Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda “Al-Furqon” Islom merosi fondi hamkorligida “Oʻzbekistonning “Umumjaxon Islom qoʻlyozmalari tadqiqoti”da bayon etilgan boy ilmiy merosi” mavzusida onlayn seminar boʻlib oʻtdi.
Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar vakillari, soha mutaxassislari va xorijiy davlatlar tadqiqotchi olimlari ishtirok etdi.
Seminarda “Al-Furqon” Islom merosi fondi boshqaruvchi direktori Dr. Sali Shahsivari maʼruza qildi.
Maʼruzachi dastavval “Umumjaxon Islom qoʻlyozmalari tadqiqoti” loyihasi haqida batafsil maʼlumot berdi. Tadqiqot dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida saqlanayotgan islomiy qoʻlyozmalar haqida toʻliq bibliografik maʼlumot beruvchi qoʻllanma hisoblanadi.
Mazkur loyixa qoʻlyozmalar saqlanayotgan shaharlar va kutubxonalar, qoʻlyozmalarning taxminiy soni, mavzular va tillar haqida umumiy maʼlumot, qoʻlyozmalar qaysi uslubda yozilganligi, ular qanday sharoitlarda saqlanganligi, oʻrganilganlik darajasi va kataloglashtirilganligi, nodir, eng qimmatli va eng qadimiyligi kabilarga alohida eʼtibor qaratadi.
Maʼruzachi qoʻlyozmalarni saqlash, ularni tadqiq etish va kelajak avlodga munosib holda yetkazish borasida qimmatli fikrlarini bildirdi.
“Qoʻlyozmalarni tadqiq etish – butun jahon ilm-fan taraqqiyoti, islom va inson sivilizatsiyasini yangidan kashf qilish demakdir. Zero bu qoʻlyozmalarda har qanday sohadan qatʼiy nazar, tabiiy fan, ijtimoiy fan, diniy fanlarning taraqqiyotiga sabab boʻladigan maʼnaviy boyliklar yashirin boʻladi. Qoʻlyozmalarni hamkorlikda oʻrganish, birlashtirish va umumjamoatchilikka yetkazish butun dunyo olimlari zimmasida turgan muhim vazifa hisoblanadi», dedi notiq.
Yillar davomida urushlar, inqiloblar va tabiiy ofatlar sababli qoʻlyozmalarga jiddiy shikast yetgan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar islomning qoʻlyozma ilmiy merosiga oid 1,5 mln dan ziyod asarlar saqlanib qolganligi taxmin qilinadi.
Alohida qayd etish joizki, butun jahon kutubxonalari ichida Oʻzbekiston oʻzining qoʻlyozmalar fondi va qadimiy kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qoʻlyozmalari bilan ajralib turadi.
⁃ Qoʻlyozmalarni tadqiq etish jarayonida shu narsaga amin boʻlish mumkinki, – deya fikrini davom ettirdi olim, – butunjahon kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarning aksari Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy, Margʻinoniy kabi buyuk mutafakkirlar, allomalar qalamiga mansubdir.
Tadqiqot natijasida shuni eʼtirof etish mumkinki, Movarounnahr – ilm oʻchogʻi va allomalarni yetishtirgan beshikdir.
Bu maʼnaviy boyliklardan bahramand boʻlish va uni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Oʻzbekistonda bir necha ilmiy-tadqiqot markazlari, islomshunoslikka ixtisoslashgan taʼlim muassasalar va akademiyalar tashkil topdi. Bugungi kunda ular faoliyati samara bermoqda.
Bu esa allomalarning davomchilari bugungi kunda Oʻzbekistonda ham yetishib chiqishiga ishonch uygʻotadi”.
Maʼruza soʻngida Dr. Sali Shaxsivari Oʻzbekistondagi kitoblarni tadqiq etish yuzasidan muhim amaliy takliflarni bildirdi.
Tadbir soʻngida tashkil etilgan onlayn seminar kelgusida oʻzaro hamkorlikdagi ishlarni yangi bir bosqichi ekanligi eʼtirof etildi.
Maʼruzachi ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob qaytardi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati