Home / YANGILIKLAR / ANʼANAGA AYLANAYOTGAN EZGU AMALLAR

ANʼANAGA AYLANAYOTGAN EZGU AMALLAR

Jonajon yurtimizda joriy yilgi Ramazon oyi katta shukuh bilan oʻtdi. “Hazrati Imom” majmuasi yonida qad rostlab, hudud koʻrkiga koʻrk qoʻshgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari pardozlash ishlarini koʻzdan kechirayotib, shunday dedi: “Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulugʻ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda ogʻir-ogʻir sinovlardan oʻtdik. Lekin bu yerda ish toʻxtagani yoʻq. Nima uchun buni quryapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, gʻururini koʻtarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun”.

Diniy soha vakillari uchun ham maʼrifat maskani boʻlib qoladigan mazkur markazda Oʻzbekistan musulmonlari idorasi hamda Oʻzbekistan xalqaro islom akademiyasi xodimlari barcha imom-xatiblar, noiblarning tizimli tarzda malaka oshirishlarini taʼminlab borishadi.

Qadr kechasi — umrlar, ajallar, rizqlar yoziladigan kundir. Har yili ushbu kechada taqdirlar belgilanadi. Qadr ke­chasi yurtimizdagi 350 ta jome masjidda Qurʼoni karim xatmlari nihoyasiga yetdi. Jumladan, Toshkent shahridagi barcha mas­jidda Kalomullohning xatm duolari qilindi. Ramazonning oxirgi oʻn kunligida — “Itqum minan niyron” dahasida bir guruh ulamolarimiz Amerika Qoʻshma Shtatlariga joʻnab ketishlari oʻziga xos voqelik boʻldi. Ular Ogayo shtatidagi Sinsinnati shahrida qurilayotgan “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidiga tamal toshini qoʻyib berdi. Mazkur masjid milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida bunyod etilmoqda. Shuningdek, oʻzbekistonlik mehmonlar Filadelfiya shahrida qurilayotgan yangi “Masjid al-Buxoriy” islom markazi va masjidini borib koʻrishdi.

Bunday misollar asrlar osha mehr-oqibat, xayru saxovat, maʼnaviyat-maʼrifat dini boʻlib kelgan muqaddas islom dinimizga soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida eʼtibor kuchayganini dunyo hamjamiyati eʼtirof etayotganidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari 26 aprel kuni oʻtkazilgan turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha video­selektor yigʻilishida Ramazon oyi munosabati bilan yurtdoshlarimizga besh kun dam berilishini maʼlum qildi. Haqiqatan ham, Ramazon hayiti kunlari xursandchilik qilish, bu ayyomni bayram kayfiyatida oʻtkazishning savobi ulugʻ ekani muqaddas dinimiz taʼlimoti bilan hamohangdir.

Rivoyat qilishlaricha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida mahalliy aholi ikki kun oʻyin-kulgi qilishar edi.

Bu ikki kun qandoq kun? — deb soʻradilar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam.

Biz johiliyat davrida shu kunlari oʻyin-kulgi qilar edik, — deyishdi ular.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

—    Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi oʻrniga ulardan koʻra yaxshiroq — Azho (Qurbon) va Fitr (Ramazon hayiti) kunlarini berdi, — dedilar.

Vijdon erkinligi toʻliq taʼminlangani Ramazon oyi davomida mamlakatimizdagi 2085 ta masjidda, jumladan, Tosh­kent shahridagi 224 ta masjidda taroveh namozlari emin-erkin oʻqilganida yana bir bor namoyon boʻldi. Bunday ibodatlarda yurtimiz tinch-osoyishtaligi, xalqimiz turmushi farovonligi va maʼmur boʻlishini tilab xayrli duolar qilindi.

Quvonarlisi, barcha masjidda mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus islom bilim yurtlarida tahsil olgan talabalar Qurʼoni karimni xatm qilib berishdi. Yoshi ulugʻ kishilar yaxshi eslashadi: istiqlolning dastlabki yillarida yurtimizdagi masjidlarda Ramazon oyida qorilar yetishmas, Misr, Saudiya Arabistoni va Turkiyadan hofizi Qurʼonlar taklif etilar edi. Bugun qorilarimiz nafaqat yurtimizda, ayni paytda tushayotgan takliflarga binoan chet davlatlarda oʻtayotgan taroveh namozlarida musulmonlarni Kalomullohdan bahramand etishmoqda.

Ramazon oyi va Hayit kunlarida koʻplab kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, yetim-yesirlar, beva-bechoralarning holidan xabar olinib, ularga moddiy va maʼnaviy jihatdan koʻmaklashilgani ham muqaddas dinimiz taʼlimotining insonparvarligi namunasidir. Xonadonlarda tashkil etilgan iftorlik tadbirlarida aholi, xususan, yoshlarga qoʻlga kiritilayotgan yutuqlarimizning asosi boʻlgan osuda hayotimizning qadriga yetish, tinchlikni asrab-avaylash, mustaqilligi­mizni yanada mustahkamlash, turli yot gʻoyalar taʼsiridan ehtiyot boʻlish shart ekani borasidagi oʻgitlar muborak oy fazilatini yanayam koʻrkamlashtirdi.

Ramazon oyi davomida mahallalarda diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik, oʻzaro mehr-oqibat munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli tadbirlar yurtimizdagi turli millat va elatlar vakillari, har xil diniy konfessiyalar aʼzolarining yanada inoqlashuviga, hamjihatligiga xizmat qildi.

Ezgulik va xayru saxovat oyida baʼzi sabablar bilan yuz koʻrishmas boʻlib ketgan oilalarni murosaga keltirish savobi ulugʻ amallardan. Shu bois imom-xatiblarimiz, otinoyilarimiz ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash maqsadida notinch, noqobil oilalardagi muhitni sogʻlomlashtirish, nizolashganlarni yarashtirishga alohida eʼtibor qaratdi. Buning natijasida koʻplab oilalar yana oʻz baxtini topib ketdi.

Muborak Ramazon oyi davomida qilgan xayrli amallarimizni anʼanaga aylantirib, yil boʻyi davom ettirishimiz yurtimiz tinch-osoyishta, osmonimiz musaffo, xalqimiz turmushi farovon boʻlishini taʼminlashga samarali taʼsir qiladi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 6 may, №93(8155)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …