Home / FOTO LAVHALAR / AXBOROT XIZMATLARI SOHASIGA OID MUHIM MILLIY ANJUMAN ISH BOSHLADI

AXBOROT XIZMATLARI SOHASIGA OID MUHIM MILLIY ANJUMAN ISH BOSHLADI

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qoʻllab quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi hamkorligida “Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik – bosh mezon” mavzusida milliy konferensiya ish boshladi.

Islohotlarning bugungi bosqichida axborot xizmatlari oldida turgan muhim vazifalarni belgilash va kutilayotgan siyosiy tadbirlar jarayonida davlat organlarining faol ishtirokini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan konferensiyada davlat hokimiyati organlari, respublika ahamiyatiga molik idoralar, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning birinchi kunida ishtirokchilar oʻrtasida tanishuv, tajriba almashuv, press-tur va ochiq muloqotlar oʻtkazildi. Dastavval Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mediarejalar boʻyicha yangi platforma taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda tashkilotchilar tomonidan yigʻilganlarga mediarejalar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish asnosida ishlab chiqilayotgan yangi elektron platforma qulayliklari, afzalliklari va texnik jihatdan keng imkoniyatlari haqida soʻzlab berildi. Platforma kelgusi oydan test rejimida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Taqdimotda shuningdek, axborot xizmatlari tomonidan tuziladigan mediarejalar mundarijasini zamon talablari asosida yanada takomillashtirish, ommaviy axborot vositalarida muammoli vaziyatlarni yoritish jarayonida xolislik va tashabbuskorlikni taʼminlash borasida uslubiy tavsiyalar berildi.

Konferensiya dasturiga binoan ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Raqamli vaziyatlar markazi” hamda Adliya vazirligi axborot xizmati faoliyati bilan tanishdilar.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiya qatnashchilari Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi tarkibidagi “Renessans TV” telekanali faoliyatining koʻzdan kechirdilar. Shu yerning oʻzida Assotsiatsiyaga aʼzo teleradiokanallar rahbar va ijodiy xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Kun oxirida ishtirokchilar uchun “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga sayohat tashkil etildi.

Konferensiya ishi 2 kun davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …