar va ularning muammolari haqida ham talay asarlar yozilgan. Imom Tahoviyning “Sharhu maonil osor”, “Mushkilul osor” va boshqa kitoblar shunga misol boʻladi. Bu turdagi asarlar hijriy uchinchi asrda bitilgan Imom Shofeʼiyning “Ixtiloful hadis”, Hofiz ibn Qutaybaning “Taʼvilu muxtalifil hadis” kabi kitoblar uchun toʻldiruvchi vazifasini bajargan.

Bundan maʼlum boʻladiki, IV asrda hadis ilmi boʻyicha birinchi marta ikki turdagi ish amalga oshirilgan. Bu sunnatga xizmat qilish sohasida yangilanish hisoblanadi. Shu bilan birga, hadis olimlarining nodir xususiyatidan – ularning har qanday davrda ilm yoʻlida oʻz tafakkuri va bor kuch-gʻayratini toʻlaligicha sarflash borasidagi azmu shijoatidan dalolat beradi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga xizmat qilish uchun yangi yoʻl va vositalarni izlab topishdagi saʼy-harakatlarini, bunda hech qanday mashaqqatdan chekinmaganini, oʻta ahamiyatli boʻlgan bunday ijodga butun umrini bagʻishlaganini koʻrsatadi.

Bunday kitoblarning yana bir turi II va III asrlarda yozilgan Imom Shofeʼiyning “Ar-Risola”, Imom Muslimning “Muqaddimatu Sahihi Muslim”, “At-Tamyiz”, shuningdek, rijol va ilal janridagi asarlarda tarqoq boʻlib turgan tamoyillarni jamlagan hadis ilmining istiloh kitoblaridir. Ular hadis ilmini chuqurroq oʻrganish va anglashda talabalarga katta yengillik va qulayliklar bergan.

Bu boradagi birinchi muallif Abu Muhammad Romahurmuziydir (vaf. 360/971). Soʻng Abu Abdulloh Hokim (vaf. 405/1014) “Maʼrifatu ulumil hadis” kitobini yozgan. Keyin uning shogirdi Abu Naim Isfahoniy (vaf. 430/1039) uni taxrij qilgan. Shundan soʻng hadis istilohiga bagʻishlangan asarlar yozilishi surʼat bilan davom etgan va koʻlami kengayib borgan.

Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, IV asrda sahobalarning musnadlariga koʻra tartibga solingan Tabaroniyning “Muʼjamul kabir” va “Muʼjamus sagʻir”, Doraqutniyning “Al-Ilal” kabi asarlari yozilgan.

Mashhur muhaddislar, ulamolar va ularning hayot yoʻli, qoldirgan ilmiy merosi biz uchun nafaqat qimmatli manba, balki ilmning mashaqqatli yoʻlida qatʼiyat va shijoat bilan ishlash uchun ajoyib ibrat hamdir. Hadis ilmining fidoyilari qatorida IV asr muhaddislarining ham bu soha rivojiga qoʻshgan hissasi behad kattadir. Ularning ilmiy merosi hozirgacha oʻrganilib kelmoqda.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …