Butun Islom olamining yirik ulamo va soha mutaxassislari ishtirokida Misrning Qohira shahrida anjuman boʻlib oʻtadi.
Ushbu anjumanda Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Allom, “Al-Azhar” ulamolari kengashi aʼzosi, doktor Shayx Ali Juma kabi yirik Islom ulamolari, qolaversa, Bolgariya, Nigeriya, Indoneziya, Belgiya, Bahrayn, Iroq, Iordaniya, Livan, Singapur, Chad, Tanzaniya, Qamar orollari Respublikasi, Qozogʻiston kabi davlatlardan muftiylar, islomshunos olimlar, ekspert va soha xodimlari ishtirok etadi.
Bugun, 6 iyun kuni erta tongda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari boshchiligidagi delegatsiya xalqaro konferensiyada qatnashish uchun Qohira shahriga yetib bordi.
Qohira xalqaro aeroportida Muftiy hazratlarini Oʻzbekistonning Misrdagi elchisi Mansur Qilichev, Misr Arab Respublikasi muftiysi vakillari va boshqa mutasaddilar kutib olishdi.
Ertaga, 7 iyundan boshlab, uch kun davom etadigan nufuzli tadbirda musulmon mamlakatlarida dolzarb boʻlib turgan masalalarni taniqli ulamolar, 20 dan ziyod davlatlar muftiylari, din va davlat arboblari muhokama qilishadi.
Xalqaro konferensiyada Muftiy hazratlari ishtirok etib, nutq qiladilar va bir qator islom ulamolari bilan muloqotlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.