Home / YANGILIKLAR / AHILLIK VA HAMJIHATLIK – OSUDA HAYOT, FAROVON TURMUSH POYDЕVORI

AHILLIK VA HAMJIHATLIK – OSUDA HAYOT, FAROVON TURMUSH POYDЕVORI

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Islom dini insonlarni doimo ahil-inoq, tinch-totuv va hamjihat boʻlib hayot kechirishga chaqiradi. Tarixdan maʼlumki, mana shunday fazilatlarga amal qilib yashagan kishilar doimo baxtu saodatga erishgan. Alloh taologa shukrki, yurtimizda qoʻlga kiritilayotgan barcha yutuqlar, muvaffaqiyatlar zamirida jamiyatimizdagi ittifoqlik, hukm surayotgan tinchlik mujassam, albatta.

Barcha zamonlarda davlatning rivojlanishi tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bogʻliq boʻlgan. Zero, eng yirik davlatlar ham fitnalar sabab halokatga uchragan. Shu sababli tinchlikni saqlash, ogohlik hamda hushyorlikni oshirish har bir zamon va makonning muhim talabi boʻlgan. Ayniqsa, hozirgi murakkab davrda turli sabab va omillar bilan nizo chiqarishga harakat qilayotgan tomonlar koʻpayib borayotgan bir pallada osoyishtalikni taʼminlash uchun astoydil qaygʻurib yashashni davrning oʻzi taqozo etayotganini barchamiz yaxshi anglab turibmiz.

Din peshvolari, taniqli ulamolar jamiyatda ahillikni taʼminlash, sillai rahm qilish, oʻzaro yordam berish, bir-biriga muruvvat koʻrsatish va ijtimoiy illatlardan saqlanishga dinimiz manbalari asosida muntazam pandu nasihatlar qilib kelmoqda.

Rivoyatlardan birida Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu aytadilar: “Men Nabiy alayhissalomdan: “Ey Allohning Rasuli! Menga Alloh taolodan duo qilib soʻraydigan biror narsani oʻrgating”, deb soʻradim. Shunda U zot: “Alloh taolodan xotirjamlikni soʻrang”, dedilar. Bir necha kundan keyin yana Muhammad alayhissalomning oldilariga kelib, “Ey Allohning Rasuli! Menga Alloh taolodan duo qilib soʻraydigan biror narsani oʻrgating”, deb soʻradim. Shunda Hazrati paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey amakim, Alloh taolo­dan dunyo va oxiratda xotirjamlikni soʻrang”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).

Nabiy alayhissalom “Vidolashuv haji”dagi xutbalarida moʻmin-musulmonlarga qalblarining eng toʻridagi nasihatlarini qilgan edilar: “Ey odamlar! Parvardigoringiz — bir, otangiz — bir, hammangiz Odam alayhissalomdandirsiz! Odam alayhissalom esa tuproqdan edilar. Allohning huzurida eng hurmatlirogʻingiz taqvodorrogʻingizdir! Arablarning ajamlardan afzalligi yoʻq, faqatgina taqvosi bilan afzal boʻlishi mumkin. Ey odam­lar! Yetkazdimmi? Ey Allohim! Oʻzing guvoh boʻl”.

Demak, bizning Parvardigorimiz — bir, paygʻambarimiz — bir, dinimiz — bir, ota-onamiz — bir va maqsadimiz ham bir, yaʼni Alloh taoloning rizoligiga sazovor boʻlib, ikki dunyo saodatiga erishish ekan, oʻzaro ittifoq va ahil boʻlib, tinch-totuv va rohat-farogʻatda yashashimiz shart.

Alloh taolo Qurʼoni karimda moʻmin-musulmonlar oʻzaro aka-uka va doʻstu birodar ekani haqida bunday marhamat qilgan: “Albatta, moʻminlar birodardirlar”. (Hujurot surasi, 10-oyat).

Agar biz ushbu koʻrsatmani yaxshi anglab yetsak va shunga amal qilsak, oʻrtamizda har xil ziddiyat, ixtilof chiqarish, turli koʻngilsiz hodisalar va bir-birining molini nohaq, turli aldov yoʻllar bilan yeyish boʻlmaydi.

Taʼkidlash zarurki, inson doim hayotdagi voqea-hodisalardan ibrat olib yashashi lozim. “Birni koʻrib fikr qil, birni koʻrib shukr qil”, degan naql ham bejiz aytilmagan. Hamma xalqlarning maqsadi tinchlik va farovonlikka erishish. Lekin doim ham bu neʼmat nasib boʻlavermaydi. Zero, mamlakatdagi notinchlik hammaga zarar keltiradi, ayniqsa, oddiy xalqqa ziyoni koʻp boʻladi.

“Bir kun urush boʻlgan joydan qirq kun baraka koʻtariladi”, deydi dono xalqimiz. Ushbu sermaʼno maqolning naqadar toʻgʻri ekanini qoʻshni Qozogʻistondagi fojiali voqealar ham koʻrsatib turibdi.

Qoʻshni va qardosh birodar mamlakatda beqarorlik va tartibsizliklar minglab odamlarning shaxsiy mulki, jamiyat hisobiga barpo etilgan davlat mulkini vayron qilish, oʻgʻirlash, eng yomoni, bir-birlarining qonini toʻkish kabi jinoyatlarga olib kelgani mudhish holatdir. Ayniqsa, bunday kulfat butun umr halol mehnat qilgan oddiy insonlarning boshiga ogʻir sinovlar solishi, ular bor bisotidan bir zumda ajrab qolishi, toʻs-toʻpolonlarga aralashib qolgan yoshlarning jarohat olishi va qurbon boʻlishi xalq uchun katta fojiadir.

Vayron qilingan, oʻt qoʻyilgan binolar, mol-mulklarni chetdan birov kelib qayta tiklab bermaydi.

Shu oʻrinda qardosh Qozogʻiston hududidagi manfur fojiali voqealarda Vatan osoyishtaligi va mamlakat xalqining himoyasi yoʻlida qurbon boʻlgan fidoyi farzandlarning haqlariga duolar qilish, magʻfirat soʻrash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning chin moʻminlik burchimizdirJ Qurʼoni karimda: “…Ey Rabbimiz! Oʻzing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan oʻtganlarni magʻfirat etgin…” (Hashr surasi, 10-oyat), deya moʻmin kishi marhumlar haqqiga xayrli duo qilishga buyuriladi.

Shunday ekan, marhumlarning ahli baytiga sabr tilab, haqlariga duo qilamiz, jarohatlanganlarga komil va ojil shifolar tilaymiz.

Islomdagi moʻtabar qoidaga koʻra, dinimizda zarar berish ham, zarar koʻrish ham yoʻqdir. Shu sababli dinimizda fitnalar oqibatida kelib chiqqan tartibsizliklarga aralashmay, ibodatda bardavom boʻlganlarga katta inʼomlar vaʼda qilingan. Jumladan, hadisi sharifda bunday deyilgan:

“Haraj — fitna paytida qilingan ibodat, menga hijrat qilish kabidir”. (Imom Muslim rivoyati).

Keltirib chiqarilgan tartibsizlik va nizolar oqibatida mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatdan zaiflashuvi kuzatilishi tabiiy hol. El-yurt birdamligi yoʻqolishi esa katta talafot. Bu haqda Qurʼoni karimda quyidagicha ogohlantiriladi: “Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda, sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obroʻngiz) ketib qolur. Sabr qilingiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”. (Anfol surasi, 46-oyat).

Hozirgi kunda hamjihatlik va tinchlik masalasi yanada dolzarb boʻlmoqda. Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk neʼmatlaridan biridir. Barcha ezgu ishlar roʻyobga chiqishining boisi ham osoyishtalikka bogʻliq. Bu neʼmat bebaho ekani toʻgʻrisida islom dini manbalarida ham takror-takror aytilgan. Qurʼoni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlik, ezgulik va bagʻrikenglikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh rizosini topishga intilganlarni Qurʼon bilan tinchlik va salomatlik yoʻllariga yoʻllab, Oʻz izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilur”. (Moida surasi, 16-oyat).

Hazrati paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulugʻ neʼmat ekanini taʼkidlab, bunday deganlar: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular — tinchlik-xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”. (Imom Buxoriy rivoya­ti). Bugun bu hadis har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, tinchlik-xotirjamlik suv va havodek zarur boʻlib turgan, ogʻir kulfatni boshidan kechirayotgan ayrim mamlakatlar xalqlari tinchlikni, xotirjamlikni orzu qilishi shubhasiz.

Dinimizda tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta neʼmatlaridan sanaladi. Tinchlikning ilohiy neʼmat ekani haqida paygʻambarimiz alayhissalom shunday deydilar: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni soʻranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq neʼmat berilgani yoʻq”. (Imom Termiziy rivoyati).

Hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan vazifalarni mukammal va xotirjam ado etish uchun tinchlik va osoyishtalik zarur. Yaratgan Parvardigor ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, shaytoniy yoʻllarga ergashmaslikka amr etib, bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”. (Baqara surasi, 208-oyat).

Demak, tinchlik qaror topgan yurtdagina osudalik hukm suradi, farzandlar eminerkin kamolga yetadi, moʻmin-musulmonlarimiz ibodatlarini xotirjam ado etadi.

Yangi Oʻzbekistonda dinimiz ravnaq  topayotgani   va   moʻmin­-musulmonlar farovon hayot kechirayotgani ham tinchligimiz sharofatidandir.

Alloh taolo moʻtabar diyorimizga oʻzining aziz neʼmati — tinchlik, osoyishtalikni berdi, qut-baraka, farovonlikni ato etdi. Atrofga nazar solsak, bizlarni oʻrab turgan sonsiz, sanoqsiz neʼmatlar qurshovida yashayotganimizga amin boʻlamiz. Qurʼoni karimda Rabbimiz bunday marhamat qiladi: “Shuningdek, sizlarga barcha soʻragan narsalaringizni ato etdi. Agar Allohning neʼmat(lar)ini sanasangiz, sanogʻiga yeta olmaysiz”.

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir hadisi muboraklarida: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo toʻligʻicha berilibdi”, deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Biz qancha shukr qilsak — shuncha oz. Ushbu sururli damlar bardavom boʻlmogʻi uchun tinchlik neʼmatining shukronasini qilib, uni koʻz qorachigʻidek asramogʻimiz darkor. Chunki neʼmatlar shukri bilan davomli va ziyoda boʻladi. Zero, oyati karimada: “Yana Rabbingiz eʼlon qilgan (bu soʻzlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marhamat qilingan. (Ibrohim surasi, 8-oyat).

Tinchlik va osoyishtalik, oʻz navbatida, doimiy va qatʼiy harakatlarni talab etadi. Hushyorlik, ogoh boʻlib yashash, bu — bir kunlik yoki bir oylik mavsumiy masala emas, balki kundalik ish, kundalik amaliy harakat boʻlishi lozim. Shuningdek, tinchlikni saqlashga faqatgina maʼlum soha vakillari emas, balki butun jamiyat masʼuldir. Shu oʻrinda biz, din peshvolari, ulamolar va imom-xatiblar oʻz oldimizga qatʼiy maqsadlarni qoʻygan holda, tinchlikni taʼminlashga daxldorlik hissini chuqur anglashimiz zarur.

Demak, yurtdagi tinchlik va barqarorlik xalqimiz farovonligi asosidir. Inson oʻziga berilgan neʼmatning qadrini mulohaza qilish va mushohada yuritish orqali, shu neʼmatdan oʻzgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini oʻylab koʻrish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada koʻproq shukr qilishga undaydi. Tinchlik va barqarorlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan neʼmatlardir.

Bugungi tahlikali zamonning, uzoq va yaqin hududlardagi notinchliklarning oʻzi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, jahonda kuchayib borayotgan xatarlarni toʻgʻri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ongu shuurida murakkab va tahlikali dunyo hamda mintaqada roʻy berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvurlar shakllanishiga yoʻl qoʻymaslik zarur.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, dinimizning ahillikka, ittifoqlikka va tinchlikka boʻlgan eʼtibori juda katta boʻlib, shukrona, hushyorlik va ogohlik bularning negizidir.

Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning barqarorligini taʼminlash, yoshlarimizni fitna toʻrlaridan saqlash — yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning burchi hisoblanadi.

Alloh taolo yurtimizni tinch, oilalarimizni farovon, olijanob xalqimizni doimo Oʻzining panohida saqlasin.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 13 yanvar, 8(530) son

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …