Home / YANGILIKLAR / SHHT SAMARQAND SAMMITI – YANGI UFQLAR POYDЕVORI

SHHT SAMARQAND SAMMITI – YANGI UFQLAR POYDЕVORI

Munosabat

Joriy yil 15–16 sentyabr kunlari butun dunyoning diqqati koʻhna va hamisha navqiron Samarqand shahriga qadaldi. Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar va hukumatlar rahbarlari, diplomatlar, siyosatshunoslar SHHTning navbatdagi 22-sammitida ishtirok etish uchun Sharq gavhari Samarqandda jam boʻlishdi.

Oynai jahon, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali SHHT sammitini kuzata turib, bundan olti asr oldin Sohibqiron bobomiz Amir Temur yuritgan odilona siyosatning mantiqiy davomini koʻrdim.

Muhtaram Prezidentimiz SHHT sammitda nutq soʻzlab, bunday dedilar: “Oʻzaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham koʻproq talab etilmoqda”.

Darhaqiqat, yaxshilik uzra hamkorlik qilish muqaddas dinimizning ham talabidir. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Ezgulik va taqvo (yoʻli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʻli)da hamkorlik qilmangiz!” (Moida surasi 2-oyat).

Ushbu oyatdagi yaxshilikdan murod uning har qanday koʻrinishidir. U bandalarning dunyo va oxiratdagi barcha manfaatini qamrab olgan. Unda bandalarning oʻzlari va Parvardigorlari bilan bogʻliq holatlari haqida soʻz ketyapti. Chunki banda mana shu ikki holat va ikki majburiyatdan ayro emas. Biri oʻzi bilan Alloh oʻrtasidagi majburiyat boʻlsa, keyingisi oʻzi bilan odamlar oʻrtasidagi majburiyatdir.

Inson tabiatan ijtimoiy mavjudot boʻlgani uchun bu olamda yolgʻiz hayot kechirishga qodir emas. Shu bois hayoti bardavom boʻlishi uchun ayrim masalalarda oʻzgalar bilan hamkorlik qilishga majbur. Alloh taolo odamlar bir-birlari bilan hamkorlik qilishi uchun ularni turli millat va elatlar qilib yaratgan. Chunki oʻzaro hamkorlik Odam bolalari orasidagi hayot tarzining eng yaxshisi hisoblanadi. Zero, u saodat, yutuq va faol ijodkorlik uchun asosdir.

Oʻzaro hamkorlikda ish yuritish yuksak ijtimoiy qadriyat boʻlib, muvaffaqiyat siridir. Shu orqali insonlar oʻz maqsadlariga erishadi, jamiyat farovonlik va saodatda hayot kechiradi. Bunday jamiyatda mehr-oqibat, doʻstlik va ahllik hukmron boʻladi. Uning aʼzolari farovon hayot, baxtli kelajak uchun oʻzaro hamkorlikda va yelkama-yelka turib kurashadi. Yomonlik va zulmning tizginini tiyib qoʻyadi. Oʻzaro hamkorlik tufayli har bir fuqaro oʻzi yashab turgan xalq va jamiyatda qadr-qiymati va oʻrni borligini his qilib yashaydi.

Ana shu jihatlarni bugun SHHTga aʼzo davlatlarning hamkorligida yaqqol koʻrish mumkin. 3,5 milliarddan ziyodroq aholiga ega SHHTga aʼzo davlatlar bugungi kunda har jihatdan mustahkam aloqa oʻrnatishi tomonlar manfaatiga xizmat qiladi.

Musulmon kishi oʻz birodari bilan hamkorlik qilar ekan, ikkisining harakatiga faollik qoʻshiladi. Shu bois koʻzlangan maqsadga tez va ishonch bilan erishadi. Chunki hamkorlik vaqt va mehnatni tejaydi.

Koʻpgina hadisi shariflarda ham yaxshilik va taqvo ishlarida hamkorlikka targʻib qilinganini koʻramiz. Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu  alayhi vasallam: “Moʻminlar oʻzaro rahmu shafqatda, mehru muhabbatda bir jasad kabidirlar, agar uning bir aʼzosi ogʻrib qolsa, qolgan butun jasad bedorlik va isitma bilan ogʻriqqa javob beradi”; yana: “Allohning qoʻli jamoat bilandir”; yana: “Moʻmin moʻmin uchun bir-birini tutib turadigan bino kabidir”, deb marhamat qilganlar.

Musulmonlar oʻzaro hamkorlikda yashashi uchun Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu  alayhi va sallamning oʻzlari barchamizga amaliy ibrat va namuna  boʻlib berganlar. U Zot barcha ishlarda, shodlikda ham, qaygʻuli vaziyatlarda ham safdoshlari bilan birga boʻlganlar. Makka mushriklarining barcha tazyiqlari chogʻida haqiqiy iymon egalariga qoʻshilib ozor-aziyat chekkanlar. Ilk masjid qurilishida ularga qoʻshilib yelkalarida gʻisht, tuproq va tosh tashiganlar. Handaq jangi kuni el qatori yer qaziganlar.

Hamkorlik yaxshilik va taqvo ishlarida boʻladi. Yaʼni har bir inson ilmi va amali bilan boshqalarga yordamchi boʻladi. Chunki odam yolgʻiz oʻzi hamma ishga ham qodir emas. Zero, Alloh taolo insoniyatni bir-biriga bogʻliq va koʻmakchi qilib yaratgan.

Borliqni yaratgan Alloh taolo insonlarning kuch-qudrati va imkoniyatlarini, iqtidori va ehtiyojlarini ham bir-biridan farqli qilib yaratdi. Shu bois kimdir kuchli, kimdir ojiz, birovi boy, boshqasi kambagʻal. Hamma vaqt va hamma zamonlarda, har bir jamiyatda badavlat va qashshoq, olim va johil, kuchli va kuchsizlar tabaqasi mavjud boʻlgan. Shu bois insonlar oʻzi yashab turgan jamiyatni saodatli qilishni istasa, bir-biri bilan hamkorlikda yashashi lozim.

Oʻzaro hamkorlikning samarasi jamiyat hayotida namoyon boʻladi. Aʼzolari iqtisod, farzand tarbiyasi va ota-onaga mehribonlik borasida bir-biriga hamkor boʻlgan jamoa baxtli boʻladi. Odamlari kambagʻalga yordam, ilmsizga taʼlim, bemorga shifo, yetimga kafillik beradigan, zulmga qarshi kurashadigan va fisq-fasod tarqalishining oldini oladigan jamiyat saodatga erishadi. Unda farovonlik, xotirjamlik barqaror boʻladi. Fuqarolar oʻrtasida mehr-oqibat keng tarqaladi.

Haqiqatan, SHHT sammitini kuzatib, bu tadbirda qabul qilingan qirqdan ziyod hujjatlar, kelishuvlar, memorandumlar – barchasi tashkilotga aʼzo davlatlarning manfaatlariga birday xizmat qiladi, inshoalloh.

Muhtaram Yurtboshimiz oʻz nutqlarida: “Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yoʻlida mintaqaviy va global xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi”, deya taʼkidlaganlari tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarini ruhlantirib, yangidan-yangi zafarlarga, muvaffaqiyatlarga undashi shubhasiz.

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …