Qohirada davom etayotgan xalqaro anjumanning asosiy qismida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom maʼrifatini toʻgʻri yetkazish va buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi turish borasidagi Oʻzbekiston tajribasi haqida nutq soʻzladi.
Xususan, “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili asosida ekstremistik gʻoyalar taʼsiridan xalqimizni himoya qilishda sof Islom aqidasini keng yoyish, chiroyli pandu nasihat qilish va aholi ilm-maʼrifatini boyitishga katta eʼtibor qaratilayotgani alohida qayd etildi.
Ayniqsa, Qurʼoni karimni oʻrganishga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash uchun Oʻzbekistonning har bir hududida tajvid kurslari tashkil etilgani ishtirokchilarga manzur keldi.
Muftiy kechirimlilik siyosati tufayli mamlakatda ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan fuqarolar, oʻz qilmishidan pushaymonligi va toʻgʻri yoʻlga kirganligini hisobga olinib, maxsus hisobdan chiqarilgani hamda tuzalish yoʻliga oʻtgan minglab shaxslar jazodan ozod etilgani haqida maʼlumot berdi.
Mazkur toifadagi insonlar oʻzlarini davlat himoyasi va gʻamxoʻrligi ostida ekani, toʻlaqonli fuqaro sifatida his qilishi uchun barcha shart-sharoitlar hozirlangan.
Shuningdek, maʼruzada yoshlarni adashishlikka olib boruvchi omillarga qarshi qaratilgan ishlarga katta eʼtibor berilayotgani, ulamolar, imom-xatiblar va diniy soha xodimlari doimiy ravishda aholiga imon-eʼtiqod, dinu diyonat va ilmu maʼrifat haqida maʼrifiy suhbatlar oʻtkazilayotgani toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Shu bilan bir qatorda xalqimiz eʼtiqodi sofligini muhofaza qilish ishlari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham faol amalga oshirilayotgani aytib oʻtildi.
Ayniqsa, Yaqin Sharq va Afgʻoniston hududlaridan Oʻzbekiston fuqarolarini olib chiqishga qaratilgan “Mehr” operatsiyalari, olib kelinganlarning jamiyatga moslashuvi uchun qilinayotgan ishlar koʻpchilikning eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Yangi Oʻzbekistonda mazkur yoʻnalishdagi tajribalar, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allom, davlat va din arboblari tomonidan yuqori baholandi.
Manba: OʻzA