Qadimdan libos insonning ijtimoiy mavqei, kasb-korini anglatgan. Boyonlar, musofir darveshlar, hunarmand-savdogarlar, shuningdek, urugʻ va elatlarni-da libosiga qarab tanisa boʻladi. Boisi kiyim madaniyat koʻzgusi. Bugun yirtiq-yamoq shim, kalta paypoq kiygan yoshlar koʻpayib bormoqda. Bu ham madaniyat belgisi, deguvchilar topiladi. Ammo bu kabi “urf”lar xalqimizning qadimdan meros kiyinish madaniyatiga taʼsir koʻrsatayotganini koʻrib, ogʻrinamiz.
Biz “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sovrindori, P.Benkov nomidagi Respublika rassomlar tayyorlash maktabining liboslar dizayni katta oʻqituvchisi Malika Qoʻziyeva bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
– Libos inson xususiyati, feʼl-atvoriga qanchalik bogʻliq va qadimda turkiy xalqlarda qanday kiyinish uslublari boʻlgan?
– Libos insonning turli xususiyati, madaniyati, tarbiyasi, didi va feʼl-atvorini taʼriflab beruvchi koʻzgudir. Turkiy xalqlarning eng qadimgi va ilk muhim boʻgʻinlaridan biri bu – ogʻuz beklari, yaʼni ona sut bergan ilk farzandi – oʻzbeklar boʻlgan deyishadi. Shuning uchun ham turkiy xalqlar ichida eng katta tarixga ega bugungi turklar Oʻzbekistonni ota yurtimiz, deb atashadi. Shu sabab turkiy xalqlar madaniyati bir-biriga yaqin.
Kamoliddin Behzod chizib qoldirgan bebaho miniatyura asarlarida ham ota-bobolarimizda kiyinish madaniyati yuksak boʻlganini koʻrish mumkin. Undan ham avvalgi, Afrosiyob (Samarqand), Varaxsha (Buxoro), Xolchayon (Surxondaryo), Qizyotgan qalʼa (Qadim Xorazm-Qoraqalpogʻiston) kabi qadimgi devoriy suratlar orqali hatto eramizdan avvalgi, bugungi koʻplab xalqlar hali yer yuzida boʻlmagan davrlarda vatanimiz hududida oʻziga xos liboslar mavjud boʻlganini kuzatamiz. Qolaversa, qadimdan Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻli orqali Gʻarb va Sharqqa kiyim-kechak, poyabzal va bosh kiyimlar uchun barcha iqlim va oʻlkalarga zarur boʻlgan paxta, ipak, qorakoʻl, momiq, oshlangan koʻn va teri yetishtirib yetkazib bergani va bugungi kunda ham yurtimiz dunyoga turli libos uchun qimmatbaho tabiiy materiallarni yetishtiruvchi eng yirik eksportyorlardan boʻlib kelayotgani bejiz emas. Bu oʻzbek xalqining qadimdan yuksak did bilan kiyinish madaniyatiga ega xalqlardan boʻlganini isbotlaydi.
– Liboslarning jamiyatdagi ahamiyati va ularning mutanosibligi haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz?
– Libos, ayniqsa, bosh kiyim hamma davrlarda, hamma xalqlarda muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Bosh kiyimga qarab odamning ijtimoiy mavqei, millati, qaysi elat yoki urugʻga mansubligi, qaysi tabaqadan ekani, yoshi, jinsi, oilaviy maqomigacha bilish mumkin boʻlgan. Bejiz hukmdorlar toj, qalandar-darveshlar qalpoq, maʼlum yoshga qarab xorazmliklar choʻgirmani turli rangdagisini, toshkentlik yigitlar uylangan yoki boʻydoqligiga, unashtirilganini bildiruvchi kashtali doʻppilar kiymagan. Shuning uchun bosh kiyim avvalo egasining maqomini koʻrsatib turuvchi “maʼlumotnoma” boʻlgan. Bosh kiyim ustki libos bilan mutanosib boʻlishi ham kerak. Nafaqat kiyinish uslubi, balki liboslar ranglari ham bir-biriga mos boʻlsa, nur ustiga nur (bu mutanosiblikni, ayniqsa, ayol-qizlar qoyillatadi). Sababi libos insonning butun boshli “ID kartasi” vazifasini bajaradi.
Mashhur rus yozuvchisi Konstantin Paustovskiyning 1916 yilda oʻzi koʻrgan va uni dahshatga solgan voqea – Vatan ozodligi uchun kurashgan minglab oʻzbeklarni Moskva koʻchalari boʻylab bir necha kun davomida haydab oʻtilgani haqida yozar ekan, ularning boshidagi doʻppisini asosiy belgi sifatida koʻrsatadi: “Koʻchalar boʻylab soqchilar yashil rang chopondagi minglab oʻzbeklarni haydab borishardi. Oʻrta Osiyodagi qoʻzgʻolonlar bostirilgach, oʻzbeklarni Murmansk sari, shimoliy qutb temir yoʻlini qurib, oʻlib ketmogʻi sari boshlab ketar edi. Quruq qor uchqunlari ularning kumushrang naqshli qora doʻppilarini qoplardi. Bu mahkumlarning oʻtishi bir necha kunlab davom etdi…” – deb yozadi u.
– Liboslar tarixi mutaxassisi sifatida qaysi qadimgi libosni hozirgi davrga qaytarishni xohlaysiz?
– Men aslida liboslar dizayneriman. Koʻpincha tarixiy libos va kiyimlar loyihalari ustida ishlaganim tufayli va Pavel Benkov nomidagi rassomlar maktabida uzoq yillardan buyon liboslar tarixidan dars berib kelayotganim sabab koʻp yillardan buyon oʻzbek va jahon xalqlari liboslari tarixini oʻrganaman. Tabiiyki, oʻz ijodimda ham bu juda qoʻl keladi. Parijda, Londonda, Moskvada, Lyuksemburgda, Urumchida boʻlib oʻtgan koʻplab xalqaro libos tanlovlari va festivallarda taqdirlangan liboslarim aynan tarixiy mavzuda ishlangani va dizaynida ananaviy oʻzbek matolaridan keng foydalanilgani – bular barchasi ushbu sohada hali katta ijodiy imkoniyatlar borligini koʻrsatadi.
Keyingi yillarda milliy oʻzlikni anglashga katta eʼtibor qaratilmoqda, maqom, baxshichilik, milliy hunarmandchilik kabi yoʻnalishlar rivojlantirilmoqda. Bu albatta milliy liboslar rivojiga, ularni ommalashtirishga xizmat qildi. Ammo shu bilan birga, milliy matolarimizdan, ayniqsa, ayollar kiyimlarida ishlatiladigan ipak matolardan didsizlarcha foydalanish hollari afsuski koʻpaydi. Bu muammolarning yechimi milliy liboslar tarixini chuqur tahlil qilib oʻrganishda, deb hisoblayman.
– Yoshlar kiyinishda Gʻarbga koʻr-koʻrona taqlid qilishi haqida fikringiz qanday?
– Bilasizmi, bunday mavzularning kun mavzusi qilib katta muhokamaga olib chiqilishi nafaqat yoshlar, balki aksariyat katta yoshli yurtdoshlarimizda ham kiyinish bobida bilim va zakovat yetarli emasligidan dalolat beradi. Bu holatni men yoshlarimizning zamonaviy boʻlaman deb yarashsa-yarashmasa kiyib, begona madaniyatlarga ergashib ketayotgani, xalqimizning tarixiy merosidan, kiyinish madaniyatidan bexabar boʻlib qolayotganidan deb tushunaman. Bunday mavzularni katta muhokamaga olib chiqishdan koʻra yoshlarga oʻrnak boʻladigan milliy dizayndagi liboslarni urfga aylantirish borasida bosh qotirsak yaxshi boʻlar edi.