Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida “Axborot xurujlari va ularni oldini olishning maʼnaviy-maʼrifiy, diniy asoslari” mavzusida targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirda Markaz diniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlimi boshligʻi Tohir Evadullayev, ilmiy xodim Jonibek Jumayev, oliy taʼlim muassasasi ilmiy jamoasi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Filial direktorining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Farrux Usmonov kirish soʻzi bilan ochilgan tadbir bugungi kunda mafkuraviy tahdidlar aholining maʼlum bir qatlamlari, ayniqsa yoshlarning qarashlarini oʻzlariga maʼqul boʻlgan yoʻnalishda oʻzgartirish, diniy ektremizmga, axloqsizlik kabi buzgʻunchi gʻoyalarni singdirishga boʻlgan urinishlarning koʻrinishlari haqida ishtirokchilarga koʻproq maʼlumot berish maqsadlariga qaratildi.
Maʼruzachilar internet bilan bogʻliq buzgʻunchiliklar, global tarmoqdan qabih maqsadlarda foydalanayotganlar dinu diyonat, ibodat, hijrat, jihod va jannat haqida turli jozibali soʻzlar vositasida yoshlarni yoʻldan urib, razolat qurboniga aylantirishayotgani va uning qator salbiy oqibatlarini afsus bilan taʼkidladilar.
Darhaqiqat, internetdan olingan manba toʻgʻri, ishonchli va zararsiz ekanini bilish kerak. Yaxshi-yomonni farqiga bormaydigan yoshlar internet orqali tarqatilgan har qanday maʼlumot va xabarlarni haqiqat deb qabul qilayotgani jiddiy xavotirga soladi.
Tadbirda internet saytlarida yoshlarga kuchli taʼsir etuvchi axborotlar ishtirokchilarga toifalar kesimida tasniflab berildi va ushbu turdagi axborotlardan himoyalanish yoʻllari oʻrgatildi.
Shuningdek, tadbirda “Siz Muhammad al-Xorazmiyni bilasizmi?” mavzusida tuzilgan 20 ta test savoli orqali talabalar bilimlari baholandi.
Yakunda yoshlar bilan qizgʻin savol-javoblar boʻlib oʻtdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati