Home / MAQOLALAR / Gʻaflatda qolmang! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy kirib keldi

Gʻaflatda qolmang! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy kirib keldi

Haqiqatan, sizlarga oʻzlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, moʻminlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi” (Tavba surasi, 128-oyat) deb marhamat qilgan hamda Oʻzining hidoyatiga boshlagan, ummati Muhammad qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar boʻlsin!

“Avvalgi paygʻambarlar oʻz qavmlarigagina yuborilar edilar. Men esa hammaga barobar paygʻambar qilib yuborilganman”, degan habibimiz va shafoatchimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga batamom salavotu salomlar boʻlsin!

Sevikli Paygʻambarimiz Muhammad Mustafao sollallohu alayhi vasallam Fil yilida Robiʼul avval oyining oʻn ikkinchisi (baʼzi manbalarda 8, 9 yoki 10-kunlari), dushanba kuni (milodiy 571 yil, aprel oyida) dunyoga keldilar. U zot sollallohu alayhi vasallam dushanba kuni roʻza tutib: “Bu men tugʻilgan kun”, deb aytardilar (Imom Muslim rivoyati).

Robiʼul avval oyi qanday oy? Hijriy-qamariy taqvim boʻyicha yilning (Muharram va safar oylaridan keyingi) uchinchi oyi. Bu oy Islom ummati uchun eng sevimli oylardan biri sanaladi. Chunki bu oyda Allohning soʻnggi paygʻambari va habibi, Sarvari koinot Muhammad alayhissalom tavallud topganlar. Shu bois bu oy “Mavlid oyi” deb ham nomlanadi.

Mavlid nima degani? Mavlid lugʻatda “tugʻilish” degan maʼnoni anglatadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy Rabiʼul avval oyi munosabati bilan oʻtkaziladigan marosim va tadbirlar “Mavlidi Nabiy” deyiladi.

Mavlid oyi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yanada qattiqroq sevishga intilish, siyratlarini oʻrganish, u zotga har bir ishda ergashish, yanada koʻproq salavotu durudlar yoʻllash oyidir.

Bu oyni qanday oʻtkazish kerak? Bu oyni Paygʻambar alayhissalomni yanada kuchliroq sevishga intilish, siyratlarini oʻrganish, u zotga har bir ishda ergashish, koʻproq salavotu durudlar yoʻllash bilan oʻtkazish lozim.

Salavot nima degani? “Salavot” soʻzi arab tilidagi “salot” soʻzining jami boʻlib, “duo” degan maʼnoni anglatadi.

Salavot qanday aytiladi? Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh sizga salavot aytish qanday boʻladi?” deb soʻraganlarida U zot alayhissalom: “Allohumma solli aʼla Muhammadin va aʼla aali Muhammadin, kama sollayta aʼla Ibrohiyma va aʼla aali Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd. Allohumma barik aʼla Muhammadin va aʼla aali Muhammadin, kama barokta aʼla Ibrohiyma va aʼla aali Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”, deb aytinglar, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Salavot aytishning qanday fazilatlari bor?

Salavot aytish baxillikdan uzoq qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Huzurida zikr qilinsam, menga salavot yoʻllamagan kishi baxildir”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).

 Salavot aytish duo qabul boʻlishining omilidir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir duo Paygʻambarga salavot aytilmaguncha, osmon oʻrtasidagi parda tufayli yerda toʻxtab turadi, salavot aytilsa, oʻsha parda koʻtariladi”, dedilar.

Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga noil etadi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kunida va juma kechasida koʻp salavot aytinglar, bas kim shunday qilsa, men unga qiyomat kuni guvoh va shafoatchi boʻlaman”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin qiladi. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga koʻp salavot aytganlardir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

 Alloh taolo salavot aytuvchilarning gunohini magʻfirat etadi, darajasini koʻtaradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga oʻn marta salavot aytadi. Uning oʻnta gunohi oʻchiriladi. Oʻn daraja yuksaltiriladi”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Salavot aytuvchilarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshitadilar. Abdulloh ibn Abu Vafo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Juma kuni menga salavotni koʻpaytiringlar. Albatta, menga yetkaziladi va men eshitaman”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). 

Salavot ayting! Har duoning avvali va oxirida.
Salavot ayting! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ismlarini aytganda va eshitganda.
Salavot ayting! Tahorat olgandan soʻng.
Salavot ayting! Janoza namozining ikkinchi takbiridan keyin.
Salavot ayting! Masjidga kirayotganda va chiqayotganda.
Salavot ayting! Boshga mushkul tushganda va xursandchilikda
Salavot ayting! Har namozdan soʻng.
Salavot ayting! Uyqudan turganda va uyquga yotishdan oldin.
Salavot ayting! Qurʼoni karimni xatm qilgandan keyin.
Salavot ayting! Tong otganda va quyosh botganda.
Salavot ayting! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sogʻinganingizda… Demak, har kun, har soniya, har nafasda salavot ayting!
Allohumma solli va sallim ʼala Muhammadin va ʼala aali Muhammad.

 

Davron NURMUHAMMAD
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …