Moturidiylik Imom Abu Hanifa qarashlarining Abu Mansur Moturidiy (vaf. 333/944 y.) tomonidan rivojlantirilib, tizimlashtirilgan va asos solingan aqidaviy mazhabdir. Bunga koʻra, moturidiylik va hanafiylik oʻrtasida juda yaqin aloqa mavjud. Shu bilan birga moturidiylikning asosi hanafiylik ekani borasida ulamolar yakdil fikrdalar. VIII asr boshidan eʼtiboran hanafiylik Xuroson, ayniqsa, Samarqanddan tortib Movarounnahrning barcha shaharlarida keng tarqalgan [1: 124-125). Darhaqiqat, Abu Muin Nasafiy (vaf. 508/1114 y.) oʻzining “Tabsiratul adilla fi usulid din ala tariqatil Imom Moturidiy” asarida butun Movarounnahr, Xurosonning Marv va Balx kabi shaharlarida muʼtaziliylarning gʻoyalarini yoqlaganlardan tashqari barcha Abu Hanifa tarafdorlarining usul va furuʼ masalalarida ilk davrdan beri hanafiylik (Hanafiy-Moturidiylik)ni qabul qilganliklarini keltiradi [30: 356].
Nasafiyning yuqorida zikr etilgan “Butun Movarounnahr hududi boʻylab muʼtaziliylar fikrini qabul qilmagan hanafiylar” degan soʻzlaridan bu hududdagi hanafiylarning ikki guruhga boʻlinganliklarini tushunishimiz mumkin. Bu ikki guruh quyidagilardir:
Hanafiy-muʼtaziliylar: Abul Qosim Kaʼbiy (vaf. 319/931 y.) kabi amalda hanafiy boʻlib, eʼtiqodda muʼtaziliylarni yoqlab, himoya qilgan hanafiylardir.
Muʼtaziliy boʻlmagan hanafiylar: Samarqandda Dorul Juzjoniya va Dorul Iyodiya maktablariga mansublari hamda Buxoroda Abu Hafs Kabir (vaf. 217/832 y.), Balxda Nusayr ibn Yahyo (vaf. 268/882 y.) atrofida birlashgan, muʼtaziliylarni rad qilgan hanafiylardir. Bu guruhni haqli ravishda Hanafiy Samarqand/Movarounnahr maktabi shaklida nomlashimiz mumkin.
Moturidiylikning asoschisi sifatida tanilgan Abu Mansur Moturidiy yuqorida zikr etilgan Samarqand maktabiga qarashli Dorul Juzjoniyda tahsil olib, kamolotga yetishgan va Abu Hanifaning qarashlarini umrining oxiriga qadar rivojlantirib, tizimlashtirgan, keng yoyishga bor kuchini sarflagan.
Dorul Juzjoniya Abu Hanifaning gʻoya va qarashlariga muvofiq ish olib boradigan eng muhim ilm markazi boʻlgan. Bu yer Abu Mansur Moturidiy va minglab talabalarni yetishtirgan bir maktabdir. Abu Muqotil Samarqandiy (vaf. 208/823 y.) tomonidan IX asrda asos solingan deb taxmin qilinayotgan bu maktab keyinchalik Abu Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/816 y.) va Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq ibn Subayh Juzjoniy (vaf. 268/882 y.) tomonidan rivojlantirilgan [3: 268-269).
Abu Hanifa (vaf. 150/767 y.)ning taniqli shogirdlari Muhammad Shayboniy (vaf. 189/804 y.) va Abu Yusuf (vaf. 182/798 y.)ning shogirdi Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/816 y.) tomonidan asos solingan Dorul Juzjoniya maktabi Abu Mansur Moturidiyni tarbiyalab, voyaga yetkazgan va keyinchalik uning oʻzi ham bu yerda taʼlim bergan muhim bir ilmiy markaz boʻlgan. Ibn Yahyo keltirgan maʼlumotga koʻra [5: 160-162), Dorul Juzjoniyada ustozlik faoliyatini olib borgan olimlarning silsilasi quyidagichadir:
Imom Abu Hanifa (vaf. 150/767 y.)
Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 189/805 y.)
Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/816 y.)
Abu Abdulloh ibn Abu Bakr Juzjoniy (vaf. 285/898 y.)
Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq Juzjoniy (vaf. 250/864 y.)
Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy (vaf. taxm. 275/889 y.)
Abu Mansur Moturidiy (vaf. 333/944 y.)
Yuqoridagi ustozlar silsilasi Abu Hanifa va imom Moturidiy orasidagi bogʻliqlikni namoyon etmoqda. Ayniqsa, bu silsilada keltirilgan ilk uch olimning Juzjoniy laqabli boʻlishi ushbu ilmiy markazning “Dorul Juzjoniya” nomi bilan atalishiga asosiy sabab boʻlganligiga ishonamiz. Bu joyda ustozlik qilgan olimlar Abu Hanifaning qarashlari boʻyicha dars berganlar va baʼzi asarlarni yozganlar [30: 356].
Abu Nasr Iyodiydan soʻngra Dorul Juzjoniyaning rahbarligiga uning eng yaxshi koʻrgan va eng muvaffaqiyatli shogirdi Abu Mansur Moturidiy tayinlangan [5:162b]. Garchi u joyda Abu Ahmad Iyodiy ham bosh ustoz vazifasida ishlagan boʻlsa-da, Abu Ahmadning rahbarligi davrida ham maktabning asl ustozi doim Moturidiy boʻldi. Zero, Abu Nasr shahid boʻlganida Abu Ahmad hali yosh bola va tahsilini tugatmagan edi [5: 161a-161b]. Moturidiy esa tahsilini tugatib, umrining oxiriga qadar u yerda dars bergan edi [5: 161b]. Ustozining muhabbati va eʼtiborini qozongan shogirdi – Moturidiy kelmaguncha ustozi Abu Nasr darsni boshlamas, uzoqdan uning kelayotganini koʻrib, uni maqtay boshlardi [30: 359].
Abu Mansur Moturidiy bu markazda umrining oxirigacha koʻplab talabalarga dars berdi [5: 162a]. Darhaqiqat, Moturidiy Abul Hasan Ali ibn Said Rustufagʻniy (vaf. 350/961 y.) kabi shogirdlariga Imom Muhammad Shayboniyning “al-Mabsut”ini oʻqitarkan, yuz yoshga yaqin umr koʻrib, vafot etdi [5: 162b].
Imom Moturidiyning fikrlari Abul Hasan Ali ibn Said Rustufagʻniy, Abu Salama Samarqandiy (vaf. taxm. 340/952 y.) va Ibn Yahyo kabi olimlar tomonidan davom ettirildi [5: 162a]. Bu uch kishidan biri Rustufagʻniy Moturidiyning shogirdidir. Qolgan ikki kishi esa undan taʼlim olgan ikki mashhur olimning shogirdlaridir. Abu Salama Abu Ahmadning, Ibn Yahyo esa Rustufagʻniyning shogirdlaridir. Bu shaxslar Moturidiy kabi xalq orasida oddiy hayot kechirishib, fikrlashda esa taʼvil va aqldan foydalanish kerakligini yoqlaydilar. Shu sababli Rustufagʻniy, Abu Salama va Ibn Yahyo Moturidiyning ilk vakillari (izdoshlari) hisoblanishadi [6: 266].
Abu Mansur Moturidiy vafotidan soʻng Rustufagʻniy va Abdulkarim ibn Muso ibn Iso Pazdaviy (vaf. 390/1000 y.) kabi shogirdlari hamda Abu Salama va Ibn Yahyo kabi shogirdlarining shogirdlari Moturidiyning asarlarini oʻqidilar, oʻqitdilar va ustozlari kabi xalq orasida oddiy hayot kechirib, taʼvilni zarur hisoblab, aql yuritish/raʼyni yoqladilar va himoya qildilar. Ibn Yahyoning “Sharhu jumali usulid din” (Usulid din jumlalari sharhi) asarida keltirgan maʼlumotga koʻra, Moturidiydan soʻng Juzjoniya maktabi faoliyati Rustufagʻniy tomonidan davom ettirilgan [5: 162a].
Moturidiyning shogirdlari faqatgina uning fikrlarini oʻrgatibgina qolmasdan, balki uning asarlari va karomatlarini ham boshqalarga yetkazishgan. Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1100 y.)ning “Usulud din” nomli asarida keltirilgan quyidagi maʼlumot ham buni tasdiqlaydi:
“Zohid imom Abu Mansur Moturidiy (vaf. 333/944 y.)ning Ahli sunna val jamoa mazhabi asosida yozilgan tavhid ilmiga doir bir kitobini koʻrib chiqdim. Abu Mansur Moturidiy Ahli sunna val jamoaning raislaridan biri boʻlgan. Shayx va imom otam hamda zohid bobom menga shayx va imom Abdulkarim ibn Musodan naql qilib, uning karomatlari haqida soʻzlab bergan edi. Zero, bizning bobomiz va mazhabdoshlarimizning kitoblarini hamda shayx imom Abu Mansur Moturidiyning “Kitobut Tavhid” va “Kitobut Taʼvilot” asarlarining maʼnolarini yaxshi oʻzlashtirgan edilar” [7: 3].
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Juzjoniya maktabi vakillari Abu Hanifaning qarashlari va uslublarini oʻz holicha qabul qilib, davom ettirgan hanafiy mazhabiga mansub kishilardir. Bu maktabning eng muhim va eng mashhur vakili Abu Hanifaning qarashlarini tizimlashtirgan Abu Mansur Moturidiydir.
Dorul Iyodiya X asrning boshlarida Abu Ahmad Iyodiy tomonidan Dorul Juzjoniyaning muqobili sifatida Samarqandda tashkil etilgani taxmin qilinadi. Fikrimizcha, bu maktabga mansub kishilar mutashobih oyatlarning taʼvil qilinishi va aqlning dalil sifatida qoʻllanilishiga qarshi chiqishgan. Bu ikki masalada Ahli Raʼydan ajralib, Ahli Hadisga moyil boʻlishgan. Abu Ahmad Iyodiy va Hakim Samarqandiyga nisbat berilgan “as-Savodul aʼzam” nomli asarga sharh yozgan kishi yoki kishilar ana shu maktabning vakillari boʻlishgan deb taxmin qilamiz. Bundan kelib chiqadiki, Samarqandda Dorul Iyodiyaga mansub ulamolar Somoniylar davlatining qulashiga qadar oʻrtaga chiqqanlar. Bu guruhga Somoniylarning amirlari bilan yaxshi aloqada boʻlgan Hakim Samarqandiy va Abu Bakr Iyodiy kabi olimlarni kiritish mumkin.
Bu maktab vakillari sifatida Abu Bakr Iyodiy (vaf. 361/971 y.) va ukasi Abu Ahmad Iyodiylarni koʻrishimiz mumkin. Moturidiyning zamondoshi va Samarqandning eng koʻzga koʻringan olimlaridan biri Abu Bakr Iyodiy xalq tomonidan sevilib, uning hurmat-eʼtiborini qozongan kishi edi. “Sharhu jumali usulid din”da keltirilgan rivoyatga koʻra, Abu Bakr Iyodiy vafotidan soʻng u haqida faqih Abdussamad ibn Ahmad Arbinjoniy Moturidiyning quyidagi soʻzini naql qilgan: “Diniy ilmlar va hukmlarni oʻrgatish borasida bu ummatning olimlari Alloh tomonidan yuborilgan paygʻambarlar kabidirlar. Oʻtmishda bir paygʻambarning davri tugab, yechilishi lozim boʻlgan masalalar yuzaga chiqqanida uni yechadigan bir olim qolmaganida yangi bir paygʻambar yuborilgani kabi, bu ummatning ichida ham har bir asrda vafot etgan faqihlarning oʻrniga yo yangi bir olim keladi yoki qiyomat qoim boʻlishi kerak boʻladi; chunki Alloh insonlarni yoʻlboshchi (hidoyat)dan mahrum qoldirishi mumkin emas” [5: 18b-19a).
Abu Bakr Iyodiyning taʼziyasida Moturidiy nomining zikr etilishi va yuqorida keltirilgan soʻzining naql qilinishi Moturidiyning Samarqand maktabida juda muhim bir mavqega ega ekanligini koʻrsatadi. Shuningdek, bu yozuv IV/X asrning 2-yarmida sodir boʻlgan baʼzi bir siyosiy toʻsiqlarga qaramay, uning nomi va gʻoyalari keng jamoatchilik tomonidan qabul qilingani va jamiyatda oʻz aksini topganligini ham koʻrsatadi.
Kafaviyning taʼkidlashicha, Nasaf viloyatidan taniqli faqihlar guruhining Samarqanddagi muvaffaqiyatli ijtimoiy-siyosiy va ilmiy faoliyati roviy (yetkazuvchi)larning joriy silsilasining shakllanishiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Sadrul islom Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad Pazdaviy Nasafiy (vaf. 493/1100 y. Buxoro), ukasi shayx, imom zohid Faxrul islom Abul Hasan Ali ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdul Karim Pazdaviy Nasafiy (vaf. 482/1089 y. Kesh) hamda Abu Muin Maymun ibn Muhammad Makhuliy Nasafiy (vaf. 508/1115 y.)lar Janubiy Sugʻd ulamolari anʼanalarini oʻzlariga meros qilib olib, uni Samarqand muhitiga olib keldilar.
Abul Yusr Abu Mansur Moturidiy silsilasini xatib Abu Ibrohim Ismoil ibn Abdussodiq ibn Abdulloh Niyazaviy (vaf. 494/1101 y.) (Nasafiy, 702) va oʻz otasi Abul Hasan Muhammad ibn Husayn ibn Abdul Karim Pazdaviy orqali davom ettirdi (Hans Peter Linss, 1991: 155). Bu silsila aslida ichki oilaviy bir silsila hisoblanadi: Abul Yusr va Faxrul islom Pazdaviylarning bobosi – Abu Muhammad Abdul Karim ibn Muso ibn Iso Pazdaviy (vaf. 390/1000 y.)ning Abu Mansur Moturidiydan fiqh va kalom sohalari boʻyicha tahsil olgan edi [30: 444-445]. Bu anʼana saqlanib qolgan va davom etgan edi. Bundan tashqari, Abul Yusr qozi Ali ibn Husayn ibn Muhammad Sugʻdiy (vaf. 461/1068-69 y.) orqali Hakim Abdulloh ibn Muhammad Kufiniydan hadis rivoyat qilgan [30: 551].
Abu Muin Nasafiy haqida Kafaviy juda mubham fikr bildiradi. Moturidiylikning qayta jonlanishi silsilada uning nomi zikr qilinmasa-da, yaqin Sharq mamlakatlarida Abul Hasan Muhammad ibn Jaʼfar Balxiy (vaf. 548/1153 y.), Burhoniddin Ali ibn Husayn Balxiy (vaf. 547/1152 y.) va boshqalar kabi Abu Muin Nasafiy nomidan moʻtabar manbalarni rivoyat qilgan shogirdlari boʻlganligi bizga maʼlum. Uning moturidiylik asoslariga doir uchta kitobi maʼlum – “Tabsiratul adilla fi usulid din” (Din asoslari dalillarning bayoni) (500/1106 yilda Buxoroda yozilgan), “at-Tavhid li qovaid at-tavhid” (Tavhid qoidalariga muqaddima) va “Bahrul kalom” (Kalom ilmi dengizi). Bu ixtilofning sabablarini Abu Muin Nasafiyning Abul Yusr Pazdaviy shogirdi boʻlib, bu silsilani davom ettirganligida koʻrish mumkin. Ikkinchidan, uni Abu Mansur Moturidiy bilan bogʻlovchi silsila buning oilaviy bir anʼana ekanligiga dalolat qiladi. Uning ajdodi Abu Mutiʼ Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 318/930 y.) Moturidiy taʼlimotini oilaviy meros oʻlaroq qabul qilib olgandi. Bundan tashqari, Abu Muin Nasafiy boshqa silsilaga ham ega edi [10: 52]. Misol uchun, u faqih Nusayr ibn Yahyo Balxiy (vaf. 268/881-82 y.) orqali Abu Hanifa nomidan “ar-Risola ila Usmon Battiy” matnini quyidagi silsila orqali rivoyat qilgandi: Nusayr – Abul Hasan Ali ibn Ahmad Farisiy (vaf. 335/947 y.) – Abu Saʼd Muhammad ibn Abu Bakr Bustiy – Abu Solih Muhammad ibn Husayn Samarqandiy – Abu Zakariyo Yahyo ibn Mutarrif Balxiy – Abu Muin Nasafiy [11: 24-25].
Faxrul islom (islom dinining faxri) nomi bilan mashhur Abul Hasan Pazdaviy Samarqandda taʼlim berib, hanafiy fiqhiga doir muhim kitoblar yozgan [30: 554-555]. Ular orasida usulul fiqhga doir “Kanz al-vusul ila maʼrifat al-usul” (Usulni tushunish uchun vasllar xazinasi yoki Usuli Pazdaviy) asarini alohida qayd etish joiz. Biroq uning isnodi Kafaviyga nomaʼlum boʻlib qolgani bois, natijada uning tarjimai holi “Mutafarriqot” (turli masalalar) boʻlimiga kiritildi.
Bu uch olimning Nasafdan poytaxt Samarqandga koʻchib kelishi hanafiy taʼlimotining rivojlanish yoʻnalishini sezilarli darajada oʻzgartirdi. Ular shofiʼiy-ashʼariylarning Hanafiy taʼlimotiga qarshi taʼna (hujum)larini qaytarishda katta rol oʻynashdi. Ularning kalomga doir asarlarida asosiy hujum ashʼariylarga qarshi qaratilgan [12: 2]. Ular faoliyatining asosiy natijasi Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-tavhid” va “Kitob at-taʼvilot” [12: 3] nomli asarlarida aks etgan taʼlimotni tartibga solish hamda moturidiylikning butun hanafiylik mazhabining aqidaviy taʼlimotiga aylantirishdan iborat boʻldi.
Aynan shu davrga kelib Abu Mansur Moturidiy shaxsi ideallashtirila boshlandi. Unga “Haq yoʻl imomi” (Imom al-huda) va “Ikki oqim (hanafiylar va ashʼariylar) yoʻlboshchisi” (Qudvat al-fariqayn) kabi faxrli nomlar beriladi. Chokardiza qabristonidagi qabri ustiga maqbara qurilib, qabr toshi qoʻyiladi. Xuddi shuningdek, bu ish Abul Qosim Hakim Samarqandiy, Abul Hasan Rustufagʻniy va Abu Salama Samarqandiy (vaf. taxm. 340/952 y.) kabi ilk asrning boshqa yetakchi ilohiyotchilari uchun ham amalga oshiriladi. Qabristonning oʻzi esa shaharda hurmatli zotlar dafn etiladigan “Muqaddas joy” ga aylanadi.
Ulamolar orasida katta obroʻ eʼtibor qozongan Abul Yusr Pazdaviy Samarqandning qozi al-quzot lavozimiga tayinlanadi [30: 703-704]. Ammo 481/1088-89 yilda Malikshohning Movarounnahr ishlariga aralashuvi Samarqandda ushbu olimlar guruhining muvaffaqiyatiga chek qoʻyadi. Natijada Faxrul islom Pazdaviy Keshga surgun qilinib, oʻsha yili oʻsha yerda vafot etdi. Abul Yusr esa Jumadul ula 481/1088 avgust-sentyabrda (Malikshohning saljuqiy kuchlari Samarqand qalʼasida hoqon Ahmad ibn Hizrni qamal qilganida) hali poytaxtda qolgandi [12: 259].
Keyinchalik Abul Yusr va Abu Muin oila va shogirdlari bilan Buxoroga koʻchib oʻtishdi. Bir guruh ulamolar, ayniqsa, mazkur ikki ilohiyotchi olimning shogirdi Alouddin Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning koʻchib oʻtishi moturidiyya taʼlimotining buxorolik ilohiyotchilar orasida tarqalishi va keyingi muvaffaqiyatlarida katta rol oʻynagan edi. Misol uchun, Abu Hanifaning “ar-Risola ila Usman Battiy” (Usmon Battiyga xat) asarining rivoyat qilinishida keyingi avlod Buxoro ilohiyotchilari quyidagi isnodga tayanishadi: Abu Muin Nasafiy (vaf. 508/1114 y.) – Alouddin Samarqandiy – Ziyouddin Muhammad ibn Husayn ibn Nasir Nausuxiy – Burhonidin Margʻinoniy – Shamsulaimma Muhammad ibn Abdussattor Kardariy (vaf. 642/1244 y.) – Hofiziddin Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr Buxoriy (vaf. 693/1294 y.) – Husomiddin Sigʻnakiy (vaf. 711/1311 y.dan keyin) [11: 24]. Aynan ularning nomlari orqali Buxoro ilohiyotchilari hanafiy mazhabining muhim aqidaviy matnlarini keyingi avlodga yetkazishgan (uzatishgan) va keyinchalik oʻzlari ham moturiylik kalomiga oid asarlar tuza boshlashgan. Bunda birinchi navbatda, Nuriddin Sobuniy va Ibrohim Saffor kabi va boshqa olimlarni zikr qilish joiz.
Mumtoz davrda Samarqand hanafiylari ilohiyot taʼlimoti (Juzjoniya)ning jonlanishi Abu Muin Nasafiy, Abul Yusr Pazdaviy, Abu Shakur Solimiy, Alouddin Samarqandiy kabi olimlarning saʼy-harakatlari bilan yangicha – Moturidiylik koʻrinishida koʻzga tashlanadi. XII asrga kelib, Abu Hafs Nasafiy tomonidan “al-Aqoid” asarining yaratilishi moturidiylik taʼlimoti tarixida muhim voqea boʻldi. Unda bu taʼlimotning qoidalari yangi tartibda yoʻlga qoʻyilgandi. Oxirgi paytlarda Nasafiyning ashʼariy Abu Homid Gʻazzoliy asarlari bilan yaqindan tanish boʻlganligi haqidagi maʼlumotlar maʼlum boʻlmoqda (№3907). Ashʼariy ilohiyotchi olimi Saʼduddin Taftazoniyning “Aqoid an-Nasafiy”ga yozgan sharhi moturidiylik va ashʼariylik taʼlimotining yaqinlashishi va ilohiyotdagi “maktabdorlik”ning boshlanishini ifodalaydi. Aqidaviy asarlarning koʻp yaratilganiga qaramay, Movarounnahrda ilohiyot sohasida sustlik kuzatiladi. Bu holat Samarqand va Buxoroga tashrif buyurgan Faxriddin Roziy (vaf. 606/1209 y.) tomonidan ham taʼkidlangan. Buning sabablaridan biri diniy masalalarning muhokamalari fuqarolarning ijtimoiy hayot haqiqatlaridan tobora koʻproq uzoqlashtirilganligida koʻrinadi. Bu davrda yaratilgan “al-Muxtasar fi bayon al-eʼtiqod” asarda bidʼat va dunyoviy xurofotlar masalalarini muhokama qilishga qaratilgan harakatlar kuzatiladi [14: 2].
Somoniylar hokimiyatining inqirozi iqtisod va siyosat sohasidan ixtilof va gumon taʼqibi shaklida ilohiyot sohasiga koʻchdi. Fikrimizcha, aynan ana shu voqea-hodisalar ilohiyotning zaiflashuvi va koʻpchilik maktablar anʼanalarining tugatilishiga olib keldi.
Qoraxoniylar davrida Movarounnahr hanafiylarining Xuroson Ahli hadis va shofiʼiylariga qarshi raqobati XI-XII asrlarda hanafiylar ijodiy ishlarining asossiy yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Ashʼariy ilohiyotchi olimi Saʼduddin Taftazoniyning “Aqoid an-Nasafiy”ga yozgan sharhi moturidiylik va ashʼariylik taʼlimotining yaqinlashishini ifodalaydi.
Moturidiylik taʼlimotining shakllanishiga hissa qoʻshgan keyingi avlod vakillaridan oʻz davrining yetuk mutakallim va faqih olimi – Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiyni zikr etishimiz mumkin.
Olimning toʻliq ismi – Abul Fath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy Samarqandiy boʻlib, tugʻilgan va vafot etgan yili haqida manbalarda turli maʼlumotlar keltirilgan. Baʼzi manbalarda “Alloma 408/1017 yilda Samarqandda tugʻilib, 502/1109 yilda shu yerda vafot etgan” [15: 642] – deb keltirilsa, koʻpchilik manbalarda “U 488/1095 yili Samarqand qishloqlaridan biri “Usmand”da tavallud topib, 552/1157 yilda 64 yoshida vafot etgan” [16: 74] – deyiladi.
Tabaqot asarlarida Abul Fath Muhammad ibn Abdulhamid ibn al-Husayn ibn Hasan ibn Hamza Usmandiy, Samarqand ahlidan boʻlib “Olamning ustuni” (“al-Alo al-olam”) sifati bilan mashhurdir [17: 156], deb keltiriladi.
Yozma manbalarda alloma tugʻilib oʻsgan joyning “Asmand” (Hamaviy Yo.) yoki “Usmand” [17: 156] deb nomlanishi bilan bogʻliq koʻpgina ixtiloflar mavjudligi keltirilgan. Baʼzi olimlar bu joy “Asmand” deb nomlangan va allomaning nisbati Asmandiy boʻlgan , deb keltirishsa, boshqalari qishloqning nomini “Usmand”, yana baʼzilari esa “Samand” shaklida bayon etganlar.
Allomaning otasi – Abdulhamid ibn Umar Usmandiy Samarqandning yetuk olimlaridan sanalib, soʻzga chechanligi va mohir vaʼzxonligi bilan ham xalq orasida tanilgan. Toʻliq ismi – Abu Muhammad Abdulhamid ibn Umar ibn Husayn ibn Hasan ibn Hamza ibn Tohir Usmandiy boʻlib, manbalarda uning faqat ismi va u rivoyat qilgan hadisgina yozib qoʻyilgan. Uning biror mansab egasi yoki oʻz davrida mavqei qanday boʻlgani, hattoki tugʻilgan yoki vafot etgan yillari haqida ham birorta maʼlumot keltirilmagan [19: 74].
Alouddin Usmandiyning hayoti va ilmiy merosi asosan xorijlik olimlar, jumladan, nemis olimi – Karl Brokkelman [15: 642], turk olimi – doktor Muhammad Said Uzervarli [20], arab olimlari – Muhammad Zakiy Abdulbarr, Shayx Ahmad Farid Mazidiy [22], Doktor Navzat Sodiq Sulaymon [23], Doktor Abdurrahmon ibn Muborak Faraj, Shayx Ali Muhammad Muʼavvaz va Shayx Odil Ahmad Abdulmavjud tomonlaridan oʻrganilgan [25].
Yozma manbalarda Alouddinning hayoti haqida juda kam maʼlumotlar keltirilgan. Faqat uning 64 yil umr koʻrib, 552/1157 yilda (baʼzi manbalarda Buxoroda) vafot etganligi qayd etiladi [20: 19], xolos.
Aksar tarixchi olimlarning asarlarida allomaning ilm talabida koʻplab mamlakatlarga safar qilganligi haqida ham qayd etiladi. Abu Saʼd Abdulkarim Samʼoniyning taʼkidlashicha, Muhammad ibn Abdulkarim Shahristoniy alloma bilan Marvda bir necha bor uchrashgan. Bundan tashqari, Usmandiyning Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy, Abu Muin Nasafiy, Alouddin Samarqandiy va Nuriddin Ahmad ibn Mahmud Sobuniy kabi moturidiya mazhabining yirik namoyandalari bilan hamasr boʻlib yashaganligi haqida keltiriladi.
Taniqli arab olimi Abulvafo Qurashiy oʻzining “al-Javohir al-muziya fi tabaqot al-hanafiya” asarida keltirishicha, alloma 552/1157 yilda Bagʻdodga Shams ibn Hisom ibn Burhon bilan birgalikda muborak haj ibodatini ado etib qaytgan [17: 114].
Shubhasiz, Alouddin Usmandiy oʻz davrining kuchli faqihi, mutakallimi va munozarachi olimi boʻlgan. Buni oʻsha davrning olimlari ham yuksak eʼtirof etishgan. Jumladan:
Safadiy: “Alloma kuchli faqih, yetuk munozarachi olim boʻlib, ilmu-l-xilof boʻyicha asarlar yozgan” deb taʼkidlagan.
Suyutiy esa: “Kuchli munozarachi faqih boʻlib, jadal ilmida oʻta qobiliyatli edi. Koʻzga koʻringan munozarachilardan boʻlib yetishdi, tafsir imlo qilayotgandi” – deb yozgan.
Ibn Qutlubugʻo: “Fazilatli faqih, munozarachi olim boʻlib, bir necha jildlik “Taʼliqa” asari muallifi edi” – deb taʼkidlagan.
Samʼoniyning oʻgʻli: “Alloma soʻz ustasi boʻlib, ilmu-l-xilof boʻyicha asar yozgandi. Abul Hasan Ali ibn Umar Xarrotdan hadis eshitgandi. Uni bir necha bor Samarqandda uchratgandim, bir martasida: “Marvga Qozi Arsubandiyning koʻrishni ixtiyor qilib kelgandim, joyida yoʻqligi uchun otang Abul Muzaffar darsiga qatnashdim va qoʻyni goʻshtga hisoblab sotish masalasini soʻrab oldim va Marvdan joʻnab ketdim” – degandi.
Otam Abul Muzaffar undan hadislar eshitgandi, Hijoz va haj ziyoratidan qaytayotib Marvga yetganida unga hadislar oʻqib berdim” – deb zikr qilgan.
Manbalarda keltirilishicha, alloma fiqh ilmini ustozi Ashraf ibn Muhammad Alaviydan olgan. Imom Ashraf Alaviy esa fiqh boʻyicha taʼlimni otasi Abul Vazzoh Muhammad Alaviydan, u esa otasi Abu Shujoʼ Alaviydan olgan hamda undan hadis rivoyat qilgan.
Samʼoniy “az-Zayl” asarida zikr qilishicha, u haqda Marv qozisi Qozi Muhammad ibn Utba Soyigʻiy rivoyat qilgan [17: 177]. Imom Ashraf Alaviyning otasi Samarqanddagi Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu madrasasida tahsil olgan. Hijozga safar qilib, Bagʻdodga hoji boʻlib kelgan va Samarqandga qaytib umrining oxirigacha dars berish va ilmni yoyish bilan shugʻullangan. 491/1098 yilning shavvol oyida 54 yoshida vafot qilgan va Samarqanddagi mashhur “Chokardiza” qabristonida dafn etilgan.
Alloma Usmandiy hadis borasidagi ilmlarini “Sadr ash-shahid” laqabi bilan mashhur boʻlgan Husomiddin Umar ibn Abdul Aziz ibn Moza Buxoriy [26: 29] dan oʻrgangan. Alloma ustozining “Shahid” deb nomlanishiga sabab, 536/1141 yil Sulton Sanjar va qoraxitoy Gurxon orasida roʻy bergan “Qatavon” jangida qatnashib, unda Sulton Sanjar magʻlubiyati tufayli dushman qoraxitoy Gurxon qoʻlidan vafot topadi [27: 534]. Shu sababli, u shahidlik martabasiga erishadi. Ushbu jangda ulamolardan bir jamoasi oʻldirilgan boʻlib, aksar olimlar tomonidan ularga “shahid” darajasi berilgan. Hisom ash-shahid, Sadr ash-shahid, Saffor ash-shahid [16: 375] kabilar shular jumlasidandir.
Shuningdek, manbalarda allomaning Ali ibn Umar Xarrotdan hadis tinglaganligi haqida keltiriladi.
Alouddin Usmandiy qator islomiy ilmlarda, ayniqsa, fiqh, hadis va kalom ilmi, shuningdek, turli mazhablar oʻrtasidagi ixtiloflarni oʻrganadigan maxsus soha hisoblangan ilmu-l-xilof boʻyicha yetuk olim hisoblangan. U mazkur sohalardagi ilm ahllari orasida boʻladigan bahs va munozaralarda oʻzining chuqur bilimi, benazir iqtidori va favqulodda salohiyati bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham u ilm ahli orasida “al-Alo al-olam” [17], (“Olamning ustuni”), “al-Alo” (“Ustun”), “al-Alo as-Samarqandiy”, “Alouddin” (Kafaviy, №91) (“Dinning ustuni”) kabi yuksak nomlar bilan mashhur boʻlgan.
Manbalarga tayanib komil ishonch bilan aytish mumkinki, alloma tarbiyalab voyaga yetkazgan shogirdlarining eng mashhuri – Abul Muzaffar Jamol Islom Asʼad Karobisiydir. Tabaqot asarlarida, jumladan, Qurashiy oʻzining “al-Javohir al-muziya fi tabaqot al-hanafiya” (“Hanafiylar tabaqasiga mansub olimlar haqida yorqin javohirlar”), shuningdek, Ibn Qutlubugʻo oʻzining “Toj at-tarojim” (“Tarjimai hollarning toji”) asarida keltirishicha, allomaning toʻliq ismi − Asʼad ibn Muhammad ibn Husayn Karobisiy, laqabi − “Jamol al-islom” boʻlib, u “al-Furuq fi al-masoil al-firaqiya” (“Firqalar haqidagi masalalar oʻrtasidagi farqlar”) asari muallifidir. U fiqh ilmini Alouddin Usmandiy Samarqandiydan, Sayyid Ashraf va uning otasi Abul Vazzoh hamda uning otasi Sayyid Abu Shujoʼdan olgan.
Boshqa manbalarda uning toʻliq ismi – Shayx imom Jamoliddin Abul Muzaffar Asʼad ibn Muhammad ibn Husayn Karobisiy[1] Nishopuriy[2] shaklida keltiriladi.
Manbalarda mashhur “Hidoya” asarining muallifi, buyuk faqih Burhoniddin Margʻinoniyning (1123-1197) oʻgʻli Shayxu-l-Islom Nizomuddin Umar ibn Shayxu-l-Islom Burhonuddin Ali ibn Abu Bakr [28], al-Margʻinoniy [29: 58] allomadan fiqh ilmidan tahsil olganligi haqida keltiriladi.
Mashhur tarixchi Abdulkarim as-Samʼoniy (1113-1167) oʻzining “al-Ansob” (“Nasabnoma”) asarida “Oʻgʻlim Abul Muzaffar (vaf. 1217 y.) undan (Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiydan hadis eshitgan” [17], deb keltiradi. Bundan allomaning hadis ilmini ham chuqur egallagan va hadis roviysi ham boʻlganligini anglasak boʻladi.
Manbalarda Sirojiddin Oʻshiyning Alouddin Usmandiydan buyuk vatandoshimiz – Abu Iso Muhammad Termiziyning “Jomiʼ at-Termiziy” asaridan tahsil olganligi haqida maʼlumotlar keltirilgan.
Manbalarda Asyut (Misr)da oʻz davrining mashhur qozisi boʻlgan bu olim ham allomadan fiqh ilmi boʻyicha tahsil olganligi keltirilgan.
Bundan tashqari, manbalarda keltirilishicha, Abu Muqotil Hafs ibn Sahl Gʻoziy, Nasr ibn Abu Abdulmalik Atkiy, Samarqandda qozilik qilgan – Isʼhoq ibn Ibrohim Hantaliy, Sharik ibn Abu Muqotil, Maʼruf ibn Hasson, Yunus ibn Sabih Samarqandiylar ham alloma Alouddin Usmandiy Samarqandiyning shogirdlari boʻlishgan [25: 30].
Alouddin Muhammad Usmandiy biz avlodlarga ulkan ilmiy-maʼnaviy meros qoldirgan boʻlib, ularning hammasi arab tilida yozilgan.
Quyida allomadan bizgacha yetib kelgan boy ilmiy-maʼnaviy meros namunalari haqida qisqacha toʻxtalamiz:
1. “Hasr al-masoil va qasr ad-daloil” (“Muayyan masalalar va qisqa dalillar”). Bu asar Najmuddin Umar Nasafiyning “al-Manzuma fi ilm al-xilof” nomli kitobiga yozilgan sharh boʻlib, uning uchta qoʻlyozma nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi. Allomaning ushbu asariga koʻplab sharhlar yozilgan. Imom as-Sugʻdiy, Abu-l-Mafoxir Muhammad ibn Mahmud as-Sudaysiy tomonidan yozilgan sharhlar shular jumlasidandir (Nasafiy U., 4).
2. “Tariqat al-xilof fi al-fiqh bayn al-aʻimmat al-aslof” (“Oʻtgan allomalar oʻrtasida fiqh ilmidagi ixtilof yoʻllari”) asarida fiqh ilmida faoliyat koʻrsatgan koʻplab olimlarning qarashlari va fikr-mulohazalaridagi ixtiloflarni bayon qilgan. Ushbu qimmatli asar misrlik tadqiqotchi olim Muhammad Zakiy Abdulbarr tomonidan tadqiq etilib, 1990 yilda Qohiradagi “Dor at-turos” matbaasida nashr etilgan. 1992 yilda esa Shayx Ali Muhammad Muʼavvaz va Shayx Odil Ahmad Abdulmavjud kabi olimlar tomonidan tahqiq qilinib, Livan (Bayrut)da “Dor al-kutub al-ilmiyya” matbaasida nashr etilgan.
3. “Bazl an-nazar fi al-usul” (“Fiqh asoslariga chuqur nazar”). Bu asar ham misrlik tadqiqotchi olim Muhammad Zakiy Abdulbarr tomonidan ilmiy tadqiq etilib, 1992 yilda, avvalgi asar singari, Qohira shahridagi “Dor at-turos” matbaasida chop etilgan.
4. “Olamiy” nomi bilan mashhur “at-Taʼliqa fi al-fiqh” (“Fiqh ilmida izoh”) nomli asari fiqh ilmining furuʼ (tarmoqlari) masalalariga bagʻishlangan boʻlib, qator mualliflarning yozishicha, u bir necha jilddan iborat yirik asardir.
5. “al-Amoliy fi at-tafsir” (“Tafsir ilmida imlo qilingan masalalar”) yozma manbalarning dalolat qilishicha, allomaning bu asari Qurʼoni karimga bagʻishlangan tafsir hisoblanadi [17].
6. “Muxtalaf ar-rivoya” (“Rivoyatlarning turliligi”) bu asar fiqh ilmiga oid asardir. Misrning “Dor al-kutub al-Misriyya” kutubxonasidagi Hanafiy fiqhi boʻlimida 1815-raqamli qoʻlyozmaning 41789-raqam ostida saqlanayotgan mikrofilm nusxasida: “Muxtalaf ar-rivoya” Muhammad ibn Abdulhamid ibn Husayn ibn Hasanga tegishli” deb yozilgan. Asarning dastlabki betlari yoʻq. Yana bir boshqa nusxasi esa Misrning “Mustafo Fozil” kutubxonasidagi Hanafiy fiqhi boʻlimida 119-raqamli qoʻlyozmaning 8356-raqamli mikrofilm nusxasi saqlanmoqda.
7. Hanafiy mazhabiga oid “al-Muʼtariz va al-muxtalif” (Atobikiy, 1972) asari.
8. Abu-l-Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiyning hanafiy furuʼul fiqhi (fiqh ilmi tarmoqlari)ga doir “Uyun al-masoil” kitobiga sharh.
9. “al-Favoid al-Aloiyya” asari.
10. Shayx Nuruddin Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad as-Sobuniy al-Hanafiyning “Hidoya min usul al-eʼtiqod va ilm al-kalom” asariga sharh [25: 30].
11. “Lubob al-kalom” (“Kalom ilmining javhari”) asari.
12. “Sharh Jomiʼ al-kabir” – Muhammad Shayboniyning “Jomiʼ al-kabir”iga shaph hanafiy fiqhiga oid asar boʻlib, hozirgacha toʻrtta nusxasi yetib kelgan. Bir nusxasi Toshkentda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida 5558 raqami ostida, qolgan uchta nusxasi Saudiya Arabistonidagi Podshoh Faysal ilmiy tadqiqotlar markazida 1956-ف, 1962-ف, 2254-ف inventar raqamlari ostida saqlanmoqda;
13. “Miyzon fi usul al-fiqh” (“Usul al-fiqhda mezon”) asari. Asar ummonlik tadqiqotchi olim Doktor Navzat Sodiq Sulaymon tomonidan oʻrganilib, 2009 yilda “Dor Dajla” nashriyoti tomonidan nashr etilgan.
14. “Taʼliq ʼala al-mutavval fi al-xilof” asari qiyosiy huquqshunoslikka oid asar boʻlib, Misrdagi Arab qoʻlyozmalari instituti kutubxonasida 1024 raqam ostida saqlanmoqda.
Manbalarda allomaning turli sohalar boʻyicha yigirmaga yaqin asarlar yozgani qayd etiladi. Hozirda ularning qoʻlyozma va mikrofilm nusxalari dunyoning qator kutubxonalari asosan, Turkiya, Misr va Saudiya Arabistoni qoʻlyozma fondlarida saqlanmoqda.
Allomaning “Lubob al-kalom”, “Tariqat al-xilof bayna al-aslaf”, “Miyzon al-usul fi al-fiqh” va “Bazl an-nazari fi al-fiqh” kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va asosan Turkiya, Misr va Ummon tadqiqotchi olimlari tomonidan batafsil oʻrganilib, nashr etilgan.
Allomaning kalom ilmiga doir shoh asari – “Lubobul kalom” deb nomlangan boʻlib, yuqorida zikr etilganidek, tadqiqotimiz jarayonida mazkur asarning ikki qoʻlyozma nusxasini topishga muvaffaq boʻldik [32: 228].
A. Bu ikki nusxadan biri Sulaymoniya kutubxonasida, Qora Chalabiy zoda boʻlimida 347 raqami bilan qayd qilib qoʻyilgan majmua tarkibida mavjud. Mazkur majmua ichida biz quyidagi asarlarni ham uchratdik:
1. Nuriddin Sobuniy qalamiga mansub “al-Kifoya minal hidaaya” (1a-81a)
2. “Lubobul kalom” (82a-152a) – Usmandiyning kalom ilmiga doir shoh asaridir.
3. Oʻshiyning “Qasidatul amoliy”si (153a-156b)
4. Bor yoʻgʻi ikki varoqqa yozilgan boshqa bir qasida.
5. Abu Muin Nasafiyning “Kitabut tamhid” asari. (159b-203a)
6. Muallifi nomaʼlum boʻlgan “Burhonul haqoiq” nomli risola.
7. Abul Husayn Ali ibn Abu Bakr Naysoburiyning “Tahzibu masoilul fiqh” nomli asari.
“Lubobul kalom”ning bu nusxasi juda qadimiy qoʻlyozma boʻlib, uning koʻp harflariga nuqtalari qoʻyilmagan. Nusxa koʻchiruvchisi Ali ibn Najmiddindir. Kitobning koʻchirilgan sanasi 702/1303 yilga borib taqaladi. Biz buni kitobning eng soʻnggi sahifasida kelgan qayddan bilib olishimiz mumkin. Kitob muallifining ismi matnning avvalida, hamdala va salavotdan soʻng zikr qilingan.
B. “Lubobul kalom”ning ikkinchi nusxasi haqida gapiradigan boʻlsak, u Sulaymoniya kutubxonasida Shahid Ali Posho boʻlimida 1704 raqami bilan qaydlangan majmua tarkibidagi uchinchi risoladir. Mazkur majmua tarkibida:
1. Nuriddin Sobuniyning “Kitabul bidaya fi usulid din” (1b-30b),
2. “Vasiyyatu Abi Hanifa” (30a-32a),
3. “Kitabu tasʼhihul eʼtiqod fi usulid din” nomi bilan “Lubobul kalom” asari (33b-84a),
4. “Kitabul muxammasot” (85b-89a),
5. Abu Mansur Moturidiyga mansub deb aytiladigan “Kitabu usulid din” (90b-102a),
5. Ali Buxoriy qalamiga mansub “Sharhul qasidatul lomiya”(103a-121a)lar mavjud.
Bu nusxaning koʻchiruvchisi Yusuf ibn Bayrambek ibn Ismoil ibn Iso boʻlib, kitob 814/1412 yili koʻchirilgan.
Asar muqaddimasida muallifning“Hidoyatan li-l-mubtadiy fi tasʼhihi-l-eʼtiqod” deb yozishidan ayon boʻladiki, u bu asarini eʼtiqodni sogʻlomlashtirish, tuzatish yoʻlida dastlabki qadam tashlaydiganlarni hidoyat yoʻliga boshlash maqsadida yozgan. Shu boisdan ham, u bu asarini yozishda hanafiya mazhabi olimlari, ayniqsa, moturidiya eʼtiqodiga qatʼiy ravishda amal qilgan.
“Lubob al-kalom”ning mazmuni haqida aytish kerakki, koʻplab boʻlimlardan tashkil topgan bu asarda, eng avvalo, ilm va uning turlari, ilmning inson hayoti va jamiyatdagi oʻrni, undan toʻgʻri foydalanilsa, u yaxshilik, ezgulik va taraqqiyotga olib kelishi haqida oʻz fikrlarini bildiradi. Aqidaviy masalalarni oʻrganadigan kalom ilmi haqida yozib muallif uni barcha ilmlar ichida eng afzali deb koʻrsatadi. Haqiqiy ilm va toʻgʻri maʼlumotlarga ega boʻlish, olamni bilish uchun insonning beshta sezgi aʼzolari, ishonchli xabarlar beruvchi manbalar (Qurʼoni karim va hadisi shariflar) hamda insonning aql-idroki va salohiyati muhim rol oʻynashini alohida taʼkidlaydi.
Asarda aqida masalasida zalolatga ketgan guruhlar jumladan, qadariylar, moʻtaziliylar, jabariylar va boshqa baʼzi guruhlarning asossiz, botil fikrlarini tanqid ostiga oladi.
Allohning sifatlari, nubuvvat, Qurʼonning moʻjizaligi, bandalarning amallari va imonga oid boshqa masalalar ham asarda oʻz aksini topgan. Muallif yozishicha, ahli sunna val jamoa nuqtai nazaridan islom va imon bir narsa, imon ziyoda ham boʻlmaydi, kamaymaydi ham, lekin kamoliga yetishda uning maʼlum chegarasi boʻladi.
Shuningdek, asarda oxiratga oid qabr azobi, Sirot koʻprigi, qabr savol-javobi, shafoat, shuningdek, kalom ilmida hozirgi kunda oʻz aktualligini yoʻqotmagan imomat masalalari ham ahli sunna nuqtai nazaridan talqin qilingan.
Usmandiy oʻzining “Lubob al-kalom” asarida kalom ilmiga oid muhim masalalarning tahlilida, koʻrinib turganidek, moturidiya aqidaviy mazhabi amal qilgan tamoyillarga tayangan. Bu esa, hozirgi gʻoyalar kurashi avj olgan bir davrda ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy meros xalqimiz, xususan, yoshlarimizga muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda mafkuraviy immunitet hosil qilish, ayniqsa, aqidaviy masalalar haqida bahs yurituvchi kalom ilmining moturidiya yoʻnalishi qarashlarini bayon qilish, botil daʼvolarni ilgari surayotgan ayrim oqim va firqalarga gʻoyaviy zarba berishda dasturulamal sifatida foydalanish uchun muhim omillardan hisoblanadi.
Muxtasar qilib aytilsa, muallif oʻz gʻoyalari va fikrlarini asarlarida bayon qilishda Qurʼoni karim va hadisi shariflarga alohida eʼtibor qaratish bilan bir qatorda, mutaqaddim oʻtgan ulugʻ olimlar, xususan, buyuk vatandoshimiz Imom Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiy kabi ajdodlarmiz asarlaridan keng va unumli foydalangan.
ADABIYOTLAR ROʻYHATI:
Kutlu S. Ebu Mensur al-Maturıdı mezhebinin arka plani. Anqara: 2003.
Abu Muin Maymun ibn Muhammad Nasafiy. Tabsiratul adilla fi usulid din. Claude Salame tahqiqi. Shom: 1992. J. I.
Kutlu S. Türklerin İslâmlaşma Sürecinde Mürcie ve Tesirleri. Ankara: 2018.
Abul Vafo Qurashiy. Javohirul muziyya fi tabaqotil hanafiyya. (keyingi oʻrinlarda – Qurashiy. Javohirul muziyya). – Qohira: Hijr, 1993. J. I.
Ibn Zakariyo Yahyo ibn Isʼhoq. Sharhu jumali usulid din li Abu Salama Samarqandiy. Sulaymoniya kutubxonasi, Shahid Ali Posho boʻlimi, №1648/II.
Ashirbek Moʻminov-Anke Von Kuegelgen, Moturidiy davrida Samarqand ilohiyotchilari. Imom al-Buxopiy saboqlapi. –Toshkent: 2003 №1.
Pazdaviy. Usulid din.
Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush ibn Ibrohim ibn Muhammad Hosiriy Buxoriy. al-Hoviy fil fatovo. Sulaymoniya kutubxonasi, Hakimoʻgʻli Ali Posho boʻlimi, № 402.
Nasafiy. Qand.
Oqilov S. Abu-l-Muin an-Nasafiy ilmiy merosi va Moturidiya taʼlimoti. – Toshkent: Toshkent islom universiteti, 2008.
Van Ess Josef. Theologie und Gesellsshaft im 2. Und 3. Jahrhundert Hidsshra. Eine Gesshishte des religiösen Denkens im frühen Islam. I-VI. Berlin, New York, 1991-1996. T. V.
Hans Peter Linss. Probleme der islamisshen Dogmatik. 1991.
Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari markazi qoʻlyozmasi №3907.
Bernand, Marie. Le Muḫtaṣar fi bayān al-iʻtiqād // Annales Islamologiques, Tome XVIII, Institut Français dʻArshéologie orientale du Saire, 1982.
Carl Brockelmann. GAL. (History of the Arabic Written Tradition Supplement). Vol. 1. – Leiden-Boston, 1902.
Qurashiy. al-Javohir al-muziya. – Bayrut: Muassasatu-r-risola, 1993. T.2.
Abu Saʼd Abdu-l-Karim as-Samʼoniy. Nasabnoma. (Arabchadan Abdulgʻaffor Razzoq tarjimasi). J.1. – Buxoro: Buxoro, 1999.
Abdulloh Abd al-Hamid Saad. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. − T.: Imom Buxoriy Respublika ilmiy-maʼrifiy markazi, 2007.
Atayev M. Jizzax allomalari. – Tjirtyn Adib, 2014.
Uzervarli Dr. Muhammad Said. Alouddin Usmandiy va uning Lubob al-kalom asari. – Istanbul: ISAM yayinlari, 2005.
Muhammad ibn Abd al-Hamid Usmandiy. Tariqat al-xilof fi al-fiqh bayn al-aimmat al-aslaf. Dr. Muhammad Zakiy Abdulbarr tahqiqi va tadqiqi. – Qohira: Doru-t-turos, 2-nashr, 2007.
Alou-l-olam Muhammad ibn Abd al-Hamid al-Usmandiy as-Samarqandiy al-Hanafiy. Bazl an-nazari fi usul al-fiqh. Shayx Ahmad Farid Mazidiy tahqiqi. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 2015.
Shayx Muhammad ibn Abd al-Hamid as-Samarqandiy. al-Miyzon fi usul al-fiqh. Dr. Navzat Sodiq Sulaymon tahqiqi. – Ummon: Dor Dajla, 2009.
Abu Lays as-Samarqandiy. Muxtalaf ar-rivoya. Alou-l-Olam as-Samarqandiy rivoyati va tartibi. Dr. Abdurrahmon ibn Muborak al-Faraj tahqiqi. – Bayrut: Maktaba ar-rushd, 2005.
Alouddin Muhammad ibn Abd al-Hamid Abu al-Fath Al-Usmandiy as-Samarqandiy. Tariqat al-xilof bayn al-aslof. Shayx Ali Muhammad Muʼavvaz va Shayx Odil Ahmad Abdulmavjud tahqiqi. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1992.
Shayx A. Mansur. Hidoyat. 2013/1.
Dehxudo. Lugʻatnoma. “ح” harfi tomi. – Tehron: 1338/1970.
Kafaviy. Kitob u-aʼlomi-l-axyor. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari markazi. №91-ashyoviy raqamli qoʻlyozma/ Laknaviy. Al-Favoid al-bahiyya. – Qozon: Matbaat al-xizona, 1903.
Qoriyev O.A. Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin al-Margʻinoniy. –T.: Fan, 2009.
Nasafiy Abu Hafs Umar. Tilbat at-talaba fi istilohot al-fiqhiyya. J. 1.
Qurashiy. al-Javohir al-muziyya. – Bayrut: Muassasatu-r-risola, 1993.
Ramazan Şeşen. Mukhtarat min al-Makhtutal al-Arabiyyat al-Nadira fi Maktabat Türkiye. J.2. – Istanbul: IRCICA, 1997.