Haj Islom dinining beshinchi rukni boʻlib, haj qiluvchi nafs pokligi va axloq sayqaliga alohida eʼtiborli boʻlishi talab etiladi. Alloh taolo Oʻzining baytiga haj ibodatini bajarish uchun chaqiribdimi, demak haj qiluvchilar Allohning mehmonlaridir. Shuning uchun haj qiluvchilar oliy darajadagi odob bilan odoblanishlari zarurdir.
“Haj maʼlum oylardir. Kimki ularda oʻziga hajni farz qilsa (yaʼni ehromga kirsa), hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yoʻqdir. Nima yaxshilik qilsangiz Alloh uni biladi” (Baqara surasi, 197-oyat).
Hajga otlangan inson tilini turli fahsh, gʻiybat va nooʻrin soʻzlardan tiyishi zarur. Hajdan koʻzlangan maqsad mukammal ravishda roʻyobga chiqishi uchun bir qancha qalb amallari va odoblarni bajo keltirish lozim boʻladi:
- Hajga ketayotgan inson avvalo Alloh rizoligini tilab, ibodatda boʻlishi kerak. Shuningdek, “hoji ona” nomini olish, faxrlanish va riyokorlik kabi illatlarda yiroq boʻlishi zarur.
- Barcha gunohlardan tiyilib, Alloh taologa tavba qilsin.
- Atrofida keksalar, ota-onalari boʻlsa, ularning roziligi va duolarini olish yaxshi amallardan hisoblanadi.
- Kimning dilini ogʻritgan, zulm qilgan boʻlsa, ulardan safar oldidan uzr soʻrasin. Oʻzi ham kechirimli boʻlsin.
- Haj safari tayyorgarligi bilan ovora boʻlib, namoz va boshqa ibodatlarga eʼtiborsizlik qilmasin.
- Kimdan qarzi boʻlsa, safarga ketguncha barcha qarzlarni toʻlab qoʻysin.
- Haj safari chogʻida har daqiqaning qadriga yetib ibodat va zikrlar bilan mashgʻul boʻlish, qoʻlidan kelganicha odamlarga yaxshilik qilish payida boʻlishi kerak.
- Safar chogʻida gʻiybat, chaqimchilik va behuda soʻzlardan tilini tiysin.
- Haj davomida hayollari tijoratdan holi boʻlgan holda, qalbda ibodatlarini Yaratganning huzurida qabul boʻlishini chin ixlos ila soʻrasinlar.
Haj safariga boruvchi ayollarga xos boʻlgan masalalar:
- Ayollar ehrom holatida boshlarini yopadilar, yuzlari esa ochiq holda boʻladi. Koʻylaklar gulsiz, sidirgʻa, ichi koʻrinmaydigan darajada boʻlishi, tor boʻlmasligi talab etiladi.
- Sochlar doimo roʻmol tagida boʻlishi kerak. Sochlar ibodat chogʻida xalaqit qilmasligi uchun turmaklanadi yoki biror narsa bilan bogʻlab olinadi.
- Ayollar talbiyani maxfiy, yaʼni past ovozda aytadilar. “Labbaykallohumma labayk, labbayka laa shariyka laka labbayk. Innal hamda val-neʼmata laka val mulk, laa shariyka lak”
- Mehmonxonalardagi xonalar taqsimotida tartibli boʻlish talab etiladi. Mehmonxonada oz vaqt boʻlishlikni, haj safariga nima maqsadda borishlikni doim yodda saqlagan holda ellikboshining koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilish shart.
- Mehmonxonalardagi xonalar ozodaligiga eʼtibor berish, suvni isrof qilmaslik talab etiladi.
- Mehmonxonalarda ham satri avrat qoidalariga amal qilish lozim.
- Oshxonadagi tartib-intizomga qatʼiy rioya qilish kerak. Ortiqcha yeguliklarni xonalarga olib chiqmaslik, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik.
- Shaxsini tasdiqlovchi hujjat (koʻkrak nishoni) va mehmonxona tashrif qogʻozi (vizitka)si doim yonida olib yurish kerak.
- Ibodat yoki boshqa holatlarda mehmonxonadan tashqariga chiqiladigan boʻlsa, kalitni topshirib ketish zarur.
- Ibodatlar uchun masjidda qolinadigan boʻlsa yoki boshqa ishlar yuzasidan ellikboshini ogohlantirib qoʻyish lozim.
- Ibodat vaqtlarida ayollarning hayz kunlari boshlanib qolsa, Kaʼba tavof qilinmaydi, namoz, Qurʼon oʻqilmaydi. Qolgan amallar toʻlaligicha qilinadi. Umra ziyorati hayz kunlariga toʻgʻri kelib qolsa ayol shifokorlar bilan maslahatlashib ish koʻriladi.
- Ayollar kamida uch kishi boʻlib yurishi, kechasi yolgʻiz yurmasliklari lozim. Masjid uzoqda boʻlsa, shaxsiy avtomobillarga oʻtirmaslik, faqat taksilardan foydalanish tavsiya etiladi.
- Masjidul Nabaviydagi bir rakaat namozning savobi ming rakaat namozga, Masjidul Haramdagi bir rakaat namozning savobi esa yuz ming rakaat namoz savobiga tengligini doimo esda saqlab, vaqtni gʻanimat bilib, doimo ibodatda boʻlish kerak.
- Haj va umra oxirida ayollarning sochlaridan, soch uchidan bir barmoq aylantirarlik uzunligida soch kesiladi. Soch uzun boʻlsa, sochning uchidan, soch kalta boʻlsa oʻng tomonda qaychi bilan kesiladi. Ehromga kirishdan oldin shularni hisobga olish kerak.
- Hajga boruvchi ayollar ibodat vaqtida ulkan ajrlar berilishini hisobga olib, birovlarning haqiga, moliga xiyonat qilmaslik, atrofdagilar bilan janjallashmaslik, oʻzi va boshqalar uchun savobli amallar qilishga harakat qilishi talab qilinadi.
- Begonalardan audio, video tasmalar, turli kitoblar olmaslik talab etiladi.
- Hamxonalarda keksalar boʻlsa, qoʻldan kelganicha yordam berish tavsiya etiladi.
- Biz Abu Hanifa mazhabiga muvofiq ibodat qilamiz, shuning uchun ibodat vaqtida boshqa mazhabdagi ayollarning ibodatlariga eʼtibor bermaslik talab etiladi.
- Hozirgi vaqtda tasbehlar, joynamozlar oʻzimizning yurtda ham serob boʻlgani bois u yerdan yuk qilib koʻtarib yurmaslik, uyda qolgan farzandlardan tasbeh, joynamoz va boshqa narsalarni uyga olib kelib qoʻyishlari tavsiya etiladi.
- Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida yoki Kaʼbaga matolarni turli niyatlarda surtish, Uhud togʻi tuprogʻidan olib ketish, Uhud togʻiga qarab namoz oʻqishning bidʼat amallardan ekanini aniq bilish zarur.
- Samolyotda, mehmonxonalarda, masjidlardagi tahoratxonalarda pokizalikka qatʼiy eʼtibor berish talab etiladi.
- Hajga borayotganlar nima maqsadda ketayotganligini aniq bilib olishlari lozim, shuningdek, ibodat vaqtlarida ayollarni pardozlanib yurishlari man etiladi.
- Ibodatlarni tugatib mehmonxonaga qaytish yoʻli yoddan koʻtarilgan vaqtda sarosimaga tushmaslik, yaqin atrofdagi politsiya yoki biron kishiga beyjik va mehmonxona tashrif qogʻozi (vizitka)ni koʻrsatish maqsadga muvofiqdir.
- Shifokorlar doim xizmatda boʻlganligi bois oʻzingizmi, hamxonangiznimi tobi qochib qolsa, darrov shifokorga murojaat qilish zarur.
- Mehmonxonalarda yuk yoʻqolish kabi hodisalar boʻlganida, darhol ellikboshiga murojaat qilish kerak.
- Haj safariga ketayotganda va qaytishda aeroport maʼmuriyati tomonidan talab etilgan meʼyordan ortiq yuk olmaslik talab etiladi.
- Toshkent aeroportiga qaytib kelingandan keyin jomadon yoki yuklar yoʻqolgani maʼlum boʻlsa, jomadon uchun berilgan chiptani ellikboshi bilan birgalikda aeroport maʼmuriyatiga topshiriladi.
- Haj safaridan qaytib kelgandan keyin musulmon kishiga xos boʻlgan ishlarni mukammal bajarishda, mahalla va jamoat ishlarida, toʻy va maʼrakalarni isrofgarchiliksiz oʻtkazish, yoshlar tarbiyasida ibrat boʻlishlari tavsiya etiladi. Xayrli amallarda davomli boʻlish ikki dunyo saodatiga erishtiradi.
Haj safari davomida bajargan ibodatlaringiz Alloh taolo dargohida husni maqbul darajasida boʻlishini, mabrur haj nasib etishini tilab qolamiz.