2022 yil 29 aprel kuni Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturining joriy yil I-chorakdagi ijrosiga bagʻishlangan Matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Markaz rahbariyati hamda respublika OAV xodimlari ishtirok etdi.
Markazning 2022 yil I-chorak mobaynida Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlar haqida direktor Shovosil Ziyodov batafsil maʼlumot berdi.
Maʼlumotda taʼkidlanganidek, Davlat dasturining tegishli bandiga muvofiq Markazga buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini keng targʻib qilish maqsadida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlarining xalqchil tarjimasini amalga oshirish, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratish vazifasi belgilangan boʻlib, mazkur band ijrosi boʻyicha joriy yilning 1-choragi mobaynida tizimli tarzda amaliy tadbirlar tashkil etilib kelinmoqda.
Jumladan, Abd ibn Humayd Keshiy “Musnadi Keshiy” asarining 1-nchi va 2-nchi jildlari va Alouddin Kosoniyning “Eʼtiqodi Kosoniy” asarlari nashrga tayyorlandi. Shuningdek, “Sunani Dorimiydan saylanma hadislar”, “Musnadi Keshiy” asarining 3-jildi, Imom Termiziyning “Eʼtiqodi ahlis sunna”, Abu Azabaning “Ravzatul bahiyya” asarlari tarjimasi va tahrir ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul ulum” va Sayid Abdulmajid Gʻavriyning “Hadis ilmi istilohlari” asarlari tarjimalari hamda Imom Buxoriyning “Tarixus sagʻir” asarlari tahriri davom etmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar jami 15 ta asarning xalqchil tarjimasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga matbuot anjumanida OAV xodimlariga Davlat dasturining Markaz faoliyatiga doir boshqa bandlari ijrosi yuzasidan joriy yil mobaynida qilingan amaliy ishlar haqida ham maʼlumotlar berilib, matbuot sohasi vakillarini qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.