Home / YANGILIKLAR / YAXSHILIKNING MUKOFOTI FAQAT YAXSHILIKDIR

YAXSHILIKNING MUKOFOTI FAQAT YAXSHILIKDIR

Prezidentimiz tomonidan inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ezgu ishlar bugun hayotimizning barcha jabhasiga kirib bordi. Xoh siyosat, xoh iqtisodiyot boʻlsin, xoh madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyat sohasi boʻlsin, ularning barchasida yangilanish yuz bermoqda.

Mamlakatimizda keyingi yillarda diniy-maʼrifiy sohadagi oʻzgarishlar, eʼtiqod erkinligining mustahkamlangani, buyuk bobolarimiz merosini oʻrganish va asrab-avaylash, targʻib qilish borasidagi chora-tadbirlar nafaqat xalqimizni gʻoyat mamnun etayotir, balki dunyo jamoatchiligi eʼtirofiga ham sazovor boʻlyapti.

Bu boradagi islohotlar orasida marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotirasining abadiylashtirilgani, hayoti va faoliyati, bebaho merosini oʻrganish hamda targʻib etishga yuksak eʼtibor qaratilganini alohida qayd etish joiz.

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi muhtasham majmuaning bunyod etilishiga jiddiy ahamiyat berib, bu yerga bir necha bor tashrif buyurgani, qurilish jarayonlarini qatiy nazoratga olgani maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi unutilmas voqelik boʻldi. Zero, ilm ahliga, ulamolarga, din peshvolariga bunday gʻamxoʻrlik dinimizning tamal toshi boʻlmish Qurʼondagi “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” degan oyati karimaning hayotiy ifodasi, deyish mumkin. Shu bilan birga bu Oʻzbekistonda diniy, maʼrifiy sohada olib borilayotgan ishlarning yangicha mazmun kasb etayotgani, yangi bosqichda yuksalayotganini ham koʻrsatadi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, shayx Muhammad Sodiq, Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi. Hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini oʻrganishga va targʻib etishga, xalqimiz, yoshlarimizni diniy maʼrifat ruhida tarbiyalashga bagʻishladi.

Bu insonning yozgan asarlari, hayot yoʻli biz va kelajak avlod uchun nurli bir chiroqdir.

Oʻtgan asrning 80-yillari yurtimiz mustabid shoʻro tuzumi iskanjasida edi. 1989 yili Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlarining 4-qurultoyi chaqirilib, Toshkent islom oliy mahadida rektorlik vazifasida ishlayotgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf mazkur diniy idoraga rahbarlik lavozimiga saylandi. U kishi muftiylik vazifasini bajarishga kirisharkan, avvalo, xalq hayotidagi maʼnaviy boʻshliqni toʻldirishga eʼtibor qaratdi. Chunki odamlardagi diniy ilmsizlik tufayli jamiyatda bidʼat va xurofotlar koʻpaygan, qaysi tarafga yuz burmang xudosizlik targʻibotiga duch kelardingiz. Shu bois, birinchi galda odamlarga oʻzlari eʼtiqod qoʻygan muqaddas islom dini haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot yetkazish zarur edi. Faqat shu yoʻl bilangina diniy savodsizlikka barham berish, kishilar qalbida iymon nurini jonlantirish mumkin edi.

Sobiq ittifoq hududi va yaqin xorijdagi musulmonlar uchun yagona diniy bilim yurti sanalgan Buxorodagi Mir Arab madrasasi va Toshkent oliy islom mahadi tayyorlayotgan diniy xodimlar bilan bu sharafli vazifani uddalash qiyin edi. Chunki ular ishga yuborilayotgan masjidlar soni beshala respublikada ham barmoq bilan sanarli boʻlib, imomlarning din, iymon-eʼtiqod haqidagi vaz-nasihatlarini bu yerga keluvchi 50 — 60 chogʻli keksalardan boshqa hech kim eshitmasdi. Bu sobiq shoʻro tuzumi tomonidan buyuk bir millatni maʼnaviy qashshoqlik iskanjasida ushlab turish uslublaridan biri edi. Shunchaki tomoshabin boʻlish bilan xalqning diniy savodxonligini yoʻlga qoʻyib boʻlmasligini teran anglagan muftiy hazrat mavjud diniy oʻquv muassasalaridagi taʼlim berish jarayonlarini tubdan isloh qilish bilan bir vaqtda mamlakatdagi barcha ommaviy axborot vositalari, bosma nashrlar imkoniyatidan foydalanishni lozim topdi.

Jamiyatda Qurʼoni karim oyatlari mazmun-mohiyatini oddiy xalq tezda anglaydigan, sodda tilda mukammal tushuntiradigan tafsirga zarurat sezilardi. Buni anglagan muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri hilol”ni yozishga kirishdi. Bu kitob nashr etilarkan, oyning hiloli kabi maʼnaviy hayotimizga nur socha boshladi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston davlatlari aholisida bu kabi mukammal asarni oʻqishga ehtiyoj kattaligidan kitoblar tezda ommalashardi. Qisqa muddatda respublikamiz va qoʻshni davlatlarda, jumladan, Rossiyadagi qator bosma nashrlar, ommaviy-axborot vositalarida chop etilib, efirga uzatilgan diniy-maʼrifiy maqola hamda suhbatlari yaxlit toʻplam sifatida nashrga tayyorlandi. “Poklik iymondandir”, “Iymon”, “Shoyadki taqvodor boʻlsak” nomli kitoblar chop etilishi bilan qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1989 yilgi saylovda SSSR Oliy Kengashi xalq deputatligiga saylandi. Diniy masalalar inon-ixtiyori hali Moskvaning qoʻlida boʻlgani bois, uning harakati bilan Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari vakillarini muborak haj safariga yuborish uchun kvota olishga erishildi.

1990 yili Markaziy Osiyo davlatlari tarixida ilk bor 500 nafardan oshiq hojilar Toshkent shahridan Makkai mukarramaga joʻnab ketishdi. Keyingi yili ularning soni 2 ming nafardan oshdi va ketma-ket uch yilgi safar davomida muttasil koʻpayib bordi.

U kishi ilm-fan ahlini nihoyatda eʼzozlardi. Shu bois mamlakat ziyolilari bilan yaqin munosabatda edi. Shayx hazrat Toshkent islom oliy mahadiga rektorlik qilgan yillarida Qurʼon ilmlari, hadis ilmlari, firqalar va yoʻnalishlar haqidagi, notiqlik haqidagi fanlarni oʻquv dasturiga kiritishga erishdi. Muftiylik lavozimiga saylangach, diniy taʼlim dargohlari va masjidlarning moddiy-texnika taʼminotini yaxshilashga bel bogʻladi. Shu maqsadda hududlarda vaqf yerlari olib, qishloq xoʻjaligi va bogʻdorchilik mahsulotlari yetishtirish orqali diniy idoraning moddiy ehtiyojini qoplash loyihasini ilgari surdi.

Bu inson 1989 — 1993 yillarda diniy idoraga rahbarlik qilish bilan birga endigina mustaqillikka erishgan mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga ham munosib hissa qoʻshdi. Bir qator xorijiy davlatlar rahbarlarining oʻz shaxsiga boʻlgan ehtiromidan Vatan manfaati yoʻlida unumli foydalandi. 1992 yil boshlarida Liviya Jamohiriyasidagi Butun olam Islom daʼvati jamiyati bosh kotibi doktor Muhammad Ahmad Sharif boshchiligidagi delegatsiya tashrifi asnosida Liviya davlati bilan Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Koraqalpogʻiston avtonom Respublikasida fan-taʼlim, madaniyatni yuksaltirish, Orolboʻyidagi ekologik vaziyatni izga solish va boshqa hududlarda choʻllarni oʻzlashtirish, suv chiqarish, yer osti tabiiy boyliklarini qidirib topish hamda bu hududlarda sanoatni rivojlantirish sohasida unumli loyihalarni ishlab chiqishda ishtirok etdi. Mamlakatimiz va yaqin qoʻshni davlatlar aholisi turmush madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolgʻiz keksalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida juda keng miqyosdagi loyihalar amalga oshirildi.

Shayx hazrat taqdir taqozosi bilan 1993 — 2001 yillari dastlab Saudiya Arabistonida, keyinchalik Liviya davlatida istiqomat qildi. Muhojirlikda yashagan yillarda “Tafsiri hilol”ning qolgan 27 juzʼini va “Hadis va hayot” toʻplamini yozdi. Ustoz 2001 yilda Vatanga qaytgach, ilmiy faoliyati yanada serunum boʻldi. “Islom tarixi”, “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam”, “Odoblar xazinasi”, “Usulul fiqh”, “Kifoya”, “Baxtiyor oila”, “Sogʻlom bola”, “Ijtimoiy odoblar”, “Oltin silsila” turkumidagi kitoblar, “Zuhd va hayo” singari 100 dan oshiq mukammal asarlar bitdi. Ular bugungi kunda qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, rus, uygʻur tillariga tarjima qilingan.

Muqaddas dinimiz buyurgan amallar — Vatanga muhabbatli boʻlish, ota-onaga izzat-hurmat, qoʻshnilarga muruvvat koʻrsatish, Bahouddin Naqshband tariqatida koʻrsatilganidek qalbni doim zikr bilan oziqlantirish shayx hazrat yozgan asarlarda yorqin ifoda etiladi. Birgina Imom al-Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” asari sharhiga bagʻishlangan “Odoblar xazinasi”da kishilik jamiyati rivojida zarur boʻladigan amallar, odamlarning muqaddas sunnatga tayanib baxtli yashash yoʻl-yoʻriqlari koʻrsatib berilgan. Kitobda Abdulloh ibn Amrdan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Huzuringizga hijrat uchun bayʼat qilgani ota-onamni yigʻlatgan holda tashlab keldim”, dedi. Rasululloh

sollallohu alayhi vasallam unga: “Oldilariga qaytib borda, ularni qanday yigʻlatgan boʻlsang, shunday kuldir”, dedilar”.

Shayx hazrat bu hadisni sharhlarkan, farzand uchun ota-ona rizoligidanda muhimroq narsa yoʻqligiga qatʼiy ishora qiladi. Hatto Alloh uchun hijrat qilish lozim boʻlganda ham ota-ona roziligidan ustun boʻlolmasligini uqtiradi. Bu bugun hijratni mahkam tutib, muqaddas Vatanini tashlab, ota-onasini norozi qilib, xorijga chiqib, turli aqidaparast guruhlarga qoʻshilib, umrini, izzat-hurmatini, oltinga ham topilmas qimmatli vaqtini zoye ketkazayotganlar uchun toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi yulduzdir. Ana shunday adashishlarning oldini olish, sof islomiy taʼlim-tarbiyani targʻib qilish maqsadida ustozning koʻrsatmasi bilan ish boshlagan “Islom.uz” portali tarkibidagi turli yoʻnalishlarda ilm-maʼrifat tarqatayotgan yigirmadan ortiq mustaqil sahifalardan bugun nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyodagi moʻmin-musulmonlar unumli foydalanmoqda.

Shayx hazrat oʻz ilmiy faoliyatini ahli sunna va jamoa asosida olib bordi. Qurʼon hukmlari, paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalarini qunt bilan oʻrganish, unga amal qilish bugungi tahlikali zamonda musulmon ummati uchun hayotiy zarurat ekanligini ilgari surdi. U kishining bosh maqsadi odamlar orasida islomiy maʼrifatni yoyish edi. Bu ilm-maʼrifat millat va elat tanlamagani uchun butun dunyoda katta qiziqish, quvonch bilan kutib olindi. Aynan shu bois shayx hazrat millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik, oʻzaro birodarlikka daʼvat etuvchi asarlari bilan islomga xayrixoh barcha davlatda katta shuhrat qozondi.

Dunyo olimlari tomonidan “Fazilatli shayx” degan eʼzozga sazovor boʻlgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari islom dini taʼlimoti yoʻlidagi sharafli mehnati tufayli Rossiya Federatsiyasi, Liviya davlati, Misr Arab Respublikasi kabi xorijiy mamlakatlarning orden va medallari bilan taqdirlandi. Makkai mukarramadagi Islom olami robitasi taʼsis majlisi, Butunjahon tasavvuf uyushmasi, Butunjahon musulmon ulamolar xalqaro uyushmasi, Butun dunyo islom uyushmasi, Butun dunyo mutafakkir ulamolari yigʻinining ijroiy qoʻmitasi, Iordaniyadagi Oliy Bayt “Islomiy tafakkur” qirollik akademiyasi kabi oʻnlab nufuzli xalqaro tashkilotlar aʼzoligiga qabul qilingandi.

U kishining bebaho ilmiy faoliyati tufayli mamlakatimiz aholisi orasida diniy savodsizlikni bosqichma-bosqich bartaraf etishga kirishildi va bu jarayon hazrat qoldirgan maʼnaviy meros asosida davom etmoqda. Shayx hazrat har yili muborak Ramazon oyi kirishi bilan “Ruhiy tarbiya” borasidagi turkum suhbatlarini boshlardi. Ustoz taklif qilingan masjidlarda shunchalik koʻp odam yigʻilardiki, ular adadini bilish qiyin edi. Hatto suhbat boshlangandan keyin ham yarim tungacha odamlar oqimi toʻxtamasdi. Chunki yoshlar va barcha toifadagi kishilar bu suhbatdan yuksak maʼnaviy ozuqa olardi. Yillar davomida qidirgan savollariga javob, turmushdagi ijtimoiy muammolariga yechim topardi.

Imom al-Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan bir hadisda bunday deyiladi: “Paygʻambar alayhissalom dedilar: “Agar Alloh bir bandani yaxshi koʻrib qolsa, Jabroilga: “Alloh falonchini yaxshi koʻradi, sen ham uni yaxshi koʻr”, deydi. Jabroil ham uni yaxshi koʻradi. Jabroil osmon ahli orasida: “Alloh falonchini yaxshi koʻradi, sizlar ham uni yaxshi koʻringlar” deb, nido щiladi. Shunda osmon ahli ham u bandani yaxshi koʻrib qolishadi. Keyin yer yuzidagi hamma odamlar u bandaning soʻzini qabul щiladigan boʻlib qoladi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ishoralari shayx hazratning hayoti mazmuniga aylanib boʻlgandi. Bu inson jamiyatga faqat ezgulik urugʻini sochish bilan mashgʻul boʻldi. Yurtimizga xorijiy davlatlardan suqilib kirgan, dinimizga yot turli gʻoyalar, aqidalar, oqimlar, firqalarni sof islomiy taʼlimot asosida bartaraf etish-da beqiyos xizmat qildi.

Allohga hamdu sanolar boʻlsinki, har bir oilada, millionlab kishilar qoʻlida shayx hazrat bugungi va kelajak avlod uchun tasnif etgan bebaho xazina — kitoblar bor. Ular butun musulmon ummatini toʻgʻri yoʻlga solib turgan Imom al-Buxoriy va u kishining safdoshlari qoldirgan maʼnaviy xazinalar qatoridan munosib oʻrin olib, asrlar osha kelajak avlodlarga ilm-maʼrifat nurini sochib turadi.

Shodiyor MUTAHAROV.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 28 aprel, № 88(8150)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …