Oʻzbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi koʻmagida Malayziya Islomni anglash instituti (IKIM), Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida respublikaning boy maʼnaviy-madaniy merosini oʻrganish, “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti” gʻoyasini yanada ommalashtirish, mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyati, shuningdek, sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar va Samarqandning “Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” maqomini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli loyihalarni targʻib qilish, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Ilmiy va akademik sohada ikki mamlakat aloqalarini jadallashtirish uchun IKIM tadqiqotchilari Oʻzbekistonning Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturida ishtirok etishi boʻyicha taklif bildirildi.
Muzokaralar natijasida joriy yil 9 noyabr kuni oʻzbekistonlik olim va tadqiqotchilar ishtirokida “Islom va zamonaviylik” mavzusida qoʻshma vebinar oʻtkazish va IKIM radiokanalida maxsus intervyularni tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
IKIM islom sivilizatsiyasining boy intellektual merosi boʻyicha fundamental tadqiqotlarni rejalashtirish va amalga oshirish maqsadida 1992 yilda tashkil etilgan. 2020 yil iyun oyida IKIM, Xalqaro Islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro tadqiqot markazi oʻrtasida Hamkorlik memorandumlari imzolangan edi.
Institut huzurida “Radio IKIM” radiostansiyasi faoliyat yuritadi. Ushbu radiostansiyaning Malayziyada 40 milliondan oshiq tinglovchisi bor. “Radio IKIM” 2001 yilda mamlakatning sobiq Bosh vaziri Mahatxir Muhammad tomonidan ishga tushirilgan. Radiokanal butun Malayziya boʻylab hamda qoʻshni davlatlar – Bruney, Singapur, Indoneziya va Tailandda efirga uzatiladi. Radio efiridan islom dinining insonparvarlik mohiyati, islom sivilizatsiyasining boy maʼnaviy, ilmiy va madaniy merosi haqida malay, ingliz va arab tillarida maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy eshittirishlar oʻrin olgan.