Home / YANGILIKLAR / BIRDAMLIK VA EʼTIROFNING YANGI SAHIFASI

BIRDAMLIK VA EʼTIROFNING YANGI SAHIFASI

XALQARO HAMKORLIK

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli Oʻzbekistonning doʻstlari, xayrixohlari xalqaro maydonda tobora koʻpayib bormoqda. Qoʻshni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sogʻlom siyosiy va teng sheriklik asosidagi iqtisodiy aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Turkiy Davlatlar Tashkiloti ana shunday yangi muloqot maydonlaridan biriga aylanmoqda.

Taʼkidlash joizki, turkiy xalqlar oʻrtasidagi yaqinlik nafaqat mushtarak madaniyat, til, din va oʻxshash qadriyatlar, balki qadimdan savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilib, oʻzaro bordi­keldi, hamkorlik qilib kelingani bilan ham izohlanadi. Bu rishtalar sobiq ittifoq davrida uzilib qolgan, cheklangan boʻlsa-­da, ammo mustaqillik yillariga kelib qon­qardoshlik tuygʻusi yana eski tarixiy oʻzanini topib, turkiy mamlakatlarda milliy oʻzlikni anglashga eʼtibor kuchaydi, koʻp asrli anʼanalar, azaliy qadriyatlar tiklandi, oʻzaro aloqalar faollashib, har tomonlama hamkorlik mustahkamlanmoqda.

Joriy yil 14­17 aprel kunlari Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov boshchiligida mamlakatimiz delegatsiyasining Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yigʻilishida ishtirok etgani ham mazkur hamkorlikning ijobiy samarasidir.

“Ayo Sofiya” majmuasiga tashrif

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining xabar berishicha, delegatsiyaning Turkiyaga safari samarali kechdi. Tashrif muftiy N.Xoliqnazarov va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari tomonidan Istanbul shahridagi qadimiy “Ayo Sofiya” masjidida juma namozini ado etish bilan boshlandi. Unda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan ham ishtirok etdi va mehmon boʻlib turgan Turkiy davlatlarning din peshvolari bilan muloqot qilib, ularni Turkiya zaminida koʻrib turganidan mamnun ekanini izhor qildi.

Juma namozidan soʻng Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari ishtirokida “Ayo Sofiya Fotih” madrasasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Rejep Tayyip Erdogʻan madrasa tarixi haqida soʻzlar ekan, unda dars bergan ajdodimiz Ali Qushchi hazratlarining xizmatlarini alohida eʼtirof etdi hamda yigʻinda uning merosxoʻrlari – Oʻzbekiston vakillari borligiga alohida ahamiyat qaratdi.

– Shonli tariximizni bugungi kunga va kelajak avlodlarga yetkazish, insoniyatga tanitish niyatida juda muhim bir qadam tashladik,– dedi Prezident R.Erdogʻan. – Bugun “Ayo Sofiya Fotih” madrasasi timsolida tarix sahifalaridan oʻchib ketayozgan bir obidamizni qayta tikladik. U 86 yildan soʻng yana qayta ish boshladi. Qadrli doʻstlar, bu yer Istanbulning fathi sirasida, “Ayo Sofiya”ning bunyod etilishida shaharning birinchi madrasasi sifatida ishga tushirilgan edi. Birinchi mudarrisi Mulla Xusrav boʻlgan bu dargohda movarounnahrlik Ali Qushchi ham tolibi ilmlarga dars bergan.

Soʻng Prezident va Turkiy davlatlarning din peshvolari madrasaning ramziy lentasini qirqib berishdi. Marosimda ishtirokchilar madrasa binosi va faoliyati bilan tanishdi. Madrasa ikki qavatli boʻlib, 34 ta xona, 7 ta amaliyot va ilmiy markazlar hamda 30 ta boʻlimdan iborat.

Diniy-maʼrifiy islohotlar bayoni va muhim takliflar

Shu kunning ikkinchi yarmida “Umumjahon pandemiyasi, iqtisodiy inqiroz va raqamli dunyoda Turkiy-­Islom olamining ertasi va diniy tashkilotlar” mavzusida Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bagʻdod Amreev hamda Turkiya, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston muftiylari va Qirgʻiziston Din ishlari boʻyicha davlat komissiyasi vakili, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti mutaxassislari, ulamolar, davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, islomshunos, dinshunos olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Yigʻilishni Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash kirish soʻzi bilan ochib, bugun turkiy xalqlar turli muammolarga duch kelayotgan bir paytda islom ulamolarining hamjihatligi va musulmon ummatining birligini taʼminlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani, shu maʼnoda, ushbu tarixiy yigʻilishning amaliy ahamiyati juda yuqori ekanini qayd etdi.

Anjumanda soʻzga chiqqan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, turli tahdid va xatarlar, pandemiya sinovlari va turli muammolar tashkilotga aʼzo davlatlar oldiga yangi dolzarb vazifalarni qoʻyayotganini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bagʻdod Amreev Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda, Qozogʻiston musulmonlari idorasi raisi Navroʻzbay Tagʻanuli oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Anjumanda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy N.Xoliqnazarov bugun musulmon olami oldida turgan dolzarb masalalar yuzasidan qarashlarini bildirdi. Oʻz fikrini moʻmin-­musulmonlar ittifoqligi bugun har qachongidan ham muhim ekanini ilohiy manbalar va hayotiy misollar orqali izohladi. Oʻz navbatida, mana shunday murakkab zamonda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlarni bayon qildi. Bunday olamshumul ishlar nufuzli tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori kayfiyatda kutib olindi. 

Turkiy davlatlar tashkiloti direktori oʻrinbosari Mirvohid Azizov joriy yil noyabr oyida tashkilotga raislik qilish Oʻzbekistonga oʻtishi nuqtai nazaridan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyati juda yuqori ekanini taʼkidladi.

Yigʻilish doirasida N.Xoliqnazarov Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bagʻdod Amreev bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, kelgusida amalga oshirishi lozim boʻlgan vazifalar va moʻmin-musulmonlar birdamligini yanada mustahkamlash boʻyicha fikr almashdilar.

B.Amreev Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida ulkan oʻzgarishlarga bevosita guvoh boʻlgani, diniy­maʼrifiy, ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq ekanini taʼkidladi.

“Abu Ayyub Ansoriy” masjidida mavʼiza

Yigʻilishdan keyin din peshvolari va ishtirokchilar Istanbul shahri markazida joylashgan “Ayyub Sulton” majmuasiga tashrif buyurdi.

Dastlab anjuman ishtirokchilari mazkur majmuada joylashgan Abu Ayyub Ansoriy maqbarasi ziyoratida Qurʼon tilovat qilib, duoga qoʻl ochdi. Majmuada oʻqilgan shom namoziga Oʻzbekiston vakili muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov barcha muftiylar va mehmonlarga imomlik qildi.

Iftorlikdan soʻng Turkiy davlatlarning din peshvolari xufton va tarovih namozlarini ado etish uchun “Abu Ayyub Ansoriy” masjidiga takror tashrif buyurishdi. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash xufton va tarovih namozlarini oʻqib berdi. Shundan soʻng ushbu muhtasham va tabarruk masjidda yigʻilgan oʻn minglab namozxonlarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Ramazon oyi fazilatlari haqida mavʼiza qildi.

Shukuhli, duolar ijobat boʻladigan fursatlarda din peshvolari namozlarida yurtimiz haqiga duolar qilib, musulmonlarning birdamligi yanada mustahkam boʻlishini Alloh taolodan soʻradilar.

Yurtimizni ilm mashhuri zamon qilgan

Tashrifning ikkinchi kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasida hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, ayniqsa, diniy-­maʼrifiy jabhadagi aloqalar izchil rivojlanib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanayotgani, bunday dadil odimlash ikki davlat rahbarining oqilona siyosati tufayli yangi bosqichga koʻtarilgani alohida eʼtirof etildi.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa, ilmiy­maʼrifiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ulamolar merosini tadqiq etish boʻyicha fikr almashib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Umuman, muftiy N.Xoliqnazarov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Turkiya safari yigʻilish ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi hamda Oʻzbekiston maqomiga mos va xos ehtirom koʻrsatildi.

Yurtimizni ilm mashhuri zamon qilgan. Ilm tufayli ikki ilmiy Renessansni dunyoga taqdim etgan. Hozirda uchinchi Renessansga poydevor qoʻyayotgan yangi Oʻzbekiston ayni ilmiy taraqqiyoti, hayotiy islohotlari bilan dunyoga boʻy choʻzmoqda. Aytish mumkinki, mazkur anjuman yurtimizning xalqaro maydondagi eʼtirofida yana bir yangi sahifa boʻldi.

Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 27 aprel, 83-son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …