Allomaning toʻliq ismi Nuriddin Ali Ibn Sulton Muhammad Makkiy Hanafiy boʻlib, “Al-Qoriy” kuniyasi bilan mashhurdir. «Al–Qoriy» nomining unga berilishiga sabab, u Qurʼoni karimni turli qiroatlarda oʻqish boʻyicha peshqadamlardan boʻlgan. Shuning uchun al-Qoriy nomi bilan shuhrat qozongan[1: 21]. Hofiz Sayyid Abdulhay Kitoniy (vaf. 1381/1961y.) oʻzining “at-Tarotib al-idoriya va-l-amalot va-s-sinoot va-l-matojir va al-holot va-l-ilmiya allatiy konat alo ahdi taʼsis al-Madina al-munavvara”[2: 21] kitobida: “al-Qoriyning taxallusi Abu-l-Hasan boʻlib, Nuriddin uning laqabidir, chunonchi, uning «Sharh Musnad Abi Hanifa rivoyat al-Hisfakiy” asari Abu-l-Hasan Ali al-Qoriy ibn Sulton al-Makkiy nomi bilan maʼlumdir», – deb taʼkidlaydi[3: 2].
Shayx Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Abdulloh Rumiy oʻzining “Fayz al-ahram va fath al-akram fi sharh al-hizb al-aʼzam va-l-vird al-afhom” kitobida shunday yozadi: Ali ibn Sulton Muhammad al-Qoriy Hirot shahridan arab diyorlariga hijrat qilgan. Ajamliklar farzandlarini juft ism bilan atashga katta eʼtibor berganlar, jumladan, Fozil Muhammad, Sodiq Muhammad, uning otasining ismi Sulton Muhammad mana shu yoʻsinda qoʻyilgan. Sulton Muhammadning kelib chiqishi shohlar avlodiga borib taqaladi, biroq buni hech kim tadqiq etmagan[3: 3-4].
Ali al-Qoriyning shajarasi shohlar avlodiga borib taqalishi haqidagi maʼlumotni faqatgina tarixchi Abu Isʼhoqning unga bergan taʼrifida kelgan, ammo boshqa manbalarda bu xususda hech qanday maʼlumot keltirilmagan.
Biroq, ayrim manbalarda otasining ismi haqida toʻxtalib uni faqat Sulton ekanligi ham taʼkidlab oʻtilgan. Jumladan, tarixchi olim Abdulmalik Asomiy Shofeʼiy (vaf.1111/1699y.) otasining ismi borasida oʻzining “Sumt an-nujum al-avoli va at-tavoli”[3: 4-5] asarida, al-Qoriyning otasining ismi Sulton, deb maʼlumot beradi. Alloma Muhibbiddin Abu-l-Fayz Muhammad Murtazo Balkaromiy ham ushbu fikrni qoʻllab- quvvatlaydi. Ammo, Zubaydiy oʻzining “Toj al-arus min javohir al-qomus” kitobi muqaddimasida va Shayx Muhammad Abdulhay Kuhnaviy “Torb al-amosil bitarajim al-afozil” asarlarida: Sulton Ali al-Qoriyning otasining ismi, Muhammad uning bobosini ismi Sulton – deb, uni Sulton ibn Muhammad deb ataydilar[4: 45]. Allomaning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda boshqa aniq maʼlumotlar keltirilmagan.
Ali ibn Sulton al-Qoriy qadimgi Xurosonning koʻhna Hirot shahrida tavallud topib, umrining bir qismini oʻsha yerda oʻtkazgan. Rofiziylarning birinchi podshohi sulton Ismoil ibn Haydar safaviy Hirotni egallab, musulmonlarga haddan ziyod tazyiq oʻtkazib, rofiziyl[1] shiorini majburan singdira boshlagach, Hirot olimlariga tugʻilib oʻsgan vatanlari torlik qilib qoladi va shu sababdan imkon topganlar hijrat qilishga majbur boʻldilar. Ilm talabi yoʻlida safarlarga chiqish yanada avj oldi. Bunga bir necha sabablar bor edi:
1.Olimlarni turli shaharlarga tarqalib ketganligi;
2.Toʻqima va uydirma hadislarning koʻpligi.
Xatib Bagʻdodiyning aytishicha: “Hadis oʻrganishda safar qilishdan ikki maqsad koʻzlangan: 1. Oliy isnodni qoʻlga kiritish va uzoq muddat tinglashlik; 2. Hadislarni koʻp yodlaganlar bilan uchrashish va ulardan foydalanish. Agarda bu ikki jihat muhaddisning oʻz shahrida boʻlib boshqa shaharlarda boʻlmasa, safar qilishdan foyda yoʻq”[5: 294].
Shu qatorda Ali al-Qoriy ham Makkai mukarrama sari yuzlandi va oʻsha joyda umrining oxirigacha yashadi. Bu haqida uning oʻzi: “Menga bidʼat avj olgan diyordan paygʻambarlik kelgan, vahiy ingan va sunnat keng tarqalgan oʻlkaga koʻchib, ul joyni vatan tutib yashashimga qudrat va imkon ato etgan Allohga hamd boʻlsin”, degan[6: 9].
Makka shahri madaniyat, tijorat va hojilar ziyoratga keladigan muqaddas zamin boʻlganligi sababli, ilm-fan gullab yashnagan va bu yerda koʻplab oʻz davrining yirik ulamolari yigʻilgan edilar. Ushbu ulamolarning ham koʻplari kitoblar yozish va sharhlar bitish bilan mashgʻul boʻlishardi hamda maktab va madrasalarda ilmi toliblarga taʼlim berib kelardilar.
Shuningdek, Makka va Madina shaharlari diniy markaz boʻlganligi sababli atrofdan asosan Markaziy Osiyodan juda koʻp ilm egalari kelib taʼlim olar edilar.
Allomaning qachon dunyoga kelganligi haqidagi maʼlumotlar saqlanib qolinmagan. Ali al-Qoriy haqidagi maʼlumotlar olimning oʻzi tomonidan yaratilgan asarlar muqaddimalarida keltiriladi. Shuningdek, Allomaning hayoti va faoliyatini yoritishda Muhammad Muhibbiyning “Xulosat al-asar fi ayon al-qarn al-hodiy ashar” va ash-Shavkoniyning “al-Badr at-toleʼ” asarlari ham asosiy manba boʻlib xizmat qiladi.
“Xulosat al-osor fi ayon al-qarn al-hodiy ashar” kitobida keltirilishicha, Ali al-Qoriy fozil ilm peshvolari va eng namunali yetuk tadqiqotchilardan biri boʻlib, oʻz asrining benazir olimi, iboralarni tuzatish va tadqiq etishda mohir imom, faqih, muhaddis, usul va nahv bilimdoni, mufassir, mutakallim, mutasavvif, tarixchi va adabiyotshunos olim boʻlgan. U oʻzida aqliy va naqliy bilimlarni mujassamlashtirgan boʻlib, shuhrati va dongʻi butun islom dunyosiga taralgan edi. Sunnati nabaviyaga kelsak, u bu borada yetuk mutaxassis boʻlgan[1: 26].
Olim Shavkoniy, “Ali al-Qoriy mazkur sifatlarga ega boʻlgan asarlar tufayli hijratning birinchi ming yilligi boshlarida mujaddidlik rutbasiga koʻtarilgan ”, – deb taʼrif beradi[7: 90].
U zot 1014 hijriy sananing shavvol oyida (mil.1606 y. Mart oyida ) Makkai Mukarrama shahrida hayotdan koʻz yumdi va shu shahardagi mashhur “al-Muallo” qabristoniga dafn etildi. Uning vafoti haqidagi xabar Misrga yetib borganida, Misr ulamolari al-Azhar jomeʼsida u kishining ilm va dinda peshvoligini taqdirlagan holda, koʻpchilik boʻlib “Solat al-gʻoib” namozini oʻqidilar. Namozda qatnashganlar soni esa toʻrt ming kishidan ortiqni tashkil qilgan [7: 91].
Ali al-Qoriy koʻp sohalar bilimdoni hisoblanib, juda koʻp ilmiy asarlar yaratgan. Ular jumlasiga, hadisshunoslik, fiqhshunoslik, Qurʼonni qiroatlarda oʻqish, kalom ilmi, tasavvuf tarix, tarjima, adabiyotshunoslik sohalarini kiritishimiz mumkin.
Alloma oʻzining betakror, kamyob tarzda yozilgan hamda latif va mazmunli mulohazalarni oʻz ichiga qamrab oluvchi asarlarining koʻpligi bilan ham shuhrat qozongan. Manbalarda keltirilishicha, ularning soni 125 tani tashkil etadi va ular bir necha jildlardan iborat kitoblar va koʻplab sahifalar hamda risolalardan iborat[6: 8].
Olimning toʻplamlarni yozishdagi oʻziga xos uslubi shundaki, u barcha asarlardagi boblarni qimmatli maʼlumotlar va mubohasalar bilan boyitgan. Ular barcha uchun tushunarli, koʻpchilik olimlar ijodida uchramaydigan yoʻnalish bilan yozilgan boʻlib, hech qanday mavhum iboralar ishtirokisiz amalga oshirilgan.
Koʻrinib turibdiki, Ali al-Qoriy shariat bilimlarining bilimdoni boʻlibgina qolmay, husnixat bilan ham muntazam shugʻullanib borgan. Shayx Muhammad Tohir ibn Abdulqodir Kurdiy oʻzining “Tarix al-xat al-arabiy va odobihi” kitobida shunday yozadi: “Ali al-Qoriy nasx, nastaliq va suls xatlari boʻyicha mohir xattot boʻlgan va koʻplab bellashuvlar gʻolibi boʻlgan. Allomaning husnixat ilmidagi mahoratni Marʼashiyning shogirdi Shayx Hamidulloh Amosiydan oʻrgangan boʻlib yil boʻyi Qurʼon musʼhafi va «Jalolayn” tafsirini yozib tugatgach, sotib pulini yil davomidagi oʻzining sarf xarajatlari uchun ishlatardi»[6: 29].
Shavkoniy “Al-Badr at-toleʼ” asarida yozishicha, Ali al-Qoriy oʻninchi hijriy sananing boshlarida maydonga chiqqan mujaddid va mujtahiddir»[1: 20].
“Ali ibn Sulton Muhammad al-Qoriy, – deb yozadi mashhur faqih Husayn ibn Muhammad Said Abdulgʻani al-makkiy al-Hanafiy «Irshod as-soriy ila manosik al-Ali al-Qoriy” asarida, oʻz zamonasining buyuk allomasi, mashhur olim, aqliy va naqliy bilimlarni oʻzida mujassamlashtirgan, Qurʼoni karim va hadis ilmi boʻyicha bildirilgan fikrlarni asosli tarzda sharhlovchi-tadqiqotchidir»[8: 34].
Ali al-Qoriy Makkadagi koʻplab allomalardan ilm oladi va oʻzining tinimsiz izlanishlari natijasida yetuk olim boʻlib yetishadi. Oʻsha paytda Makka shahri va xususan, Arab diyorlarida koʻproq shofeʼiy, molikiy va hanbaliy mazhablari tarqalgan edi. Mazkur mazhablarga mansub baʼzi kishilar (ayniqsa, shofeʼiyga) yetuk alloma Imom Aʼzam mazhabini kamsitib, uni faqat “raʼy”ga asoslangan, degan gaplarni aytishardi. Baʼzilar esa hatto Abu Hanifaning oʻziga ham malomat toshini otib, u zotni hadis ilmida ilmsizlikda ayblashardi.
Hanafiya mazhabiga mansub boʻlgan Ali al-Qoriy ilm bobida shunday yuksak martabaga koʻtarildiki, bu salohiyat unga ayrim mazhab imomlari ortidan ergashib Abu Hanifa toʻgʻrisida notoʻgʻri fikrda yurganlar qarashlariga eʼtiroz bildirishga, keskin raddiyalar yozishga va Abu Hanifa shaʼnini himoya qilishga va hatto, inkor etilish darajasiga yetgan hanafiya mazhabini himoya qilishga sabab boʻldi va u buning uddasidan chiqdi. Imom Molikka esa namozda qoʻlni pastga tushirib oʻqish borasida qarshi chiqadi[3: 39].
Biroq, bu chiqishlar Alloma oldida koʻplab qiyinchiliklarning paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Olim Shavkoniy, uning bu boradagi jasorati haqida gapirib, shunday deydi: “Ushbu qarash uning darajasini yana bir bor koʻkka koʻtarishning isbotidir, chunki mujtahidning oldida turuvchi vazifa ixtilofli masalalarda haqiqiy dalilni bayon qilish va unga oʻz qarashlarini xolis holda avvalgi oʻtgan olimlar tomonidan toʻgʻri yoki notoʻgʻri fikr bildirilganligini aniq bayon qilishdan iboratdir”[7: 90].
Allomanning ijodi va faoliyatiga nazar soladigan boʻlsak, u koʻproq matnlarga sharh yozishga bagʻishlanganligini koʻrishimiz mumkin. Alloma oʻz ilmiy va ijodiy faoliyatida arab tili va adabiyotiga chuqur hurmat bilan qaragan va oʻz asarlarini arab tilida yozgan. Uning asarlari ilm-fanning koʻpgina sohalarini oʻz ichiga qamrab olgan boʻlib, ularning soni yuzdan ham ortiq ekanligini alohida taʼkidlash mumkin. Olim fiqh, hadis, tafsir, qiroat, usul al-fiqh, kalom ilmi, tasavvuf, tarix, tabaqot, adabiyot, tilshunoslik va shu kabi koʻplab sohalarda ijod qilgan va asarlar yaratgan.
Allomaning asarlari nafisligi, foydaliligi, qanoatbaxshligi, juda oson va yengil tilda yozilganligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, uning asarlarga sharh yozishdagi oʻziga xos uslubi shundaki, u insonlar uchun qiyinchilik tugʻdiradigan iboralarni oddiygina hamda tushunarli tilda bayon qiladi va islom arkonlari yuzasidan bildirilgan fikrlarning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini Qurʼoni karim oyatlari va hadislarni hanafiy mazhabi usulul-fiqh qoidalari asosida isbotlab chiqadi[7: 89].
Xulosa oʻrnida:
- Ali ibn Sulton al-Qoriy qadimgi Xurosonning koʻhna Hirot shahrida tavallud topib, umrining bir qismini oʻsha yerda oʻtkazgan. Rofiziylarning birinchi podshohi sulton Ismoil ibn Haydar safaviy Hirotni egallab, musulmonlarga haddan ziyod tazyiq oʻtkazib, rofiziylar shiorini majburan singdira boshlagach, Hirot olimlariga tugʻilib oʻsgan vatani torlik qilib qoladi va shu sababdan imkon topganlar hijrat qilishga majbur boʻlishi, alloma, arab diyorlaridan boʻlgan Xijozda umrini koʻp qismini oʻtkazishi;
- Olim Shavkoniy, “Ali-al-Qoriy hijratning birinchi ming yilligi boshlarida mujaddidlik rutbasiga koʻtarilgan”, – deb taʼrif berishi;
- Hanafiya mazhabiga mansub boʻlgan Ali al-Qoriy ilm bobida shunday yuksak martabaga koʻtarildiki, bu salohiyat unga ayrim mazhab imomlari, Abu Hanifa toʻgʻrisida notoʻgʻri fikrda yurganlar qarashlariga eʼtiroz bildirishga, keskin raddiyalar yozishga va Abu Hanifa shaʼnini himoya qilishga va hatto, inkor etilish darajasiga yetgan hanafiya mazhabini himoya qilishga sabab boʻldi va u buning uddasidan chiqishi;
- Allomanning ijodi va faoliyatiga nazar soladigan boʻlsak, u koʻproq matnlarga sharh yozishga bagʻishlanganligini koʻrishimiz mumkin. Alloma oʻz ilmiy va ijodiy faoliyatida arab tili va adabiyotiga chuqur hurmat bilan qaragan va oʻz asarlarini arab tilida yozgan. Uning asarlari ilm-fanning koʻpgina sohalarini oʻz ichiga qamrab olgan boʻlib, ularning soni 125 tadan ham ortiq ekanligini alohida taʼkidlash mumkin. Olim fiqh, hadis, tafsir, qiroat, usul al-fiqh, kalom ilmi, tasavvuf, tarix, tabaqot, adabiyot, tilshunoslik va shu kabi koʻplab sohalarda ijod qilgan va asarlar yaratishi;
- U oʻz yurti Hirotda boʻlganida ham, ilm yoʻlida oʻzga yurtlarda boʻlganida ham oʻz davrining mashhur ulamolaridan taʼlim olgan, hamma joyda olim va fozillar davrasidagi ilmiy uchrashuvlarda qatnashgan va muttasil ravishda oʻz ilmini oshirishga harakat qilgan. Ali al-Qoriy Qurʼoni karim ilmini mukammal tarzda oʻrganishni Makka shahridagi buyuk qorilar homiyligida ham davom ettirdi, shuningdek uni qismlarga ajratib yodlash va yetti qiroatda oʻqishni aʼlo darajada davom ettirib» al-Qoriy» nomi bilan mashhur boʻlishi;
- Biz tadqiq qilayotgan manba “Mirqot” asarining asli “Mishkot al-masobih” hadislarining alloma oʻz ustozlaridan qay yoʻl bilan olgan ijozalarini keltirishi;
- Muhammad Muhibbiy. Xulosat al-asar fi ayon al-qarni al-hadi ashar. OʻzFASHI, toshbosma, inv.№ 8130.
- Hofiz Sayyid Abdulhay Kittoniy. at-Tarotib al-idoriy va al-amolat va as-sinoʼat va al-matojir va al-holat va al-ilmiyya alloti konat alo ahdi taʼsis al-madina al-munavvara. Al-maktaba ash-shomila.
- Ali al-Qoriy. Mirqot al-mafotih sharh Mishkot al-masobih. –Qohira: Dor al-kutub al-islomiy, 1966. J.1.
- Abdulmalik Asomiy ash-Shofeʼiy. Sumt an-nujum al-avali va at-tavali. Al-maktaba ash-shomila.
- Muhammad Muhammad Abu Zahra. Al-Hadis va al-Muhaddisun. – Bayrut-Livan: Dor al-kutub al-arabiy,1984.
- Ali al-Qoriy. Mirqot al-mafotih sharh Mishkot al-masobih. – Bayrut: Dor al-fikr, 1994. J.
- Shavkoniy. al-Badr at-toleʼ.– Qohira: Dor al-kutub al-islamiy, 1909.
- Husayn ibn Muhammad Said Abdulgʻani makkiy Hanafiy. Irshod as-soriy ila manosik al-Ali al-Qoriy. Al-maktaba ash-shomila.