Home / YANGILIKLAR / TARIXIY UCHRASHUVDA MUHIM MASALALAR MUHOKAMA QILINDI

TARIXIY UCHRASHUVDA MUHIM MASALALAR MUHOKAMA QILINDI

Bugun, 28 sentyabr kuni Toshkent shahridagi “Simpoziumlar saroyi”da Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari ishtirokida oʻzaro muloqot boʻlib oʻtdi.

Ikki mamlakatni azaldan tarixiy, madaniy va diniy rishtalar bogʻlab keladi. Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlari qalin hamkorlik asoslariga egadir. Ajdodlarimiz Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga intilganlar. Ular bu yerda Allohning uyi – Kaʼbai muazzama, Arafot, Mino va Muzdalifa vodiylari, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning Ravzai saodatlari va qabrlari, buyuk sahobalar dafn etilgan Baqiʼ maskani, Qiblatayn va Qubo masjidlari, Uhud togʻi kabi tabarruk joylarni ziyorat qilishga doimo oshiqqanlar.

Taʼkidlash joizki, joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻldi. Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlari soʻnggi yillarda ijobiy surʼat kasb etib, oʻzaro hamkorlik aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.

Muloqotda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi hamkorlik bosqichlari, haj va umra tadbirlarini tashkil etish rivojlanib borayotgani, soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar taraqqiy etayotgani,   Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 17-18 avgust kunlari ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borishi hamkorlik munosabatini yanada yuksak darajaga koʻtarishga xizmat qilayotgani, eng muhimi, ikki xalq oʻrtasidagi koʻp yillik doʻstlik, birodarlik tamoyiliga asoslangan aloqalar koʻlamini yanada kengayganini alohida qayd etdi.

Shuningdek, Respublikamizda haj va umra tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 364-sonli Qarori asosida “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha Jamoatchilik Kengashi tomonidan amalga oshirib kelinayotgani, bu borada Oʻzbekiston musulmonlari idorasi katta tajriba orttirgani, natijada yurtimiz ziyoratchilari har yilgi haj mavsumida eng namunali, degan maqomga munosib koʻrilayotganini alohida qayd etdi.

Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mazkur tashrifdan maqsad Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini takomillashtirish, ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish sifatini oshirish, diniy-maʼrifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilganini maʼlum qildi.

Vazir janoblari soʻnggi yillarda Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan shu yil 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqanini alohida taʼkidladi. Ayniqsa, turli muassasalar bilan uchrashuvlar oʻtkazilgani va bir qator istiqbolli hujjatlar imzolanganini alohida qayd etdi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon koʻrsatmasiga asosan Haj va umra ishlari vaziri Oʻzbekistonga kelgani, har tomonlama hamkorlik munosabatlari muhokama qilishi, ayniqsa, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan aloqalarni rivojlantirish, haj va umra tadbirlarini yuqori darajaga olib chiqish masalalari koʻrib chiqilishini bildirdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari haj va umra qiluvchi kishilar Alloh taoloning mehmonlari ekani, ularga koʻmak bergan, ogʻirini yengil qilgan inson ulugʻ savobga noil boʻlishini bayon etdi. Haj ziyoratchilari soni joriy yilda 12 000 nafardan, umra qiluvchilar soni esa 40 ming nafardan oshganini alohida qayd etdilar.

Muftiy hazratlari haj va umra qiluvchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, ibodat qilishlari uchun Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida yanada qulay sharoitlarni hozirlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, din ulamolari ishtirokida anjumanlar oʻtkazish, Saudiya Arabistoni fuqarolarini Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlariga ziyoratlarini tashkil etish kabilar borasidagi bir qator amaliy taklif va fikr-mulohazalarni taqdim etdilar. 

Muzokaralarda Saudiya Arabistonida “Nigoh – 2030” davlat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, ikki mamlakatning koʻp yondashuvlari oʻxshashligi va xalqaro doirada bir-birini doim qoʻllab-quvvatlab kelayotgani eʼtirof etildi.

Uchrashuvda mana shunday hamkorliklarga zamin hozirlagan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari, Ikki Muqaddas Masjid xodimi Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hazrati oliylari va Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon janobi oliylariga minnatdorlik bildirildi.

Muloqot yakunida tomonlar sovgʻalar topshirdilar va esdalik uchun suratga tushdilar.

Manba: muslim.uz

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …