Home / FOTO LAVHALAR / ILMGA BOʻLGAN EHTIYOJ ABADIYDIR

ILMGA BOʻLGAN EHTIYOJ ABADIYDIR

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Samarqand viloyati Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi bilan hamkorlikda “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Markaz ilmiy xodimlari, Samarqand viloyati Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi professor-oʻqituvchilari va kurs tinglovchilari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida hududiy markaz direktorining oʻrinbosari, dotsent Durdona Rasulova, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Tohir Evadullayevlar soʻzga chiqib, shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda insonning ilmga boʻlgan ehtiyoji birlamchi moddiy zaruratlar sirasida birdek namoyon boʻlayotgani, pirovardida insoniyat taraqqiyotning yangi bosqichlariga erishib, misli koʻrilmagan muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritayotganini tilga oldilar.

Markaz ilmiy xodimlari maʼruzalarida yurtimizda azaldan ilmga qaratilgan eʼtiborga ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy meros namunalari dalil boʻlishi, allomalar ilmiy merosini chuqur oʻrganish, tadqiq etish, islom dinining asl mohiyatini, musaffo aqidalarini keng xalq ommasiga yetkazish maqsadida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar samaralariga alohida toʻxtaldilar.

Tadbirda shuningdek, muqaddas dinimizni niqob qilib, kirdikorlarini yoshlarimiz ongiga singdirishga urinayotgan kimsalar qattiq qoralanib, voqelikka ochiq koʻz bilan, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashga, hushyor boʻlishga, jahonda va yon-atrofimizda tobora kuchayib borayotgan maʼnaviy tahdid va xatarlarni toʻgʻri baholab, ulardan tegishli saboqlar chiqarib yashashga, pirovardida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishga daʼvat qilindi.

Yakunda maʼruzachilar ishtirokchilarning savollariga javob qaytardilar.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …