Home / FOTO LAVHALAR / “QADRING BALAND BOʻLSIN, ONA TILIM!”

“QADRING BALAND BOʻLSIN, ONA TILIM!”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Unda Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirga Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti oʻqituvchisi Ahmadjon Mavlonov taklif etildi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov tadbir avvalida yigʻilganlarni bayram bilan qutlab, oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yanada mustahkamlash, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy qadriyat va anʼanalarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimiz boy merosiga munosib vorislik ruhida tarbiyalash hamda mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2020 yil 10 apreldagi “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan 21 oktyabr Oʻzbek tili bayrami etib belgilandi.

– Ona tilimizning soʻnmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib turguvchidir, – deydi tadbir mehmoni Ahmadjon Mavlonov. – Tilni toʻlaligicha anglash, uning mohiyatini tushunish hamda toʻkisligini saqlab, keyingi avlodlarga bus-butun yetkazish har millat uchun tarixiy gʻurur masalasidir.

   

Notiq oʻz soʻzida tilning kelib chiqish tarixi, rivojlanish bosqichlari hamda insoniyat tamaddunida tutgan beqiyos oʻrni xususida toʻxtalib, oʻzbek tilining ayni paytda xalqaro minbarlarda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanilayotganini taʼkidladi. Mehmon shuningdek, omma orasida oʻzbek tilini buzib ishlatish va soʻzlardan maʼno jihatidan nooʻrin foydalanish kabi uchrayotgan holatlarga salbiy munosabat bildirib, tilimiz xalqimizning shu kungacha qoʻlga kiritgan yutuqlarning eng zalvorlisi ekanini alohida qayd etdi.

Darhaqiqat, bugungi kunda dunyoda mavjud jami 7 mingdan ziyod tilning yarmidan koʻpi oʻlik, qolgan 3 mingtasi isteʼmolda. Oʻzbek tilida esa dunyo boʻylab 35 mln kishi soʻzlashadi. Shu jihatdan tilimiz dunyodagi tillar roʻyxatida 40-oʻrinda turadi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Markaz direktorining Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev, ilmiy xodimlar Obid Xursandov, Olovxon Neʼmatov hamda hadis ilmi maktabi 3-bosqich talabasi Azimjon Shermatov tilga eʼtiborli boʻlish, uni doimiy tarzda rivojlantirib borish, buning uchun har birimizdan doimiy mashaqqatli mehnat talab qilinishi haqida gapirdi.

   

Tadbir qizgʻin savol-javob hamda munozaralarga boy boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …