Home / MAQOLALAR / TARBIYA – ENG OLIY QADRIYAT

TARBIYA – ENG OLIY QADRIYAT

Tarbiya haqida gap ketganda oʻtgan asrning boshlarida xalqimizning jonkuyar maʼrifatparvari Abdulla Avloniyning bir gapi beixtiyor yodga tushadi: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”[1]. Darhaqiqat, tarbiya sababli davrlar va xalqlarning kelajagi belgilanadi, u har bir jamiyatning jon tomiri, oliy qadriyati hisoblanadi. Kelajak avlod – farzandlarimizning biz orzu qilgandek bilimli, hunarli, el-yurtga foydasi tegadigan, oqil insonlar boʻlib yetishishi, avvalo, tarbiyaga bogʻliq. Farzand Alloh taoloning insonga bergan oliy neʼmatlaridan biri boʻlib, ota-ona hayotining davomchilari hisoblanadi. Har neʼmatning oʻz shukri bor, farzand neʼmatining shukri unga chiroyli tarbiya berishdir. Bu xususda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota-ona oʻz farzandiga chiroyli xulqdan koʻra afzalroq narsani berolmaydi,” deganlar.

Tarbiyani tor doirada tushunmaslik lozim. Ota-ona zimmasidagi burch farzandga faqat chiroyli odob-axloq oʻrgatishdan iborat emas, balki uni turli xil mafkura mafkura va gʻayriinsoniy yot gʻoyalardan saqlashi kerak. Chunki eʼtiqodi sogʻlom, mafkurasi toʻgʻri boʻlgan farzandgina ota-onaga mehribon, el-yurtga sadoqatli fidoyi inson boʻlib voyaga yetadi.

Farzand tarbiyasi bilan uning goʻdaklik davridanoq, hatto dunyo yuzini koʻrmasidan avval shugʻullanish lozim. Xalqimiz qadimdan tarbiyani koʻpning ishi deb bilgan. Ezgulik, yaxshilik, odob-axloq kabi insoniy fazilatlarni muqaddaslashtirib, har bir yigit-qizga yoshlikdan shu qoidalarga amal qilishni oʻrgatib, nazorat etib borgan.

Tarbiyaning eng muhim talablaridan biri shaxsiy namuna, oila ibratidir. Ota-ona, kattalar, qariyalar, aka-ukalar, qarindosh-urugʻlarning oiladagi mavqei muhim ahamiyatga ega. Yaxshi farzandni, avvalo, yaxshi oila, yaxshi ota-ona tarbiyalaydi. Xalqimizning qadriyatlari rang-barang boʻlib, har biri yaxlit bir asardir. Xalqimizning “Bir bolaga yetti mahalla ota”, degan hikmatli soʻzlarining zamirida olam-olam maʼno bor. Bugungi kun yurtimizda barkamol avlodni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Milliy qadriyatlarimiz asosini maʼnaviyat tashkil etadi, maʼnaviyat esa tarbiya demakdir. Maʼnaviyat bilan insonning imoni, eʼtiqodi, axloqi, ichki dunyosi shakllanib sayqal topadi. Insonni Vatan, xalq, ota-ona, qavm-qarindoshlar oldidagi burchlarini anglashi uning naqadar yuksak maʼnaviyat sohibi ekanidan dalolat beradi.

Milliy qadriyatlarimiz bilan chambarchas bogʻlanib ketgan muqaddas dinimizda ham farzand tarbiyasiga alohida eʼtibor beriladi. Ulamolarimiz farzand tarbiyasini toʻrt qismdan iborat ekanligini bayon qilgan:

1.Eʼtiqod tarbiyasi. Farzand tugʻilib, uning aqli shakllana boshlagan vaqtdan to voyaga yetib, mustaqil hayotga qadam qoʻyguncha unga imon-eʼtiqod masalalari, ota-onaga hurmat, vatanga sadoqat tuygʻulari singdirib boriladi. Bu haqda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bu toʻgʻrida shunday deydilar: “Har bir tugʻiladigan farzand Islom fitratida tugʻiladi, toki tili gapiradigan boʻlguncha (shu holda boʻladi). Keyin esa ota-onasi uni yo yahudiy, yoki nasroniy, yoki majusiy etib voyaga yetkazadi”.[2] (Olti sahih mualliflari rivoyat qilishgan).

Har bir farzand yaxshiliklarni qabul qiluvchi, oppoq qogʻoz kabi sof qalb bilan dunyoga keladi. Ana shu soflikni saqlash, uni shakllantirish va turli xil gʻayriinsoniy xulqlardan hamda dinimizga, eʼtiqodimizga yot boʻlgan turli gʻoyalardan asrash ota-onaning eng muhim vazifasidir.

  1. Jism tarbiyasi. Ota-ona farzandning jismonan sogʻlom boʻlib voyaga yetishiga ham masʼul boʻlib, bunda bolaning yetarli miqdorda toʻgʻri ovqatlanishi, kiyinishi, yotib-turishi va jismoniy mashgʻulotlariga eʼtibor qaratish lozim. Farzandning ruhan va jismonan sogʻlom boʻlib voyaga yetishi nafaqat uning kelajagi, balki butun millat kelajagini taʼminlash ekanini aslo yoddan chiqarmaslik lozim. Sogʻlom avlodni tarbiyalash buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish deganidir. Farzandga chiroyli tarbiya berib, hunar oʻrgatib, ruhan kuchli va eʼtiqodi sogʻlom holda voyaga yetkazish bilan birga ularni jismonan baquvvat qilib voyaga yetkazish ota-onaning eng muhim burchlaridandir. Zero, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham: “Oʻgʻillaringizga suvda suzishni, kamonda otishni, qizlaringizga esa tikishni oʻrgatinglar”,[3] deb farzandlarni chaqqon, sogʻlom, baquvvat, ziyrak va hunarli qilib tarbiyalashga targʻib qilganlar. Chunki sogʻlom va kuchli inson har doim oʻz eliga, vataniga naf keltiradi.
  2. Tafakkur tarbiyasi – tarbiyaning eng masʼuliyatli qismlaridan biri. Farzandning komil inson boʻlib yetishishi va jamiyatda oʻz oʻrnini topishida tarbiya bilan birgalikda ilmning oʻrni katta. Zero, chiroyli tarbiya bilan ziynatlangan ilmli inson kelajakda yurt ravnaqining asosiy poydevori boʻladi. Insonning kamolga yetishida ilmning nechogʻli zarurligini qisqa satrlarda taʼriflab berish qiyin, albatta.

Alloh taolo ilmli bandalarining darajasini baland qilib, olimlarning fazilati haqida: “Ayting: “biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!”[4] deydi. Ilmning inson hayotida qanchalar katta oʻrin tutishi mazkur oyatdan yaqqol ayon boʻladi, chunki har bir millatning salohiyati, kuch-qudrati va kelajagi uning olimlari bilan belgilanadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda: “Beshikdan qabrgacha ilm izlang”, “Ilm olish har bir moʻmin-musulmonga farzdir”,[5] deganlar.

Tarbiyaning bu turi faqat ota-onaga bogʻliq emas, balki ustoz-muallimlarga ham bevosita bogʻliqdir. Ota-ona bunda tayanch nuqtasi boʻlib, farzandining aqlli, tafakkuri keng, jamiyat uchun foydali ilmga ega inson boʻlib voyaga yetishida koʻmak berishlari lozim. Zero har bir jamiyatning kelajagi uning ilmli yoshlariga bogʻliq. Jamiyatimiz ravnaqi uchun zarur boʻlgan ilmlarni olish har bir yosh yigit-qizning zimmasidagi burchlaridan biridir. Har tomonlama yetuk bilimli, xolis niyatli yoshlargina oʻzlarining sof imon-eʼtiqodi bilan oʻz bilimini samarasini toʻgʻri, foydali narsalarga yoʻnaltirib, oʻziga va atrofidagilarga, shu jumladan jamiyatga foyda keltiradi. Bu bilan axloqiy boʻshliqning oldini olib, jamiyatning porloq kelajagi uchun zamin tayyorlaydi.

  1. Axloq tarbiyasi. Yoshlar barcha sohada yetakchi boʻlishlari uchun eng avvalo, odob-axloqli boʻlishi lozim. Chunki odob dunyo va oxirat neʼmatlariga yetkazuvchi asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Bu barcha dinlarda oʻz tasdigʻini topgan. Qurʼoni karimda ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham odob axloq masalasiga alohida eʼtibor berilgan. Xususan, paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota-ona oʻz farzandiga chiroyli xulq (odob)dan afzalroq narsani meros qilib qoldira olmaydi”,[6] “Farzandlaringizni hurmat qilinglar va odoblarini chiroyli qilinglar”, [7] deb marhamat qilganlar.

Kishi oʻgʻil-qizini goʻdakligidan tarbiyalab, odob bermogʻi kerak, chunki chiroyli xulq farzandlarimizning komillik sari qoʻygan ilk qadami hisoblanadi. Dono xalqimizning ajoyib bir hikmatli soʻzi bor: “Farzand aziz, tarbiyasi esa undan-da aziz” (xalq maqoli). Darhaqiqat, farzand odob-axloqi bilan azizdir. Xalqimizda odob-axloq va tarbiyaga bu qadar eʼtibor berilishi bejiz emas, chunki inson ilmi bilan yeta olmagan choʻqqilarni chiroyli odob-axloqi bilan zabt etadi. Islom dinida ibodat darajasigacha chiqarilib, hatto uning arkonlari bilan tenglashtirilgan amallardan biri ham chiroyli xulq va hayodir. Bu ikki fazilat bir-biriga chambarchas bogʻliq boʻlib, ularni bir-birisiz, dinni esa ularsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu ikki fazilat dinning bir boʻlagi boʻlishi bilan bir qatorda, insonning eng oliy, bebaho ziynatlaridir. Bashariyat uchun bu yoʻlda yuksak namunani taqdim etgan zot Muhammad sollallohu alayhi va sallam boʻlib, Alloh taolo muborak Kalomi sharifida “Albatta siz ulugʻ xulq ustidadirsiz”,[8] deb Paygʻambar alayhissalomning yuksak xulq sohibi ekanligini taʼrif etadi. Chiroyli xulq haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida moʻminning tarozusida chiroyli xulqdan-da ogʻirroq narsa boʻlmaydi”[9]deb marhamat qiladilar. Odob-axloqqa doir bu kabi hadislarni koʻplab keltirish mumkin.

Yaxshi tarbiya – saodatli, yomon tarbiya esa istiqbolsiz kelajakdir. Kishi farzandi tarbiyasiga eʼtiborli boʻlib, unning odob-axloqini takomillashtirib borar ekan, kelajakda hosil beradigan mevaning urugʻini yerga qadayotgandek boʻladi. Mamlakatimizda oʻsib kelayotgan yosh avlodni zamon talablariga mos ravishda tarbiyalash uchun tahsinga sazovor ishlar amalga oshirilmoqda. Bu tadbirlar yosh avlodni kelajakda ham maʼnan, ham jismonan yetuk inson boʻlib, farovon, baxtli hayot kechirishlari uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi.

[1] A. Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. “Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. T-2004. –B.7.
[2]  Al-Kutubu as-sitta, “Sohihu Muslim”. “Dorus salom” nashriyoti, Riyoz 2000. B 1141.
[3] Ahmad ibn Husayn Bayhaqiy.  “Shoʻbul imon”. Riyoz 2003. 11-jild. –B.135. 8297-hadis.
[4]  Qurʼoni karim oyatlarining tarjimasi Shayx Abdulaziz Mansurning “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va izohlari” kitobidan olindi. T.: “Toshkent islom universiteti”. 2009 y. Zumar surasi. 9- oyat.
[5] Al-Kutubu as-sitta, “Sunanu Ibn Moja”. “Dorus salom” nashriyoti, Riyoz 2000. B 2491.
[6] Al-Kutubu as-sitta, “Sunanu Termiziy”. “Dorus salom” nashriyoti, Riyoz 2000. B 1848.
[7] Al-Kutubu as-sitta, “Sunanu Ibn Moja”. “Dorus salom” nashriyoti, Riyoz 2000. B 2696.
[8] Qurʼoni karim oyatlarining tarjimasi Shayx Abdulaziz Mansurning “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va izohlari” kitobidan olindi. T.: “Toshkent islom universiteti”. 2009 y. Qalam surasi, 4- oyat.
[9] Al-Kutubu as-sitta, “Sunanu Termiziy”. “Dorus salom” nashriyoti, Riyoz 2000. B 1852.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …