Islom manbalarida haj va umra qiluvchilarga koʻmak bergan, uning ogʻirini yengil qilgan kishiga katta ajru savoblar borligi bayon etilgan. Ayni kunlarda ziyoratchilar ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun qulay shart-sharoitlarni hozirlash ishlari Saudiya Arabistonidagi hamkor shirkat tomonidan yakuniga yetkazildi.
Avval, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari koʻp yillik tajriba ega boʻlgan “Abu Sarhad” shirkati bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish boʻyicha shartnoma tuzgani haqida xabar bergan edik.
Oʻtgan vaqt davomida “Abu Sarhad” shirkati tomonidan Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin boʻlgan mehmonxonalardagi tayyorgarlik ishlarini oxiriga yetkazish, zamonaviy transport vositalarini shay holatga keltirish va boshqa yuqori sifatdagi xizmatlar koʻrsatish ishlari maromiga yetkazildi.
Ayniqsa, Madina shahridagi besh yulduzli “Pullman Zamzam” zamonaviy mehmonxonasi oʻzbekistonlik ziyoratchilar xizmatida boʻladi. Ushbu mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonginasida joylashgan, ziyoratchilarimiz besh mahal namozlarini ushbu tabarruk masjidda ado etish sharafiga yetishadilar. Mehmonxonaning keng zali kishi diqqatini oʻziga tortadi. Ziyoratchi oʻz xonasiga koʻtarilmoqchi boʻlsa, bir nechta liftlar xizmat qiladi. Har bir xonada ozoda koʻrpa-yu choyshablar toʻshab qoʻyilgan. Xonadagi televizor orqali Kaʼbai muazzama yoki Masjidun Nabaviyni toʻgʻridan-toʻgʻri tomosha qilish mumkin. Ibodat uchun kuch-quvvat toʻplash va undan keyin orom olish yana bir qator qulayliklar hozirlandi.
Mehmonxonada tibbiyot boʻlimi va Oʻzbekiston Ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan boʻlib, tibbiyot boʻlimi ham kerakli dori-darmonlar, oʻrindiq va yotoq mebellari bilan taʼminlandi. Shuningdek, ziyoratchilarimizga oshpazlar tomonidan shirin va tansiq taomlar tortiq qilinadi. Makka shahridagi Harami sharif atrofida joylashgan besh yulduzli “Hilton” mehmonxonasi ham qayd etganimizdan-da ziyoda sharoitlarga egadir.
Ziyoratchilarimizga amallarni sharʼiy jihatdan komil bajarishlarini taʼminlash uchun mamlakatimizdagi masjid va madrasalarda mehnat qilayotgan eng tajribali ulamolar, imom-domlalar, mudarrislar va diniy soha xodimlari jalb etildi.
Tabarruk zaminda ziyoratchi har bir daqiqasini gʻanimat bilib, faqat toatu ibodatga sarflashi uchun mana shunday qulayliklar tayyorlandi va tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Mazkur sharoitlar ziyoratchilarga besh mahal namozni Harami shariflarda ado etish va faqat duoyu iltijolar bilan band boʻlishda imkon beradi. Bu juda ham ulugʻ saodatdir.
Umra safari Oʻzbekiston musulmonlari idorasining rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlarida onlayn va oflayn shaklda yoritib boriladi. Shuningdek, “Oʻzbekiston 24” uchun alohida lavhalar tayyorlash rejalashtirilgan.
Alloh taolo umraga otlanganlarning safarlarini muborak qilsin, Ikki Harami sharif ziyoratini barchamizga nasib etsin!
Manba: muslim.uz