Home / MAQOLALAR / SHARQ ALLOMALARINING ILMIY MЕROSIDA BILIMLAR INTЕGRATSIYASI

SHARQ ALLOMALARINING ILMIY MЕROSIDA BILIMLAR INTЕGRATSIYASI

Oʻrta asrda Markaziy Osiyoda ijod etgan mutafakkirlar beqiyos ilmiy xazina yaratdilar va ularning durdona meroslari, boy ijodi, ilmiy va falsafiy fikrlari bugungi kunda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ulardan Forobiy, Ibn Sino, Xorazmiy kabi buyuk faylasuf va allomalarning asarlari jahon sivilizatsiyasining oltin xazinasidan munosib oʻrin olgan, jahon fani va madaniyati tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Oʻrta asr Markaziy Osiy mutafakkirlarining ijodini tadqiq etgan olimlarning ilmiy tadqiqotlarida bu oʻz ifodasini topgan [2].

Maʼlumki, Markaziy Osiyo islom dunyosida yangi falsafiy va ilmiy bilim shakllangan markazlardan biriga aylandi. Bu yerdan chiqqan buyuk allomalar va mutafakkirlar falsafa xamda fanning shakllanishi va rivojlanishiga katta hissa qoʻshdilar. Jumladan, ularning ilmiy meroslarida zamonaviy ilmiy texnologiyalarning asosi boʻlgan bilimlar integratsiyasi, fanlararo yondashuv namunalarini juda koʻplab koʻrishimiz mumkin.

Bunday integratsiya matematika musiqa, arxitektura, sanʼat sohasida oʻz aksini topgan. Oʻrta asrlarda Oʻrta Osiyoda matematikani boshqa fanlar bilan integratsiya qilish gʻoyasini anglagan buyuk mutafakkir Forobiy hisoblanadi. Aristoteldan farqli oʻlaroq Forobiy matematika metodlarini qoʻllanish imkoniyatlarining cheksiz ekanligini eʼtirof etadi. Buyuk olimning mazkur gʻoyasi nafaqat matematika rivojidagina emas, balki fan tizimi taraqqiyotida ham buyuk hodisa edi. Shuningdek, Forobiy ushbu gʻoyani yanada kengroq qoʻllash usullarini amaliyotda isbot etadi. Masalan, olim fanda birinchi bor musiqaviy (tebranuvchi) hodisalarni matematika usullari bilan tadqiq etadi.

Forobiyning boshlab bergan ushbu tashabbusini keyinchalik boshqa olimlar oʻz tadqiqotlarida davom ettirib, yanada rivojlantiradilar. Bular qatorida Tusiy, Ibn Sino kabi buyuk olimlar ham bor edi. “Oʻrta Osiyo mutafakkirlari arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqani bitta fan doirasiga kiritganlar. Barcha traktatlarning asosida matematika tamoyillari yotar edi”[3: 182-183] Keyinchalik esa mazkur ikki fan integratsiyasiga oid gʻoyani Yevropa olimi Bekon ilmiy merosida kuzatish mumkin.

Yuqorida qayd etganimizdek, matematikani boshqa sohalarda qoʻllash gʻoyasi asosida yurtimizda dastlabki fanlararo yondashuv gʻoyasi rivojlantirildi. Fanlararo yondashuv nima? Zamonaviy fanda “fanlararo yondashuv biron muammoni tadqiq etishda turli fan usullaridan foydalanishdir”[9: 23]. Xalqaro Transditsiplinar tadqiqotlar Markazi Prezidenti fizik B.Nikolesku taʼkidlashiga qaraganda, “fanlararo yondashuv” tushunchasi oʻzida “bilimlarning qayta birlashuv va integratsiyaga boʻlgan zamonaviy talabini ifodalamoqda”[11].

Fanlararo yondashuvning rivojlanish ildizlarini olimlar antik davr faylasuflari ijodi bilan bogʻlamoqdalar. Masalan, rus olimi Ye.Knyazeva fikriga koʻra, “fanlararo yondashuv kurtaklarini yunon falsafasida koʻrish mumkin. Qadimgi Yunonistonda yashab ijod etgan faylasuflar Platon va Empedokl falsafa va meditsinani integratsiya qilganlar [5]. Toʻgʻri, matematika va musiqa, falsafa va boshqa fanlar integratsiyasini qadimgi grek olimlari ijodida ham uchratamiz. Ammo biz bu fikrga qoʻshila olmaymiz. Yurtimizda yashab ijod etgan mutafakkirlar ijodida fanlararo yondashuv nafaqat salmoqli boʻlgan, balki rivojlantirilgan deb hisoblaymiz. Fanlararo yondashuv gʻoyasining mutafakkirlarimiz tomonidan rivojlantirilganligini koʻrib chiqamiz.

Darhaqiqat, buyuk oʻrta Osiyo olimlari bu gʻoyani nafaqat takrorladilar, balki transformatsiya qilib, yuqori pogʻonaga olib chiqqanlar. Masalan, Forobiy oʻzining “Musiqa haqida katta traktatida” antik davr mualliflarining izlanishlarini puxta oʻrganib, ularda musiqaga oid baʼzi noaniqliklar borligini aniqlaganligi sababli, yangi traktat yozishga kirishganligini bayon qilgan[3: 183]. Natijada, Forobiy matematik usullar asosida musiqa tovushlarining kelib chiqishi, ritm va tovushlarning musiqa sifatida birlashuviga oid qonuniyatlarni mukammal oʻrganadi. Bu matematika va musiqa fanining integratsiyasi edi.

Shuningdek, matematika usullarni Forobiy sheʼriyatda ham mohirona qoʻllaydi. Forobiyning bu ilmiy gʻoyasini Beruniy hind sheʼr yozish qoidalarida qoʻllashni tadqiq qiladi va oʻz xulosalarini beradi [4: 157-158]. Ilmiy izlanishlar natijasida Mirzo Ulugʻbek ham integratsiya usulidan foydalanib, olamga mashhur “Zij” asarini yaratdi [10: 121-122]. Demak, aytish mumkinki, fanda yangi ilmiy gʻoya kashf etildi. Bu fanlararo yondashuv gʻoyasi boʻlib, matematika usullari boshqa fanlarda ham mohirona qoʻllangan, natijada fanlar integratsiyasi yangi pogʻonaga koʻtarilgan.

Agar shu davrdagi Yevropa faniga eʼtibor qaratsak, Yevropada matematikani boshqa fanlar integratsiya qilish gʻoyasidan foydalanish faqatgina XVI-XVII asrlardagina boshlanadi. Oʻrta Osiyo mutafakkirlari tomonidan matematikani boshqa fanlar bilan integratsiya qilish gʻoyasi ancha oldin yaratiladi va bu ilmiy gʻoya rivojlantirilgan va muvaffaqiyatli ravishda amaliyotda qoʻllanilgan. 

Allomalar tomonidan matematika usullari nafaqat musiqa, balki sanʼatshunoslik sohalarida ham samarali qoʻllanila boshlangan. Masalan, oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda matematika, geometriya va sanʼatning uygʻunligi zamirida betakror ornamental sanʼat paydo boʻladi. Arxitektura, ornamental sanʼatidagi matematik yondashuvlarning asosi boʻlib falsafiy gʻoyalar xizmat qiladi. Masalan, Markaziy Osiy meʼmorlik sanʼati asosida yotgan uygʻunlik gʻoyasi ana shunday universal xarakterga ega boʻlgan gʻoyadir. U nafaqat koinot tizimi bilan, balki konkret fanlar bilan ham bogʻliqdir. Shu sababli meʼmorlik sanʼatida uygʻunlik geometrik ornament vositasida ifodalangan.

Ornamental sanʼatdagi bu uygʻunlik mashhur “girix” misolida namoyon boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Islom sivilizatsiyasining ornamental sanʼatida maqbara va masjidlarni “girix” nomli naqshlar bilan bezatish anʼanasi ilk bor XII  asrda paydo boʻlgan. Girixlar fanlararo yondashuvning amaliy ifodasidir. Chunki ular asosida ham matematik mahoratdan dalolat beruvchi nodavriylik, simmetriya, assimetriya kabi matematik gʻoyalar yotadi.

Irrigatsiya tizimlari, turli qalʼa va koʻp qavatli saroylarni barpo etishda bajariladigan murakkab texnik vazifalar matematik hisob-kitoblarni talab etar edi. Natijada, oʻrta asr Markaziy Osiyo falsafasida bilimning matematiklashuvi yangi bosqichga koʻtarildi. Bu jarayonga “algoritm” tushunchasi yorqin misol boʻla oladi. “Algoritm” algebraga oid masalalarni yechishga moʻljallangan metod sifatida birinchi boʻlib Xorazmiy tomonidan ishlab chiqildi va fanga kiritildi [7: 59].

“Algoritm” atamasi buyuk mutafakkirning ismidan olingan boʻlib, keyinchalik u pozitsiyali sanoq sistemasi boʻyicha tartiblash (raqamlashni), hozirda esa qoʻyilgan masalani yechimga olib keluvchi maʼlum qatiy tartib, shuningdek kengroq maʼnoda qoʻyilgan maqsadni amalga oshirishga qaratilgan maʼlum operatsiyalar tizimidir” [6: 59]. “ Xorazmiyga qadar chiziqli va kvadrat tenglamalar fanga maʼlum edi. Ammo ular har doim turlicha va individual tarzda yechilar edi. Barcha uchun qabul qilingan umumiy, yagona qoida, algoritmlar mavjud emas edi”[7: 55]. Xorazmiyning buyuk xizmati shundan iboratki, u bu tenglamalarni tafakkur uchungina emas, balki amaliy, kundalik vazifalarni bajarish uchun yaratadi, yaʼni abstraktlik doimo konkretlikda oʻz ifodasini topadi”[7: 57].

Shuningdek, yurtimizdagi olimlar tomonidan trigonometrik elementlarning sintezi ham amalga oshiriladi. Trigonometriya oʻrta asr allomalari tomonidan alohida fan sifatida shakllantirildi. Vaholanki, trigonometriya Yevropa ilmiy doirasiga XVI asrning ikkinchi yarmida kirib boradi va yanada rivojlantiriladi [10: 105].

Bugungi kunga kelib algoritm inson faoliyatining juda koʻplab sohalarida qoʻllanib kelinmoqda. Maʼlumki kibernetika, kompyuterlashtirish, axborotlashtirish algoritmga asoslangan, shu bois zamonaviy sivilizatsiyani algoritmlashtirishsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Matematik sanoq sistemasini fanning barcha tarmoqlarida qoʻllash hamda algoritm, algoritmlashtirish gʻoyalari va ularning uygʻunlashuvi hozirda biz foydalanayotgan raqamli texnologiyalar inqilobining asosi boʻlib xizmat qilmoqda.

Yuqoridagi mulohazalarimizdan koʻrinib turibdiki, bilimlar integratsiyalashuvida oʻrta asr mutafakkirlarining buyuk xizmatlari bor. Ularning xitoy va ayniqsa hind matematiklaridan farqlari va muvaffaqiyatlari shundaki, ularning ijodida induktiv metod juda ham keng qoʻllanilgan [8: 13]. Forobiy tomonidan musiqaviy (tebranuvchi) hodisalar, sheʼriyat, matematika usullari bilan tadqiq etiladi. Matematika gʻoyalarining arxitektura, geometriya estetik sanʼat bilan uygʻunlashuvi sodir boʻladi. Bu uygʻunlashuv betakror ornamental sanʼat, girihlar yaratilishiga olib keladi. Mutafakkirlar ijodidagi bilimlar integratsiyasi zamonaviy fanlar rivojini yanada yangi bosqichga koʻtardi. Shu sababli mutafakkirlarimiz ilmiy ijodida yaratilgan  fanlararo yondashuv namunalarini oʻrganish olimlarimiz oldidagi vazifalardan biri deb hisoblaymiz.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. 1Karimova S.U. Markaziy Osiyo olimlarining oʻrta asr Sharq ilmiy markazlardagi faoliyati // Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi. –Toshkent – Samarqand, 2007.
  2. Muminov I. Oʻrta Osiyoda, oʻrta asrdagi ilgʻor tabiiy-ilmiy va falsafiy fikrlar tarixiga oid. 3 jild. –T.: Fan, 1972; Ocherki istorii obщyestvenno-filosofskoy mыsli v Uzbekistane — T., 1997; Nauchnoye nasledstvo. T.6. Iz istorii fiziko-matematicheskix nauk na srednevekovom Vostoke. Traktat al-Xarazmi, al-Beruni, Ibn al- Xuseyna al-Shirozi. –M.: Nauka, 1983.
  3. Xudojestvennaya kultura Sredney Azii IX-XIII vekov. Sb. statey. -Pod red. L.I.Rempelya. – T.: Lit.i iskusstva.
  1. Kubesov A. Matematicheskoye naslediye Al-Farabi. –Alma-Ata.: Nauka, 1974.
  2. Knyazeva Ye.N. Transdissiplinarnыye strategii issledovaniy. Vestnik TGPU (TSPU Bulletin). 2011. 10 (112).
  3. Klassicheskaya nauka Sredney Azii i mirovaya sivilizatsiya . –T., 2000.
  4. Ocherki istorii obщyestvenno filosofskoy mыsli v  Uzbekistane. Pod. red. I.M. Muminova.  –T.: Fan, 1977.
  5. Matviyevskaya G.P., Rozenfeld B.A. Matematiki i astronomы musulmanskogo srednevekovya i ix trudы (VIII-XVII vv.). Kniga 2. –M.: Vostochnaya literatura, 1983.
  6. Moren E. Metod. Priroda Prirodы. –M.: Progress-Traditsiya, 2005.
  7. Rыbnыkov K.A.  Istoriya matematiki. –M.: MGU,  1960.
  8. Transdisiplinarity: BasarabNicolescu Talks with Russ Yolckmann // INTEGRAL REVIEW. 2007.
Gulbahor JALALOVA,
OʻzMU katta ilmiy xodimi, fal.f.d. (PhD)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …