Har bir goʻzal axloq va chiroyli tarbiya oʻz egasini baxt-saodatga yetaklaydi. Ular insonni sharaf, fazilat va yuksak maqom sari boshlaydi. Bu xususda bir qancha hadislar bor. Xususan, Hokim Oisha onamizdan rivoyat qiladi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Yaxshi xulqlar oʻntadir. U narsa kishida boʻlib, oʻgʻlida boʻlmasligi, oʻgʻilda boʻlib, otada boʻlmasligi ehtimol. Qulda boʻlib, xojasida boʻlmasligi mumkin. Alloh saodatni xohlagan kishilarga oʻsha xulqlarni taqsim qilgan. Ular: rost soʻz, urushda sabot bilan turish, soʻrab kelgan kishiga narsa berish, bir narsa yasab bergan kishini mukofotlab qoʻyish, omonatni saqlash, qarindoshlik rishtalarini tiklash, qoʻshni va doʻst haqi-hurmatini saqlash, mehmondoʻst boʻlish. Bularning boshi – hayodir”, dedilar”.
Abdulhay Laknaviyning hayotiga nazar solsak, u ham yuqoridagi fazilatlar bilan neʼmatlanganiga guvoh boʻlamiz. Allomaning asrdoshi va hamshahri tarixchi Abdulhay Hasaniy “Nuzhatul xavotir” kitobida bu soʻzlarni keltirgan: “Men bir necha marta Abdulhay Laknaviyning ilmiy majlisida qatnashganman. Alloma ochiq yuzli, koʻzlari qora, nazari eʼtiborli, yuzida tuklari kam va sochlari yoyilib tushib turar edi”.
Xulq-odobi borasida shogirdi Bandaviy allomani goʻzal axloqlar bilan sifatlab, bunday degan: “U eng goʻzal xulq sohibi edi. Biror kimsaga yuzini burishtirmas, hatto oʻzi yoqtirmagan kishi kelsa ham tabassum bilan qarshi olar, birovni gʻamga soladigan gaplarni soʻzlamas, oʻzi bilan munozara qilganlarning birortasini igʻvo qilmas va dilni xira qiladigan soʻzlar bilan xitob etmas edi”.
Allomaning saxiyligi, bagʻrikengligi va kechirimligi taʼrifga sigʻmas darajada boʻlib, hatto dushmanini ham hurmat-ikrom qilib qarshi olardi. Muhammad Bashir Sahisvoniy salafiy olimlaridan boʻlib, Abdulhay Laknaviy bilan mazhab masalalarida bahs-munozara qilgan. Abdulboqiy Sahisvoniy aytadi: “Muhammad Bashir Sahisvoniy qachon Laknav shahriga kelsa, Abdulhay Laknaviyning uyida mehmon boʻlar edi. Alloma uni hurmat-ehtirom bilan kutib olib, necha kun mehmon boʻlsa ham, u kutgandan koʻra ziyodasi bilan ziyofat qilardi”.
Abdulhay Laknaviy oz narsaga qanoat qilar, rahbarlik va hukumat ishlariga qayrilib qaramas edi. Oʻzining “An-nofiʼul kabir” asarida bunday degan: “Alloh taolo meni qalbimga ilm muhabbatini solish va undan rahbarlik ishlariga muhabbat qoʻyishni chiqarish bilan mukofotladi”.
Haqiqatan ham, unga otasining oliy adliya uyushmasidagi mansabi taklif etilganda, doʻstlari va qarindoshlarining qistoviga qaramasdan u yerda ishlashdan bosh tortadi. Chunki Abdulhay Laknaviy oʻzida boriga qanoat qilib, boylikka intilmas, mansabdan va obroʻ-eʼtiborli boʻlishdan qochar edi.
Abdulhay Laknaviyning zehni juda oʻtkir boʻlib, bir oʻqigan kitobini esda saqlab qolardi. U hayoti davomida dars olish va taʼlim berishda, kitoblarini taʼlif etish va olimlar bilan ilmiy munozara qilishda ana shu iqtidoriga suyangan. Alloma oʻzi haqida bunday degan: “Mening yodlash va eslab qolish qobiliyatim yoshligimdan kuchli edi. Besh yoshimdagi barcha voqealar “Fotiha” surasidek esimda qolgan. Hatto uch yashar paytim qoqilib, yiqilib tushganimni ham eslayman”. Uning bu qobiliyatidan ustozlari ham taajjubga tushib, Qurʼon va hadisni yodlashdagi hifziga yuqori baho bergan.
Abdulhay Laknaviy chiroyli xulqi va kuchli xotirasi sababli oʻz zamonidagi qarshiliklarga qaramay, koʻpchilik ulamolar bajara olmagan ishga qoʻl urdi, yaʼni kitoblar taʼlif etdi. Uning shuhrati arab va ajam oʻlkalarida keng yoyilib, asarlari islom ilmlari xazinasiga dur-javohir boʻlib qoʻshildi.