Home / FOTO LAVHALAR / “DЕKLARATSIYALAR MULOQOTI” XALQARO FORUMINING ASOSIY TADBIRI BUXORODA OʻTDI

“DЕKLARATSIYALAR MULOQOTI” XALQARO FORUMINING ASOSIY TADBIRI BUXORODA OʻTDI

Avval xabar qilganimizdek, ayni kunlarda yurtimizda nufuzli xalqaro anjuman – “Deklaratsiyalar muloqoti” forumi oʻtkazilmoqda.

Kuni kecha forum tadbirlari doirasida uning ishtirokchilari uchun Samarqand shahrining tarixiy obidalariga tashrifni oʻz ichiga olgan tanishuv sayohati tashkil etildi.

Bugun esa Buxoro shahrida mazkur forumning asosiy tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirning yalpi majlisida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov “Markaziy Osiyo mutafakkirlarining jahon sivilizatsiyasi va dinlararo hamkorlik rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida maʼruza qildi. Maʼruza diniy bagʻrikenglikning Oʻzbekistondagi tarixiy asoslarini ochib berishga qaratilgan boʻlib, unda millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida asrlar davomida movarounnahrlik allomalarning boy maʼnaviy merosi asosida shakllangan anʼanalarga keng oʻrin berilgan. Aynan shu qadimiy qadriyatlar bugungi kunda konfessiyalararo intensiv va samarali muloqot maydonini yaratib, turli din vakillari oʻrtasida ijtimoiy-madaniy jihatdan izchil hamkorlikni kuchaytirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilmoqda. Maʼruzada shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham soʻz bordi.

Tadbirda forum davomida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilinib, eʼtiqod erkinligi va dinlararo muloqotni taʼminlash borasida oʻzaro fikr almashildi va kelgusida hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

  

Forum yakuni boʻyicha “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Mazkur deklaratsiya 2016-2020 yillarda qabul qilingan Marokash, Makka, Jakarta, Potomak, Punto-del-Esteda deklaratsiyalarining mantiqiy davomi sifatida oʻzida Oʻzbekiston tajribasidan kelib chiqib, jahon hamjamiyati bilan birga dunyoda maʼrifat va diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirish, shuningdek, turli dinlar oʻrtasidagi muloqotni kuchaytirishga oid daʼvatni ifodalagan.

    

Shuning bilan mamlakatimizda soʻnggi kunlar davomida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida oʻtkazilayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi asosiy ishini yakunladi.

20-may kuni forumning xorijlik ishtirokchilari Buxoroning boy madaniy-tarixiy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …