Allohga shukrki, “COVID-19” pandemiyasi sababli toʻxtab qolgan Umra ziyorati, uzoq muddatli tanaffusdan soʻng, katta quvonch bilan yana qayta yoʻlga qoʻyildi.
Moʻmin-musulmonlarimiz Kaʼbai Muazzamani tavof qilish, Rasulimiz alayhissalomning muborak ravzalarida namoz oʻqish, duo qilish, u zoti sharifga salom berish baxtiga muyassar boʻldilar.
Haq taolo Qurʼoni karimda: “Haj va Umrani Alloh uchun mukammal ado eting”, – deb bayon qilgan. Shuningdek, hadisi shariflarda Umra ibodati uchun ulkan savoblar, darajalar vaʼda qilingan. Jumladan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Umra – umragacha boʻlgan xatolarga kafforatdir”, – deya marhamat qilganlar.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda, haj va umra tadbirlarini tashkil etish borasida ham katta qadamlar tashlandi: Umra safariga boʻlgan eʼtibor kuchaydi, navbatlar sezilarli darajada kamaytirildi, xizmat koʻrsatish sifati yangi bosqichga olib chiqildi. Bularning barchasi – yurtdoshlarimizni xursand qilmoqda.
Quvonarli jihati, 20 mart kuni, “Umra-2020” mavsumida safar xarajatlarini toʻliq amalga oshirgan, lekin “COVID-19” pandemiyasi sababli ziyoratga bora olmagan fuqarolarimizning oxirgi guruhlari Saudiya Arabistoniga joʻnab ketadi.
Shu bilan, Saudiya Arabistoni bilan mavjud shartnomaga muvofiq, “COVID-19” pandemiyasi sababli ziyoratga bora olmay qolgan 23 ming yurtdoshimizni Umra safariga yuborish ishlari toʻliq yakunlanadi.
Ayni kunlarda Ramazon va Shavvol oylarida Umra safarini amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy va amaliy ishlar jadal surʼatda olib borilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, hozirgi kunda Saudiya Arabistonida “COVID-19” pandemiyasi bilan bogʻliq oʻrnatilgan karantin talablari asta-sekin yumshatilib, Saudiya hukumati tomonidan barcha davlatlar, xususan, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Eron va Misr kabi yirik musulmon mamlakatlariga Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berildi.
Bu esa, oʻz navbatida, mehmonxona va boshqa turdagi servislarga talab oshishiga, xususan, Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra tadbirlarining narx-navosiga taʼsir koʻrsatishiga sabab boʻlishi haqida ham maʼlumot berilgan edi.
Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan hamkor shirkat vakillari bilan Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra ziyorati yuzasidan muzokaralar olib borildi va belgilanadigan narx boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishildi.
Taʼkidlash zarurki, Ramazon oyida Saudiya Arabistonidagi mavjud sharoitdan kelib chiqib, xizmat koʻrsatish narxlari oshayotgan boʻlsada, saʼy-harakatlar natijasida Shavvol oyida (Ramazon oyidan keyin) Umra mavsumining oxirigacha ziyoratchilarning safar xarajatlari uchun amaldagi mavjud qiymat saqlab qolinadi.
Yana bir muhim masala, yurtdoshlarimizning Umra ziyoratiga boʻlgan talab va istaklarini inobatga olib, Umra safarini sayyohlik firmalari orqali ham qisman tashkil etish masalasi koʻrib chiqilayotganini maʼlum qilamiz.
Oʻz navbatida, uzoq muddatli tanaffusdan soʻng, yurtimiz moʻmin-musulmonlariga muborak Ramazon oyining rahmatga toʻla kunlarini yana Ikki Haramda oʻtkazish baxtini nasib etgan Alloh taologa shukronalar aytamiz!
Manba: muslim.uz