Home / MAQOLALAR / BUZGʻUNCHI OQIMLARNING SOXTA DAʼVOLARIGA RADDIYALAR

BUZGʻUNCHI OQIMLARNING SOXTA DAʼVOLARIGA RADDIYALAR

Takfir

Bu ibora arabcha “kufr” soʻzi oʻzagidan olingan. Lugʻatda “inkor qilish”, “yopish”, “kafforat berish” kabi maʼnolarni anglatadi. Istilohda esa moʻmin kishini asossiz sabablar bilan kofirga chiqarish demakdir.

    Imom Buxoriy “Sahih”idagi bir bob “Johiliyat ishlaridan boʻlib, kufr sanalmaydigan gunohlar bobi” deb nomlangani ham musulmon inson gunoh sodir etish bilan Islomdan chiqmasligiga ishora qiladi. Katta (kabira) gunoh sodir etgan moʻmin kishi, Ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga koʻra, qilgan ishini halol sanamas ekan, kofir boʻlmaydi. Shuningdek, toʻrt mazhab ulamolari ittifoqiga koʻra, katta gunoh sodir etgan shaxs doʻzaxda ham abadiy qolmaydi.

  Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatarlar bois Qurʼon va Sunnada birovlarni kofirga chiqarishdan qaytariladi. Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Alloh yoʻlida safarga chiqqaningizda aniq ish tuti­ngiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim boʻlgan) kishiga bu dunyo matohini (oʻljani) koʻzlab: “Moʻmin emassan”, demangiz! Allohning huzurida koʻp oʻljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoni­ngizni sir tutar) edingiz, (soʻngra) sizlarga Alloh neʼmat ato etdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Niso, 94).

   Hadisi shariflarda ham oʻzga shaxsni kufrga chiqarishdan ogohlantiriladi. Jumladan, Imom Buxoriy Ibn Umardan  rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz  aytadilar: “Agar kishi birodariga “Ey kofir”, desa, u (soʻz) ikkisidan biriga qaytadi”. Abu Zarrdan  rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz  bunday deganlar: “Hech bir kishi boshqa kishini fosiq, kofir, deb ayblamasin. Agar u kishi bunday boʻlmasa, aytgan gapi oʻziga qaytib keladi”. Jumhur kalom va fiqh ulamolari ittifoqiga koʻra, qibla ahli boʻlgan musulmonni kofirga chiqarmaslik kerak. Abu Hanifa  qibla ahllaridan biror kishini kofirga hukm qilmaganlar.

  Bir musulmonning boshqa bir musulmonga qoni, obroʻsi va moli hurmatli boʻlishi lozim. Rasulullohning  vido hajida aytgan ushbu gap­lari buni tasdiqlaydi: “Albatta, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obroʻlaringiz oʻzlaringiz uchun xuddi shu kuningiz, shu oyingiz va shu shahringiz kabi muharramdir. Shu yerda hozir boʻlgan kishi hozir boʻlmaganlarga yetkazsin”.

  Xalifa Ali  davrida paydo boʻlgan xorijiylar firqasi takfir tushunchasini oʻzlariga ergashmaganlarga nisbatan qoʻllagan. Ular oldin hazrat Alining  ashaddiy tarafdorlari edi. “Siffiyn” jangidan soʻng oʻn ikki minglik qoʻshin bilan ajralib chiqib, hazrat Aliga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlashgan.

  Xorijiylar qurol ishlatish bilan oʻz eʼtiqodini tarqatish va hokimiyatga erishishni maqsad qilishadi. Ular musulmonlarni oʻldirishni halol sanashgan. Ular “Jamal voqeasi” ishtirokchilari, Usmon, Ali, Muoviya, Amr ibn Os, Abu Muso (roziyallohu anhu) kabi sahobalarni ham kufrda ayblashadi. Katta gunoh qilgan kishini kofirga chiqarib, ularning avlodi, moli va jonini oʻzlariga halol sanashgan. Xorijiylarning takfir tushunchasi orqali minglab musulmonlar, jumladan, hazrat Alining  ham hayotiga tajovuz qilingan.

   Islom ulamolari xorijiylarning katta gunoh boʻyicha daʼvolarini tahlil etib, ularning gaplari islomiy tushunchalardan juda yiroq ekanini taʼkidlashadi. Islom tarixida xorijiylar qoʻllagan uslub bugun ham jihodiy jamoalar mafkurasida davom ettirilyapti. Ular oʻzlariga ergashmagan shaxslar va tuzumlarni kofirlikda ayblashadi. 2005 yil iyul oyida Ommon (Iordaniya) shahrida Islom olami yetakchi ulamolari qabul qilgan fatvoda: “Toʻrt sunniy mazhabga eʼtiqod qiluvchilarning barchasi musulmon hisoblanadi. Ularni imonsizlikda ayblash, joniga, nomusiga va mulkiga qasd qilish joiz emas”, deb eʼlon qilingan.

   Shayx Yusuf Qarzoviy musulmonni kofirga chiqarish haqidagi savolga bunday javob beradi: “Kim Allohdan oʻzga iloh yoʻq va Muhammad  Uning rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, musulmondir. Unga toʻlaligicha musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi lozim”.

Shayx Abdulaziz Mansur

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …