Joriy yil 16-20 may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi oʻtkaziladi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridgi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimiyatlari tomonidan tashkil etilmoqda.
“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” Maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi boʻlib, 2020 yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
2019 yil Toshkent shahrida ilk bor oʻtkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” jahon hamjamiyatiga oʻzbek xalqining boy madaniy-tarixiy va diniy-falsafiy merosi, Oʻzbekiston Respublikasining konfessiyalararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, jamiyatda doʻstlik va oʻzaro hamjihatlik muhitini saqlab turish boʻyicha siyosiy-huquqiy tajribasi bilan tanishish imkonini beruvchi muhim maydonchaga aylandi.
Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar oʻrtasida samarali muloqot oʻrnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilgʻor xorijiy tajriba namoyish etiladi.
Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining eʼtiqod erkinligini taʼminlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatini birlashtirish jarayonining ajralmas qismi boʻlib, davlatimizning inson huquq va erkinligi boʻyicha xalqaro majburiyatlarga qatʼiy sodiqligi, Oʻzbekiston Respublikasi 2020 yil ilk bor saylangan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi masʼul aʼzosi sifatida mamlakatimizning ayni yoʻnalishda eʼtirof etilgan umumiy standartlarni xalqaro miqyosda faol targʻib etishga tayyorligi ifodasidir.
Boʻlajak forumda 2019 yilda boʻlgani kabi Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSH yetakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslari, huquqshunoslari, rasmiylari toʻplanadi.
Anjumanga anʼanaviy tus berilishi va tadbirda dunyoning turli hududlaridan keng doiradagi vakillar ishtirok etishi ham Oʻzbekiston Respublikasining eʼtiqod erkinligini, konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash borasidagi davlat siyosati samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak eʼtirof etilayoganidan dalolat.
Forum kun tartibi bir necha bosqichdan iborat. Dasturning birinchi qismiga koʻra, 16-17 may kunlari Toshkentda koʻp millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini taʼminlash, turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash boʻyicha ilgʻor amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar oʻtkaziladi.
18 may kuni Samarqand shahriga tanishuv sayohatini tashkil etish koʻzda tutilgan ikkinchi qismda xorijiy delegatsiyalar mamlakatimizdagi eng qadimiy shaharlardan birining madaniy merosi bilan tanishadilar, turli konfessiyalar diniy maskanlariga tashrif buyurib, yurtimizning tarixiy poytaxti boʻlmish Samarqanddagi diniy hamjamiyat vakillari bilan uchrashadilar.
Anjuman 19 may kuni Buxoro shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan oʻz ishini yakunlaydi. Tadbirda ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilinadi, eʼtiqod erkinligi va dinlararo muloqotni taʼminlash masalasi boʻyicha fikr almashiladi, kelgusi hamkorlik istiqboli belgilanadi.
Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinadi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni toʻldiradigan ushbu hujjat Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qoʻshadigan muhim hissasi boʻladi.