Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼatining milodiy 2022 (hijriy 1443) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori boʻyicha qarori eʼlon qilindi.
Qarorga koʻra, zakotning tillodan nisobi 85 gramm boʻlib, bugungi kunda 1 gramm tilloning oʻrtacha narxi 400 000 (toʻrt yuz ming) soʻm ekani eʼtiboridan, bu yilgi zakot nisobi 34 000 000 (oʻttiz toʻrt million) soʻm deb belgilandi.
Shunga koʻra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 34 000 000 (oʻttiz toʻrt million) soʻm va undan ortiq mablagʻga ega boʻlgan musulmon kishi jami mablagʻining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambagʻal va faqirlarga beradi.
Fitr sadaqasining miqdori bugʻdoydan yarim soʼ (2 kg.), arpadan bir soʼ (4 kg.), mayizdan yarim soʼ (2 kg.) va xurmodan bir soʼ (4 kg.)dir.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari oʻrganilganda 1 kg bugʻdoy oʻrtacha besh ming soʻm, 1 kg arpa oʻrtacha toʻrt ming soʻm, 1 kg mayiz oʻrtacha ellik ming soʻm va 1 kg xurmo oʻrtacha qirq ming soʻm ekani maʼlum boʻldi.
Shunga koʻra, fitr sadaqasining miqdori:
bugʻdoydan 2 kg 10 000 (oʻn ming) soʻm;
arpadan 4 kg 16 000 (oʻn olti ming) soʻm;
mayizdan 2 kg 100 000 (yuz ming) soʻm;
xurmodan 4 kg 160 000 (bir yuz oltmish ming) soʻm deb belgilandi.
Har kim oʻz imkoniyatiga qarab ushbu toʻrt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.
Fidya miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati qiymatida boʻlib, bugungi kunda bu oʻrtacha 25 000 (yigirma besh ming) soʻmga toʻgʻri kelganidan, bu yilgi FIDYA miqdori bir kun uchun 25 000 (yigirma besh ming) soʻm, bir oyga 750 000 (yetti yuz ellik ming) soʻm deb belgilandi.
Maʼlumot uchun, mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilangan. Har bir viloyat oʻz bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.