Home / MAQOLALAR / OʻzR FA ABU RAYHON BЕRUNIY NOMIDAGI SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI QOʻLYOZMALAR FONDIDAGI TAJVID ILMIGA OID MANBALAR

OʻzR FA ABU RAYHON BЕRUNIY NOMIDAGI SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI QOʻLYOZMALAR FONDIDAGI TAJVID ILMIGA OID MANBALAR

Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan allomalar, mutafakkirlar va islom ilmlarining bilimdonlari turli islomiy fanlar boʻyicha barakali ijod qilganlar. Tafsir ilmida Abullays Samarqandiy, Abulbarakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy; fiqh ilmida Abu Hafsi Kabir, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Bakr Kosoniy, Ubaydulloh ibn Masʼud ibn Toj ash-shariʼa Buxoriy; kalom va aqida ilmida Abu Mansur Moturidiy, Abulmuin Nasafiy kabi ming-minglab mutafakkirlar yetishib chiqqanlar. Ana shunday islomiy fanlar qatorida Qurʼonni toʻgʻri oʻqish qonun-qoidalariga bagʻishlangan tajvid va qiroat ilmi ham bor boʻlib, mazkur mintaqada ushbu sohada ham yuzlab olimlar ilmiy faoliyat olib borganlar.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi Asosiy fondida saqlanayotgan nodir va noyob qoʻlyozma manbalarning bir qanchasi aynan tajvid ilmiga oiddir. Biroq, ular toʻgʻrisida umumiy tasavvur hosil qilish uchun ilmiy maʼlumotlar yoʻq hisobi. Birlamchi hisob-kitoblarga qaraganda, arabcha manbalarning 141 ta nusxasi, forscha va turkiycha manbalarning esa 182 ta nusxasi aynan tajvid ilmiga oid qoʻlyozmalarni tashkil qiladi. Ularning aksariyati Imom Shotibiy (1144-1194) “Hirz al-amoniy” va Shamsiddin Jazariy (1350-1429) qalamiga mansub arabcha “al-Muqaddima” asari yoki Mirzo Zohid (XVIII asr) degan mahalliy qorining forscha “Qavoid al-Qurʼon” asarlari nusxalari boʻlishiga qaramasdan dunyo ilmiy jamoatchiligiga nomaʼlum, jahonning boshqa qoʻlyozma fondlarida topilmaydigan bir qancha manbalar ham bor. Ular haligacha ilmiy tadqiqotlar doirasiga tortilmagan, koʻpchiligining mukammal ilmiy tavsiflari ham yoʻq.

Abulqosim Shotibiy qadim Andalusiyaning Shotiba shahrida tugʻilgan. U koʻzlari ojiz xolda tugʻilgan boʻlishiga qaramasdan Qurʼoni karimni barcha qiroatlari bilan toʻliq yod olgan edi. Shuningdek, “Sahihi Buxoriy”, “Sahihi Muslim” va “al-Muvatto” singari hadis toʻplamlarini mukammal yod olganligi manbalarda qayd qilingan [17:  180].

Abulqosim Shotibiyning butun dunyoga mashhur tajvid va qiroat ilmiga bagʻishlangan asarining toʻliq nomi “Harz al-amoniy va vajh at-tahoniy fi-l-qiroat as-sabʼ al-masoniy” deb atalgan va muallif nisbasi bilan “Shotibiya” deb ham shuhrat qozongan. Mazkur asar sheʼriy manzuma shaklida tuzilgan boʻlib, baytlarining barcha bandlari “lom” harfi bilan tugatilgan. Shuning uchun ham asar ilm ahli orasida “Lomiya” nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Asar 78 bobdan iborat boʻlib, 1173 baytni oʻz ichiga oladi. “Shotibiya”ning 18 ta noyob qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA SHI qoʻlyozmalarining Asosiy fondida saqlanadi. Mazkur fondda asarning “Ibroz al-maoniy”, “Mubarriz al-maoniy”, “Kanz al-maoniy”, “Siroj al-Qori”, “Koshif al-maoniy” va “Qutbiya” kabi oʻnga yaqin sharhlari nusxalari ham mavjud. Bu jihat asarning Oʻrta Osiyoda naqadar shuhrat qozonganini ham yoqqol koʻrsatadi. Imom Shotibiyning mazkur qasida manzumasidan tashqari “Kitob vuquf al-mudallal al-arois al-Qurʼon bi-l-hall al-mukallal” nomli asarining ham noyob qoʻlyozma nusxasi saqlanadi [3: 175].

Shamsiddin Jazariy esa sohibqiron Amir Temur davrida Movarounnahr va uning poytaxti Samarqandga kelib ilmiy faoliyat olib borgan qiroat olimi hisoblanadi. Uning oʻndan ortiq asarlari shuhrat qozongan boʻlsa-da, biroq eng muhim asari aynan tajvid ilmiga bagʻishlangan. U “al-Muqaddima al-jazariya” deb ataladi. U ham “Shotibiya” singari manzuma shaklida tuzilgan boʻlib, aruzning rajaz bahrida yozilgan. U 108 baytdan iborat. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalarining Asosiy fondida uning 20 ga yaqin nusxalari bor. Mazkur asarning Toshkubrizoda (1495-1561) va Mavlono Ali al-qori (vaf. 1606) tomonidan qilingan sharhlaridan ham bir necha nusxalari mavjud. Shamsiddin Jazariyning yana qiroat ilmiga oid “Tiybat an-nashr” va “an-Nihoya” kabi asarlarining qoʻlyozma nusxalari ham mazkur fondda mavjud.

Markaziy Osiyo madrasalarida XIX asrda juda mashhur boʻlgan tajvidga oid asarlardan biri Mirzo Zohid degan olimning qalamiga mansubdir. U ham oʻtmishdoshlariga oʻxshab oʻz asarini nazmda bitgan boʻlib, “Nazm al-qavoid”, “Qavoid al-qurro”, “Qavoid al-Qurʼon”, “Maxoriji yoron” va “Maxorij al-huruf” kabi nomlar bilan ataladi. Asar ikki qismdan iborat. Birinchi qismi arab harflarining maxrajlari, yaʼni harflarni ogʻizning chiqaradigan oʻrinlariga bagʻishlangan. Bu qism 40 baytdan iborat. Ikkinchi qismi esa 57 baytdan iborat. U Abdurrauf degan shaxsga bagʻishlangan. Asarda “Bahri Abdurrauf kardam nazm, Ba inoyoti hazrati Mavlo!” (Hazrati Mavlo, yaʼni Allohning yordami bilan Abdurrauf uchun nazm qildim) degan bayt bor [10: 43]. “Sobraniye vostochnыx rukopisey Akademii nauk Uzbekskoy SSR” katalogida mazkur Abdurraufni madrasaning talabasi boʻlsa kerak, deyiladi [16: 270]. Bizningcha, u muallifning oʻgʻillaridan biri boʻlishi kerak. Odatda bu xildagi asarlar farzandlar uchun atab yoziladi.

“Nazm al-qavoid”ning birinchi qismi: “In chihil baytro shuda taʼrix, Dar bayoni “maxoriji yoron” (Ushbu qirq baytga “maxoriji yoron” bayonida soʻzi taʼrix boʻlgan) degan bayt bilan tugatilgan. Bu yerda “maxoriji yoron” soʻzi taʼrix moddasi boʻlsa, u abjad hisobida 1106 ni anglatadi. Demak, asar ushbu sanada bitilgan. Bu 1694-1695 yillarga toʻgʻri keladi. “Sobraniye vostochnыx rukopisey Akademii nauk Uzbekskoy SSR” katalogida ham ushbu sana qayd etilgan. Unda 1117 va 1112 sanalar ham koʻrsatilgan. Agar unga biz “bayon” soʻzini ham qoʻshib hisoblasak, u holda 1169 sanasi hosil boʻladi va u 1755 yilga toʻgʻri keladi. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi kartatekalarida esa asarning yozilgan vaqti boʻyicha 1101, 1111 kabi boshqa ham sanalar koʻrsatib oʻtilgan. Hatto 3927/I raqamli qoʻlyozma nusxasi kartatekasida 901/1495, 2463/VII raqamli qoʻlyozma nusxasi kartatekasida esa 1175/1762 sanani yozilgan yili sifatida qayd qilingan. Demak, bu xildagi turliliklar asarni jiddiy tadqiq etish zaruratini tugʻdiradi hamda muallif va asar toʻgʻrisida ilmiy maʼlumotlar yetarli emasligini bildiradi.

“Nazm al-qavoid”ning birinchi qismi arab harflarining maxrajlariga oid boʻlib, muallif aytishicha, ular 16 ta maxrajga ega. Ikkinchi qismda esa “gʻunna”, “tafxim”, “qalqala”, “mad” kabi tajvid qoidalari nazmda tushuntirib berilgan.

 “Nazm al-qavoid”ning 63 ta qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA SHI qoʻlyozmalarining Asosiy fondida saqlanadi. Biroq, kartatekalarda ularning ayrimlarining muallifi sifatida Zohidiy yoki Abdurrauf deb koʻrsatilgan.

Markaziy Osiyoda fors tilidan bitilgan manbalardan yana biri Ibn Imod degan muallif tomonidan yozilgan boʻlib, “Xulosat at-tanzil” deb ataladi [9]. U 803/1400 yili yozilgan. Uning eng qadimgi nusxalaridan biri 929/1522 sanada kitobat qilingan [8: 24]. “Hadyat ul-orifin”da “Ibn Imod” taxallusli andijonlik olim toʻgʻrisida xabar berilgan boʻlib, uning toʻliq nomini Kamoliddin Muhammad ibn Abu Muhammad Hajjoj ibn Yusuf ibn Imod ibn Gʻozi Andugoniy deb keltiradi. Uni 1326 yilda tavallud topganini va 1375 yili yozgan kalom ilmiga oid “Sidq al-kalom” nomli asari toʻgʻrisida yozadi. Andugonni esa Fargʻonaning bir qishlogʻi sifatida keltiradi [7: 192]. Bizningcha, mazkur muallif umrining oxirlarida tajvidga oid manzuma ham yaratgan.

Tajvidga oid forsiy manbalardan yana biri “Qavoid al-Qurʼon” deb nomlanadi. Uning muallifi Yormuhammad ibn Xudoydod Samarqandiy boʻlib, XVI asrda yashagan olim hisoblanadi. Mazkur manbaning 15 ga yaqin nusxalari mavjud. Eng qadimiy nusxasi asar yozilgan 920/1514 sanadan bir yil keyin Muhammad Akbar Jomiy nomli xattot tomonidan nasx xatida 49 varaqli qilib koʻchirilgan [4: 49].

“al-Minah al-fikriya” asari muallifi Ali al-qori oʻz sharhini yozishda Yor Muhammad Samarqandiyning “Qavoid al-Qurʼon” kitobidan ham foydalangan. Jumladan, Yor Muhammad Samarqandiyning “buf” (بوف) harflariga sukunlik “mim” yoʻliqqanda “mim”ni izhor qilish toʻgʻrisidagi fikrini keltirib oʻtgan [11: 198]. Biroq, mazkur “al-Minah al-fikriya”ni nashrga tayyorlagan Usoma Atoyo Yor Muhammad Samarqandiyni samarqandlik boshqa bir qiroat va tajvid olimi, “Izoh al-xavolif”, “Ruh al-murid”, “Aqd al-farid fi ilm at-tajvid”, “at-Tashjir” va “al-Mabsut va-l-mazbut” asarlari muallifi  – Muhammad ibn Mahmud ibn Muhammad Samarqandiy (vaf. 1378) bilan yanglishtirgan. Lekin, u holda uning ismiga “Yor” qoʻshimchasi nega qoʻshilib qolganiga izoh bermagan. Bizningcha, Mulla Ali al-qori bu yerda aynan “Qavoid al-Qurʼon” asari muallifi Yor Muhammad Samarqandiyni nazarda tutgan.   

Mavlono Ismat nomi bilan shuhrat qozongan buxorolik adiblardan biri Ismatulloh ibn Mahmud ibn Neʼmatulloh Buxoriy (XVI asr) tomonidan tajvid ilmiga oid “Najot al-qori” nomli asar bitilgan. Shayboniy Abdullatifxonga bagʻishlangan mazkur manba Qurʼon oʻqish xosiyatlari, ayrim oyatlarning fazilatlari va xato oʻqish hukmlari bayon qilingan. Uning ikki qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA SHI qoʻlyozmalarining Asosiy fondida saqlanadi [5]. Asar nasrda yozilgan boʻlib, harflarning maxrajlari toʻgʻrisidagi muallifning manzumasi ham unga ilova qilingan.

Hofizi Kalon nomi bilan tanilgan buxorolik olimning “ad-Durrat al-farida” hamda “Anis al-qurro” nomli asarlari mavjud [19]. U Ubaydullohxon davrida Buxoroda ilmiy faoliyat olib borgan olim hisoblanadi. “Anis al-qurro”ning 927/1521 yili koʻchirilgan nusxasi avtograf boʻlishi ham mumkin. Muallifning “Xulosat al-hukamo” nomli fors tilidagi asarni oʻzbek tiliga tarjima qilgani ham maʼlum [20: 78].

Fargʻonalik olimlardan biri Sidqiy taxallusi bilan ijod qilgan Muhammad Sodiq ibn Abdulboqi Fargʻoniy tomonidan 1000/1591 yili “Riyoz al-abror” nomli asar bitilgan. 41 varaqdan iborat ushbu asar qoʻlyozmasi Qurʼon qiroatiga bagʻishlangan fors tilidagi noyob manba hisoblanadi [12: 41]. Yana shu yili muallifning “Hadoyiq al-axyor” nomli asari ham yozilgan. Uning ham bir necha qoʻlyozma nusxalari OʻzR FA SHI qoʻlyozmalarining Asosiy fondida saqlanadi [13].

Buxorolik tarixchi, mutasavvif Sayyid Zinda nomi bilan tanilgan Ali ibn Azizon ibn Mir Husayn Buxoriy 1107/1695 sanada bitgan “Tuhfai Gʻijduvoniy” nomli asar ham Qurʼon oʻqish qoidalariga bagʻishlangan. Asarning toshkentlik xattot Abdulvahhob Shoshiy tomonidan 1865 yili kitobat qilingan bir nusxasi 45 varaqdan iborat [15: 45]. Asar ashtarxoniylardan boʻlgan Subhonqulixon davrida 1107/1695 yili yozilgan. Kitob nomi aslida “Qiroat as-Sibtayn” deb atalgan boʻlib, fors tilida 635 baytdan iborat qilib tuzilgan manzuma hisoblanadi [14: 42]. Muallifning “Samarot al-mashoyix” nomli asari esa Oʻrta Osiyoda faoliyat yuritgan tasavvuf ahlining faoliyatini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi.

XIX asrga kelib ham tajvidga bagʻishlangan bir qancha asarlar yozildi. Mazkur asarlarning aksariyatini Qurʼoni karimni toʻliq yod olgan qorilar, hofizi Qurʼonlar bitganligi ularning mualliflari nomlaridan ham koʻrinib turadi. Ismoil qori degan muallif tomonidan ham “Qavoid al-qurro” nomli asar bitilgan [6: 4]. Jalol qorining “Muttafaq al-qiroat”, Doʻst qorining “Majmaʼ al-qavoid”, Nuriddin Muhammad qorining “Maqsud al-qori”, Abdulkabir qorining “Matlub al-qiroat”, Muhammad Shodi qorining “Fayz ar-Rahmon”, Hasan qorining “Ahsan al-qori”, Hofiz Abdullohning “Margʻub al-qori” va Abdunnosir domla Sayfulloh oʻgʻli tomonidan bitilgan “Tuhfat at-tolibin” nomli asarlarni ham misol keltirish mumkin [18].

Qurʼon oʻqish qoidalariga oid XIX asrda bitilgan manbalardan biri “Hujjat al-voqifin” deb nomlangan. Uni Buxoro Arkidagi masjid imomi Qori Abdurrahim Torobiy Buxoriy 1300/1883 yili bitgan. Asarning bir necha nusxalari mavjud [2: 6]. Shuningdek, olimning “Tuhfai Siddiqxoniy” va “Sharh Qasidai Banot-suod” nomli asarlarining ham qoʻlyozma nusxalari saqlanib qolgan [1: 17].     

Maqolaga XULOSA qiladigan boʻlsak, yuqorida ham aytganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida hali ilmiy tadqiqotlarga jalb qilinmagan, ilmiy tavsiflari yaratilmagan qoʻlyozma manbalar juda koʻp. Ana shunday manbalar qatorida islomiy ilmlarga oid, ayniqsa, tajvid ilmiga bagʻishlangan qoʻlyozmalar ham kiradi. Institut fondidagi tajvid ilmiga oid qoʻlyozma manbalar temuriylar davridan boshlanadi. XVI asrda esa muhim asarlar bitilgan edi. XIX asrga kelib bir qancha moʻjaz risolalar, aynan kichik yoshli bolalarga moʻljallangan fors va turkiy tildagi nazmiy va nasriy asarlar yozildi. XX asr boshlarida esa ularning oʻndan ortigʻi toshbosmalarda ham nashr qilib koʻpaytirilgan edi. Ularning mualliflari hayoti va ijodlari, asarlaridagi maʼno-mazmun haligacha toʻliq oʻrganilgan emas. Ularni oʻrganish Markaziy Osiyo va uning yuragi boʻlmish Oʻzbekiston tarixining hanuzgacha ochilmagan sahifalarini toʻldirishda juda katta ahamiyati bor. Bu asarlarni tadqiq qilish natijasida yurtdosh bobokalon olimlarimizning islomiy ilmlarga qoʻshgan hissasi yanada koʻproq boʻlgani anglashiladi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdurrahim Torobiy. Tuhfai Siddiqxoniy va Sharh Qasidai Banot-suod. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 3004/I; 10390/II; 2542.
  2. Abdurrahim Torobiy. Hujjat al-voqifin. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 505/XIII.
  3. Abulqosim Shotibiy. Kitob vuquf al-mudallal. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 12101.
  4. Yormuhammad as-Samarqandiy. Qavoid al-Qurʼon. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 2451.
  5. Ismatulloh Buxoriy. Najot al-qori. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, №№ 12139/II; 5096/III.
  6. Ismoil qori. Qavoid al-qurro. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 10685/XIX.
  7. Ismoil poshsho al-Bagʻdodiy. Hadiyat al-orifin. 3-jild. – Istanbul: Bahiya, 1951.
  8. Mir Imod. Xulosat at-tanzil. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 10493/XIII.
  9. Mir Imod. Xulosat at-tanzil. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, №№ 5892/II; 3468/I.
  10. Mirzo Zohid. Qavoidi qurro. –T.: Breydenbax, 1896.
  11. Mulla Ali al-qori. Al-Minah al-fikriya fi sharh al-muqaddima al-jazariya / Tahqiq: Usoma Atoyo. –Damashq: Dor al-gʻavsoniy, 2012.
  12. Muhammad Sodiq Fargʻoniy. Riyoz al-abror. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 6395/II.
  13. Muhammad Sodiq al-Fargʻoniy. Hadoyiq al-axyor. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, №№ 6385; 8383; 12118; 12185.
  14. Sayyid Zinda Ali. Qiroat as-Sibtayn. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 1591/III.
  15. Sayyid Zinda. Tuhfai Gʻijduvoniy. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 1591/III.
  16. Sobraniye vostochnыx rukopisey Akademii nauk Uzbekskoy SSR. Tom XI, № 7379. – T.: Fan, 1987.
  17. Xayriddin Zirikliy. Al-Aʼlom. 5-jild. –Bayrut: Dor al-ilm, 2002.
  18. Qoʻlyozma nusxalar uchun qarang: OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, № 6374/VII; 8487/II; 11340/V; 11340/VII; 10745/II; 11340/VI; 10685/XVIII; 12089/III.
  19. Hofizi kalon. Ad-durrat al-farida. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, №№ 10530; 10685/XI; 2945.
  20. Hofizi kalon. Xulosat al-hukamo. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, №№ 5054/I; 2892/I.
Abdumannon ISMATULLAYEV,
Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi
2-bosqich tayanch-doktoranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …