Home / MAQOLALAR / NAQSHBANDIYA-MUJADDIDIYA TARIXINI OʻRGANISHNING MUHIM MANBASI

NAQSHBANDIYA-MUJADDIDIYA TARIXINI OʻRGANISHNING MUHIM MANBASI

XVIII-XIX asrlarda Markaziy Osiyoda naqshbandiya-mujaddidiya tariqati tarixiga oid manbalarni oʻrganish bugungi kunda tasavvufshunoslik tadqiqotlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada yurtimiz olimlari[1] va xorijlik tadqiqotchilar[2] koʻplab izlanishlar olib borgan. Tadqiqotlarda talay manbalar[3] ilmiy muomalaga jalb etilgan. Shunday boʻlsa-da, oʻsha davr tarixiga doir qator manbalar hali-hanuz oʻz tadqiqotchilarini kutib turibdi.

Shunday manbalardan biri Mirzo Maqsud Dahbediy (Buxoriy)ning “Mirʼotus solikin” (Soliklar oynasi) asaridir. U haqda dastlab Nosiruddin Buxoriyning “Tuhfatuz zoyirin” asari orqali xabar topgan boʻlsak, keyinchalik Maqsud Dahbediyning boshqa bir asari – “Ravoyihul quds” orqali maʼlumot olindi. Soʻngra A.T.Tagirdjanovaning izlanishlari[4] vositasida mazkur asardan voqif boʻldik.

Taniqli tasavvushunos, turkiyalik olim Nejdat Tosun Madina shahridagi Orif Xikmat kutubxonasi fondi (inv. №261/44 raqam osti)da saqlanayotgan “Mirʼotus solikin” asarining qoʻlyozma nusxasini bizga taqdim etdi. Ushbu qoʻlyozma nastaʼliq xatida, fors tilida yozilgan boʻlib, oʻlchami – 15×27 sm., matni – har bir sahifada 11 qatordan. Asar Allohga hamd va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga salovat bilan boshlangan.

Matnning oʻzida qora siyoh, sarlavha va mashhur shaxslar nomlarini, “Ey darvesh”, “nazm”, “munojot”, “ruboiy”, “masnaviy” kabi soʻzlarni yozishda qizil, koʻk va och yashil (sariq qoʻshilgan holda) rangli boʻyoqlardan foydalanilgan.

Asar sariq, pishiq ishlangan shiqildoq qogʻozga yozilgan boʻlib, b-a sahifalarining toʻrt tomoniga bir xil oʻlchamda hoshiya tashlanib, qizil siyohda ramkaga olingan. Ramka ichida alohida qizil, koʻk, yashil, qizil ranglardagi chiziqlar bilan ramka hosil qilinib, ichiga asosiy matn yozilgan. Koʻpgina sahifalarga nozik did bilan tilla suvi yugurtirilgani uning nodir nusxalardan ekanini anglatadi.

Muallif oʻzini tanishtirib, “Ahmadiya-siddiqiya-aliya-naqshbandiya-ahroriya-mujaddidiya-dahbediya” tariqatining xodimi Mirzo Maqsud Dahbediy[5], deb qayd etgan. Asarida Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul uns”, Ali ibn Usmon Gʻaznaviyning “Kashful mahjub”, Abu Tohir xojaning “Risolai tariqai Dahbediya”, Jaloliddin Hoʻqandiyning “Mukoshafatul asror” asarlaridan, Jumaquli Urgutiyning yozishmalaridan iqtiboslar keltirgan. Shuningdek, taniqli davlat arboblari va naqshbandiya silsilasi vakillari nomidan turli voqealarni bayon etgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Muhammad Amin Dahbediyga (1152/1739-1229/1814) qadar yetib borgan mazkur silsila vakillari, murshidlari haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtgan.

Asarda hukmdorlardan Muhammad Rahimxon (vaf. 1758), Amir Shohmurod (vaf. 1800), Amir Haydar (vaf. 1826), Amir Nasrulloh (vaf. 1860) haqida, shuningdek, Muhammad Safar, Shukurbekbiy inoq kabi hokim va davlat arboblari toʻgʻrisida soʻz yuritilgan.

Maqsud Dahbediy naqshbandiya silsilasining Markaziy Osiyoda yoyilishi, taraqqiy etishi haqida: “Xoja Imkanagiy Turkistonda turib Hindistonga tariqat nurini taratgan boʻlsa, Musoxonxoja uni Hindistondan yana oʻz yurtiga qayta olib kelib, Turonzaminni munavvar qildi”[6], deb taʼkidlab oʻtgan.

“Mirʼotus solikin”da bir necha maktub haqida ham aytib oʻtilgan. Jumladan, Hindistondan Dahbedga ikkita maktub kelgan[7]. Ularning biri naqshbandiya-mujaddidiya silsilasi murshidi Mirzo (Joni Jonon) Habibulloh (1113/1701-1195/1780) tomonidan Musoxonxoja Dahbediyga (vaf. 1190/1776) yozilgan. Ikkinchisi Miyon Ali Shoh Sohibdan Muhammad Amin Dahbediy nomiga kelgan.

Muallif asar boshida uni 1256/1839 yilda[8] yoza boshlaganini aytadi. 283b-284a sahifalarida esa “bu risola 1259/1841 yil muharram oyining 15 kuni, juma(ga oʻtar) oqshom payti” nihoyasiga yetganini qayd etadi. Shundan kelib chiqib, “Mirʼotus solikin” asarining ushbu nusxasi muallifning oʻzi tomonidan yozil (koʻchiril)gan, deb xulosa qilish mumkin.

Yana qoʻlyozma asarning 284a, 283b, 275b-276a, 182b-183a, 105a, 39b, 3b sahifalarining hoshiyasida matnga ayrim tuzatishlar kiritilganining belgilari bor. Tuzatishlar va asosiy matn (bir xattot tomonidan) bir xil xatda yozilgani yaqqol koʻrinib turibdi. Bu ham qoʻlyozma muallif Maqsud Dahbediy tomonidan koʻchirilganini anglatadi.

Kitobda hozirgi kunda Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasidagi “Maxdumi Aʼzam ziyoratgohi”ning joylashgan oʻrni, u yerdagi bino, hovuz va boshqa inshootlar, dov-daraxt rasm-xarita chizmasi chiroyli tarzda ishlangan (1-rasm). Unda majmuaning darvozasi sharq tomonda turibdi. Hovlining chap tomonida ikki xonali “hujrai xos”, uning janub tarafidan gʻarbga qarab yana uch xonali hujra, keyin katta eshik, undan keyin xonaqoh, ayvon va uning hovli tomonida minora tasviri tushirilgan. Xonaqohning gʻarb tomonida yana eshik va hujra koʻrsatilgan. Majmuaning gʻarbiy tomonida ikkita katta “hujrai xos” va ularning shimoliy tomonida gʻarbga qarab solingan kichik yoʻl tasvirlangan.

Hovlining gʻarb tomonida hovuzni koʻrish mumkin.

Darvozadan kirgach, oʻng tomonda “hujurot” (xonalar) borligi va gʻarbga qarab yurganda, hovlining shimoliy devori yaqinida katta chinor turgani aytilib, uning gʻarbiy tomonida Muhammad Amin Dahbediy qabri mavjudligi aytilgan. Qabrning uch tomoniga uchta katta chinor tasviri tushirilgan.

Gʻarbiy qismga qarab sal oʻtganda, oʻng (shimol)da toʻrt tomoni devor bilan oʻralgan (Maxdumi Aʼzam va uning avlodlari dafn etilgan) alohida sufa tasviri bor. Sufaning sharq tomonida tut daraxti, gʻarbida azim chinor mavjudligini ham koʻrish mumkin.

Majmua tasvirini ishlashda asosan koʻk, qora, qizil, yashil, sariq ranglardan foydalanilgan va tilla suvi ham ishlatilgan.

Shu oʻrinda naqshbandiya-mujaddidiya tariqatining murshidlaridan biri, “Mirʼotus solikin” asari yozilishiga sabab boʻlgan Muhammad Amin Dahbediy qabrining oʻrni haqida Abu Tohir xoja maʼlumot berib oʻtgan.

Abulbarakot Muhammad Amin Dahbediyning qabri Dahbeddagi Maxdumi Aʼzam qabristoni devorining tashqarisi, sharq tomoniga yaqin janubiy burjidagi kichik bir sufada[9] ekani ham taʼkidlab oʻtilgan.

“Samariya” va “Tariqati Dahbediya” asari bilan yaqindan tanish boʻlgan Maqsud Dahbediy koʻrgan va oʻqigan maʼlumotlari asosida ushbu majmua chizmasini ajoyib tarzda koʻrsatib, tasvirlab bergan. U asarni yozishda Samarqand qozisi Abu Tohir xojaning “Tariqati dahbediya” risolasiga koʻp bor murojaat qilgan.

“Mirʼotus solikin” asari davomini oʻqigan kishi naqshbandiya-mujaddidiya tariqati bilan bogʻliq boʻlgan silsila markazlari va ularda faoliyat olib borgan murshidlar haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻladi.

Majmua tasviri davomidan Abu Tohir xoja “Masnaviy maʼnaviy”ga yozgan muxammas orqali bu muqaddas markazga taʼrif berib oʻtilgan.

“Tingla naydin chun hikoyat aylagay,
Ayriliqdin shikoyat aylagay.

Men qamish erdim, kesib keltirdilar,
Nola cheksam, el ham oh urdilar.

Nayni yondirgan oʻshal ishq otashi,
Mayni yondirgan oʻshal ishq otashi.

Dahbediylar otashga shuʼla boʻldi,
Unga bogʻlanganlar misli oʻt boʻldi.

Bu Dahbed emas, muhabbat oʻchogʻidir,
Balki nay bu xonaqohni kuylayotgandir.

Bu Dahbed emas, jannat bogʻlaridan biridir,
Toʻrt tomondan kelgan sufiylar uchun rohatdir.

Bu Dahbed emas, bu qalblarning nuridir,
Sufiy qalblar dilidagi iymonidir.

Muso (xonxoja)ning tabarruk xoki osudadir,
Yaratganning asrorida u masrurdir.

Uning shogirdi Siddiq edi,
Bu yoʻlda munkirlarga zindiq edi.

Ey Xudo, amr etib, Dahbedni maʼmur qilgin,
U yerdagi azizlar (qabr va joylar)ni baxtga va nurga toʻldirgin.

– Dedi Imom oʻzining Masnaviysida,
Ammo nutqni qisqa, vassalom qilgin”[10].

Abu Tohir xojaning “Navo”[11] taxallusi bilan qilgan ijod namunalari uning nazmdagi yetukligini koʻrsatadi.

Ayrim manbalarda “Mirʼotus solikin” 1256/1840-1264/1848 yillarda yozilgani[12] aytiladi. Ammo ushbu nusxasida muallifning oʻzi maʼlum qilganidek, asar 1259/1841 yilda yozib tugatilgan.

U shartli ravishda 11 bobga ajratilgan. Asardan naqshbandiya-mujaddidiya-dahbediya silsilasi murshidlari, shogirdlari, avlodlari va Buxoro amirlari haqida ham maʼlumot olish mumkin.

A.T.Tagirdjanova tanishtirgan dastlabki nusxaning oxirida u muallif tomonidan Mirzo Muhammad Ali Darbandiy ibn Mirzo Kozimbekka “hazoru du sadu shastu panj”, yaʼni 1265/1849 yilda hadya etilgani qayd qilingan. Shunga koʻra aytish mumkinki, asarning u nusxasi ham muallif yashagan davrda koʻchirilgan.

Hozirga qadar olib borilgan tadqiqotlar natijasida “Mirʼotus solikin” asarining ikki nusxasi Orif Hikmat kutubxonasi va Sankt-Peterburg davlat universiteti fondida saqlanayotgani maʼlum boʻldi.

Bitta nusxa qay tariqa Sankt-Peterburgga borib qolgani maʼlum. Ammo yana bir nusxa qanday qilib Madina shahridagi Orif Xikmat kutubxonasi fondiga tushib qoldi, degan savol ochiq turibdi.

Kitob haqida berilgan tavsifga koʻra, ushbu nusxa nozik did bilan ishlangani, bu qoʻlyozma aynan muallif tomonidan koʻchirilgani kabi voqealardan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, kitob muallif Maqsud Dahbediy tomonidan hadya etilgan boʻlishi kerak, degan taxmin yuzaga chiqadi.

Kitobning 1a, 284a-b varaqlariga toʻrtta muhr urilgan. 1a va 284b varaqlariga urilgan nisbatan katta, doira shakldagi muhrda (yozuvlari xiralashib ketgani oʻqish imkoni boʻlmadi) 1266/1849 sanasi koʻrsatilgan.

1a va 284a varaqlarida ikkita bir xil: “Shukrulloh tolei masʼud, Xoki Muhammad bayti Maqsud”, deb yozilgan toʻrtburchak shakldagi muhrlar urilgan.

284a varaqdagi toʻrtinchi muhrda esa: “Allohumma avsalno ila maqsudano. 1257”, yaʼni “Allohim, bizni maqsadimizga yetishtirgin, 1257”(1840 yil), degan soʻzlar qayd etilgan.

Bundan koʻrinadiki, muhrlarning ikkitasi Mirzo Maqsud Dahebdiyga tegishli ekan. Bu esa asarning Madinadagi nusxasi aynan muallif tomonidan mazkur kutubxona fondiga hadya qilinganini tasdiqlash uchun asos boʻladi.

Shunday qilib, komil ishonch bilan aytish mumkinki, Maqsud Dahbediyning “Mirʼotus solikin” asari naqshbandiya-mujaddidiya tariqati tarixi va manbashunosligiga oid nodir qoʻlyozma asarlardan biridir.

Kelgusida “Mirʼotus solikin” boʻyicha tadqiqotlar davom ettirilib, uning mazmun-mohiyati, asarda bayon etilgan voqealar, geografik joylar nomlari, mashhur tarixiy shaxslar hayoti va faoliyati yuzasidan izlanishlar olib boriladi.

1-rasm.

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Abu Tohirxoja. Samariya. Qoʻlyozma, nastaʼliq, fors tilida. Oʻlchami: 16 x 25 sm. 90 sahifa. 1835 yilda muallif tomonidan koʻchirilgan. Komilxon Kattayev shaxsiy kutubxonasida inv. № 27.
  2. Abu Tohirxoja. Samariya. Tahrir hayʼati: B.Ahmedov va boshq./. – T.: Kamalak, 1991. – B. 57
  3. Maqsud Dahbediy. Mirʼotus solikin. Qoʻlyozma. Madina shahridagi Orif Xikmat kutubxonasi. inv. №261/44
  4. Maqsud Buxoriy. Ravoyihul quds. Qoʻlyozma, nastaʼliq, fors tilida. Komilxon Kattayev shaxsiy kutubxonasida.
  5. Abdusattor J. Vaxshuvor. – T.: Akademnashr, 2015.
  6. Abdusattor J. Mashrab. – T.: Akademnashr, 2015.
  7. Anke von Kugelgen. Die entfaltung der nagshbandiya mugaddidiya im mittleren transoxanien vom 18. Bis zum begiwn des 19. Jahrhunderts: Ein stuck detektivarbait // Muslim Culture in Russia and Central Asia from the 18th to the Early 20th Centuries vol. 2. Berlin. Klaus schiwars Verlag. 1998.
  8. Amonov M.U. XIII-XIX asrlarda Markaziy Osiyoda naqshbandiya-mujaddidiya taʼlimoti va tarixiga oid manbalar hamda ularning tasnifi. “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali. 2020 yil 2-son. – B. 43-46.
  9. Kattayev K. Maxdumi Aʼzam Dahbediy va uning mashhur avlodlaridan meros qolgan qadimiy va nodir kitoblar katalogi. Rangli, foto-illiyustratsion ilmiy albom-nashr. Birinchi kitob. – T.: Tafakkur boʻstoni, 2015. – B. 52.
  10. Nosiruddin Buxoriy. Tuhfatuz zoyirin. Toshbosma. Fors tilida. Buxoro. 1328/1909.
  11. Suxanvaroni sayqali roʻyi zamin. – Dushanbe: Irfon, 1973.
  12. Tagirdjanova A.T. Opisaniye tadjikskix i persidskix rukopisey vostochnogo otdela biblioteki LGU. T.1: Istoriya, biografiya, geografiya. – L.: 1962.
  13. Yuldashxodjayev X.X. Musoxon Dahbediyning naqshbandiya-mujaddidiya tariqati rivojida tutgan oʻrni (XVIII asr). Tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. – T.: 2008.
Mehrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
_________________________________________________________________
[1] Yuldashxodjayev X.X. Musoxon Dahbediyning naqshbandiya-mujaddidiya tariqati rivojida tutgan oʻrni (XVIII asr). Tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi. – T.: 2008.; Abdusattor J. Vaxshuvor. – T.: Akademnashr, 2015.; Abdusattor J. Mashrab. – T.: Akademnashr, 2015.;
[2] Anke von Kugelgen. Die entfaltung der nagshbandiya mugaddidiya im mittleren transoxanien vom 18. Bis zum begiwn des 19. Jahrhunderts: Ein stuck detektivarbait // Muslim Culture in Russia and Central Asia from the 18th to the Early 20th Centuries vol. 2. Berlin. Klaus schiwars Verlag. 1998.
[3] Jumaquli Urgutiy. Tarixi Xumuliy. OʻzR FA SHI. №2785; Mir Husayn. Mahozinut taqvo. OʻzR FA SHI. №2773; Mir Saodatulloh. Lutfi Buzurg. Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg filiali qoʻlyozmalar fondi №V/1932; Sayyid Muhammad ibn Oxund qozi Kamol. Tuhfatul ahbob. OʻzR FA SHI. №4400; Abdurahim Hisoriy. Tuhfatul ansob. OʻzR FA SHI. №1459; Badriddin ibn Ibrohim Sirhindiy. Hazorotul quds. OʻzR FA SHI. №76; Abdulaziz Majzub Namangoniy. Tazkirai Majzub. OʻzR FA SHI. №2662; Abu Abdurahmon Abdullo. Tarixi Buxoro va tarjimatul ulamo. OʻzR FA SHI. №1595; Muhammad Hoshim Kishimiy. Nasimatul quds min hadoiqul uns. OʻzR FA SHI. №635; Maqsud Buxoriy. Ravoyihul quds. (Kattayev K. shaxsiy kutubxonasida) kabi koʻplab manbalar tadqiqotlar doirasida jalb etilgan.
[4] Tagirdjanova A.T. Opisaniye tadjikskix i persidskix rukopisey vostochnogo otdela biblioteki LGU. T.1: Istoriya, biografiya, geografiya. – L.: 1962.
[5] 1b varaq.
[6] Maqsud Dahbediy. Mirʼotus solikin. Orif Xikmat kutubxonasi. inv. №261/44. – 122a varaq.
[7] Ushbu asar: – 243b-246a varaq.
[8] Oʻsha joyda: 6b varaq.
[9] Abu Tohirxoja. Samariya. Tahrir hayʼati: B. Ahmedov va boshq./.– T.: Kamalak, 1991. – B. 57
[10] Maqsud Dahbediy. Mirʼotus solikin. Qoʻlyozma. Madina shahridagi Orif Xikmat kutubxonasi. inv №261/44. 255a-255b varaq.
[11] Abu Tohir xoja. Samariya. Komilxon Kattayev shaxsiy kutubxonasida inv № 27. 1-sahifa; Suxanvaroni sayqali roʻyi zamin. – Dushanbe: Irfon, 1973. – 210-212 sahifa.
[12] Tagirdjanova A.T. Opisaniye tadjikskix i persidskix rukopisey vostochnogo otdela biblioteki LGU. T.1: Istoriya, biografiya, geografiya. – L.: 1962. – Str. 335-356.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …