Home / ALLOMALAR / RUSTUFAGʻNDAN CHIQQAN ALLOMA

RUSTUFAGʻNDAN CHIQQAN ALLOMA

IX-XII asrlar Sharqda ilm-fan yuksak darajada rivojlangani bois Sharq Renessansi deb eʼtirof etilgan. Ayniqsa, oʻsha davrlarda yurtimizning koʻhna va qadimiy Xorazm, Buxoro, Samarqand, Kesh, Nasaf, Termiz, Shosh, Fargʻona, Afshona, Zamaxshar, Sogʻarj, Dabusiya kabi shahar va qishloqlari ilm-fan va madaniyat oʻchogʻi hisoblangan. Shu bois, u joylardan yetishib chiqqan allomalar oʻzining ilmiy faoliyati bilan butun dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan.

Samarqandga qarashli ana shunday fayzu tarovatga ega maskanlardan biri qadimgi Rustufagʻn qishlogʻidir. Tarixiy manbalarda Rustufagʻn Samarqandga qarashli koʻhna qishloqlardan biri boʻlgani qayd etilgan[1].

Zarafshon daryosining oʻrta oqimi ikki tarmoqqa – Oqdaryo va Qoradaryoga ajralib, ularning oʻrtasidagi yerlar “Miyonqol” deb atalgan. Oʻrta asrlarga oid yozma manbalarda u haqda koʻplab maʼlumotlarni uchratish mumkin. Amir Temur va temuriylar va undan keyingi davrlarda bu ikki daryo oraligʻidagi Miyonqol hududi “Soʻgʻdi Xurd”, yaʼni “Kichik Soʻgʻd” yoki “Yarim Soʻgʻd”, Oqdaryoning shimolidagi yerlar, to Nurota togʻlarigacha boʻlgan hudud esa “Soʻgʻdi Kalon”, yaʼni “Katta Soʻgʻd” deb atalgan. Bu atamalar ushbu hududning Zarafshon vohasidagi oʻrni va ahamiyatini koʻrsatib, tarixidan xabar berib turadi. Biz soʻz yuritayotgan Rustufagʻn qishlogʻi ham Gʻarb va Sharqni bogʻlab turgan savdo karvon yoʻli – Buyuk Ipak yoʻlining ustida, Miyonqolning markazi hisoblangan Ishtixon shahriga tegishli yerda joylashgan.

Rustufagʻnning maqtovga sazovor tomonlaridan biri – uning tuprogʻida ulgʻaygan allomalari, desak, xato boʻlmaydi. Tarixiy yozma manbalarda muhaddis va faqih Abulhasan Rustufagʻniyning tugʻilgan joyi Rustufagʻn qishlogʻi ekani qayd etilgan. Shu bois, unga Rustufagʻniy nisbasi berilib, xalq orasida Abulhasan Rustufagʻniy nomi bilan mashhur boʻlgan.

Allomaning toʻliq ismi Abulhasan Ali ibn Saʼid Rustufagʻniydir. Manbalarda Abulhasan Rustufagʻniyning tugʻilgan yili qayd etilmagan boʻlsa-da, ammo vafot etgan yili turlicha keltirilgan. Jumladan, Xayriddin Zirikliyning “Aʼlom” asarida 345/956 yil deb keltirilgan boʻlsa[2], “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti” va Komilxon Kattayevning “Samarqandning buyuk allomalari” va “Buyuk huquqshunos allomalar” asarlarida 350/961 yil deb keltirilgan[3]. Keyingi davrda olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, Abulhasan Rustufagʻniyning qabri Ishtixon tumanining Boylata qishlogʻida joylashgan[4].

Allomaning bolaligi tugʻilib oʻsgan qishlogʻi Rustufagʻnda oʻtgan. Keyinchalik Samarqand shahriga borib, taniqli allomalar – Abu Ahmad Iyodiy, Abu Mansur Moturidiy va Abul Qosim Hakim Samarqandiylardan taʼlim olgan. Bundan tashqari, Abulhasan Rustufagʻniy Balx shahriga borib, Abu Jaʼfar Hinduvoniyning suhbatida boʻlgani ham naql qilinadi.

Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob” asarida: “Bir kuni solih bir kishi tushida Abu Nasr Iyoziyni koʻradi. U zotning bir qoʻlida bir dasta atirgul, ikkinchi qoʻlida esa bir tovoq xurmo bor edi. Bir dasta atirgulni Abul Qosim Hakimga beradi. Bir kosa xurmoni esa Abu Mansur Moturidiyga berdi. Ikkovlari ham Abu Nasr Iyoziyning shogirdi edi. Abu Mansur Moturidiy haqiqat ilmidan bahramand boʻldi. Abul Qosim Hakim esa hikmat ilmiga erishdi”[5] deb, hikoya qilinadi. Abulhasan Rustufagʻniyni muhaddis, mutakallim va hanafiy mazhabining yirik faqihi boʻlib yetishishida, uning ustozlari kalom, haqiqat va hikmat ilmining buyuk imomlari boʻlgani oʻz taʼsirini koʻrsatgan, desak adashmagan boʻlamiz.

Abul Muʼiyn Nasafiy “Tabsiratul adilla fi ilmil kalom” (“Kalom ilmidagi dalillar koʻzgusi”) kitobida Abulhasan Rustufagʻniyni Moturidiyning doʻstlaridan biri, goh shogirdi sifatida tilga olgan[6].

Manbalarda allomaning qalamiga mansub asarlar va ularning adadi borasida turlicha qarashlar mavjud. Jumladan:

  • Abul Muʼiyn Nasafiy “Tabsiratul adilla fi ilmil kalom” asarida Abulhasan Rustufagʻniyning “Irshodul muhtadiy” (“Hidoyatga boshlovchi qoʻllanma”), va “Az-zavoidul favoid” fi anvoʼil ulum (Ilmlar navidagi “Qoʻshimcha va foydali (narsa)lar”) nomli asarlarini tilga olib, kalom ilmiga oid boshqa asari ham borligini taʼkidlab oʻtgan[7].
  • Yusuf ibn Umar Kaduriy ham “Jomiʼul muzmarot val mushkulot fi sharhi muxtasar al-imam al-Qurtubiy” asarida Abulhasan Rustufagʻniyning “Irshodul muhtadiy” va “Az-zavoidul favoid” fi anvoʼil ulum nomli asarlari boʻlganini qayd etib oʻtgan[8].
  • Komilxon Kattayev va Gulnoza Kattayevalarning “Buyuk huquqshunos allomalar” kitobida alloma uch asar yozganini keltirib oʻtgan[9].
  • Turkiyalik olim Fuat Sezgin “Al-asila val ajviba” nomli asarni Rustufagʻniyga nisbat bergan[10].
  • Abdumalik Tuychiboyev tomonidan tahqiq qilingan “Muxtasar Favoyidir Rustufagʻniy” asari, 2021 yil Istanbuldagi “Hoshimiya” noshirlik uyida chop etildi[11].

Umuman olganda, Abulhasan Rustufagʻniyning mazkur asarlari fiqh, kalom, tafsir, hadis, tasavvuf, axloq va hikmat kabi keng qamrovli mavzularga oid boʻlib, X asrda mamlakatimiz hududidagi eng yorqin ilm va maʼrifat markazlaridan biri boʻlgan Samarqanddagi maʼnaviy-maʼrifiy muhitni baholash, Moturidiylik taʼlimotining ilk taraqqiyot bosqichini oʻrganish nuqtai nazaridan oʻta muhim ahamiyat kasb etadi.

Arab tarixchisi Abdulhay Laknaviyning yozishicha, Rustufagʻniyning “Kitobuz zavoid val favoid” asari turli ilmlar tasnifi (klassifikatsiyasi)ga bagʻishlangan[12]. Mazkur manbalarga tayangan holda aytish mumkinki, Abulhasan Rustufagʻniy ilmlar tasnifi boʻyicha maxsus asar yozgan dastlabki olimlardan biri boʻlgan.

Tabaqot kitoblarida alloma muhaddis, mutakallim va hanafiy mazhabining yirik faqihi, Imom Moturidiyning yaqin doʻsti, Samarqandning koʻzga koʻringan shayxi sifatida tilga olingan.

Abulhasan Rustufagʻniy fiqhiy (islom qonunshunosligi) masalalarida mustaqil fikr yuritadigan mujtahid – ijtihod qiladigan olim boʻlib yetishgan. Manbalarda Abulhasan Rustufagʻniy bilan ustozi Abu Mansur Moturidiy oʻrtasida fiqhiy masalalarda qizgʻin bahsu munozaralar boʻlib oʻtgani qayd etilgan. Jumladan, arab tarixchisi Muhiddin Qurashiy “Al-javohirul muziyya fi tabaqotil hanafiyya” nomli asarida ijtihod masalasida ular oʻrtasida turli qarashlar mavjud boʻlganini yozib qoldirgan[13].

Imom Abulhasan Rustufagʻniy hayoti va ilmiy merosi haqidagi maʼlumotlarni Xayriddin Zirikliyning “Aʼlom”, Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob”, Abu Abdulloh Yoqut Hamaviyning “Muʼjamul buldon”,  Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyning “Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand”, Nuriddin Sabuniyning “Al-kifoya val hidoya”, Abu Muhammad Abdulqodir ibn Abulvafo Muhammad Qurashiyning “Al-javohirul maziyya fiy tabaqotil hanafiyya”, Yusuf ibn Umar ibn Yusuf Kaduriyning “Jomiʼul muzmarot val mushkulot fi sharhi muxtasar imam Qurtubiy”, Ibn Asirning “Al-lubob fi tahziybil ansob”, Qosim ibn Qutlubugʻo Suduniynning “Tojut tarojim”, Abdulhay Laknaviyning “Al-favoidul bahiyya fi tarojumial hanafiyya” va Abul Muʼiyn Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Umar Rizo Kahholaning “Muʼjamul muallifin” kabi asarlarida koʻrish mumkin.

Bundan tashqari, hozirgi davr tadqiqotchi olimlarining asarlarida ham uchratish mumkin. Masalan, ustoz Ubaydulla Uvatovning kitoblari va koʻplab ilmiy maqolalarida, nemis olimi Ulrix Rudolfning “Al-Moturidiy va Samarqandda sunniylik ilohiyati”, Komilxon Kattayevning “Samarqandning buyuk allomalari”, Komilxon Kattayev va Gulnoza Kattayevalarning “Buyuk huquqshunos allomalar”, Abdulgʻafur Razzoq Buxoriyning “Nasabnoma” va Abdumalik Toʻychiboyev tomonidan tahqiq qilingan “Muxtasar Favoyidir Rustufagʻniy” kabi asarlar shular jumlasidandir.

Oʻrta asrlarda Movarounnahrdan chiqqan allomalar dunyo ilm-fani taraqqiyotiga oʻzlarining benazir hissasini qoʻshganlar. Ularni ilm-fan tarixi zarvaraqlarida munosib oʻrin egallagan desak, yanglishmagan boʻlamiz. Jumladan, birgina Abulhasan Rustufagʻniyning boy ilmiy merosi keyingi davr olimlari uchun asos boʻlib xizmat qilgan.

[1] Abu Abdulloh Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. J. 5. – Bayrut, 1979. – B. 153.
[2] Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 4. Dor al-ilm, 2002. – B. 291
[3] Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. – T.: Maʼnaviyat va Movarounnahr nashriyotlari, 2010. – B. 152; Komilxon Kattayev, Gulnoza Kattayeva. Buyuk huquqshunos allomalar. – T.: “Qaqnus” nashriyoti, 2020. – B. 138.
[4] Qarang: Komilxon Kattayev, Gulnoza Kattayeva. Buyuk huquqshunos allomalar. – T.: “Qaqnus” nashriyoti, 2020. – B. 73, 136-137.
[5] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 3. – Bayrut, 1988. – B. 62.
[6] Abul Muʼyin Nasafiy. Tabsiratul adilla fi ilmil kalom. J.1. –B.28, 359.; Islom ensiklopediyasi. J.35. –Anqra. 2018. –B.296.
[7] Abul Muʼyin Nasafiy. Tabsiratul adilla fi ilmil kalom. J.1. –B.91, 358.; Islom ensiklopediyasi. J.35. –Anqra. 2018. –B.297.
[8] Yusuf ibn Umar ibn Yusuf al-Kaduriy. Jomiʼul muzmarot val mushkulot fi sharhi muxtasar al-imam al-Qurtubiy. J. 5. –Bayrut. 1971. –B.469.
[9] Komilxon Kattayev, Gulnoza Kattayeva. Buyuk huquqshunos allomalar. – T.: “Qaqnus” nashriyoti, 2020. – B. 138.
[10] Islom ensiklopediyasi. J.35. –Anqra. 2018. –B.297 (Millet kutubxonasi, Murad Mulla kolleksiyasi №1829, 154a-176b bet).
[11] Qarang: https://dunyo.info.
[12] Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. – T.: Maʼnaviyat, Movarounnahr, 2010. – B. 152, 153.
[13] Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. – T.: Maʼnaviyat, Movarounnahr, 2010. – B. 153, 154.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …