O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik ko‘p asrlik boy tarixga ega. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug‘ bobokalonlarimizning noyob ilmiy-ma’rifiy merosi butun musulmon olamining bebaho boyligi hisoblanadi. Buyuk ajdodimiz Ahmad Farg‘oniy Misrda yashab, o‘lmas kashfiyotlar qilgan. Jumladan, alloma bunyod etgan, Nil daryosi suvini o‘lchaydigan “Miqyosi Nil” inshooti bugungi kunda ham Misr xalqi farovon hayoti va davlat taraqqiyotiga xizmat qilayotgani e’tiborlidir. Qohira shahrida, Nil bo‘yida Ahmad Farg‘oniy sharafiga o‘rnatilgan haykal xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning yorqin ramziga ham aylangan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Misr o‘rtasida ko‘p tomonlama aloqalar jadal rivojlanmoqda. Bu borada ikki davlat rahbarlari – Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Prezident Abdulfattoh as-Sisiy tomonidan olib borilayotgan hamkorlik strategiyasi muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Misrdagi qator oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik muntazamlik kasb etgani ham e’tiborlidir. Ayniqsa, Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha islom tashkiloti – ICESCO bilan do‘stona munosabatlar rivojlanib bormoqda.
“Ilmni Chin (Xitoy)da bo‘lsa-da o‘rgan”
Yaqinda Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida 60 dan ziyod a’zo davlat ishtirokida ICESCO Ijroiya kengashining 42-sessiyasi hamda XIV Bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanda yurtimiz delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi.
Avvalo, tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va yurtimiz elchixonasi hamkorligida Misrdagi turli oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bosh qonunimiz qabul qilingan kun bayrami arafasida tashkil etilgan ushbu tadbirda mashhur “Ilmni Chin (Xitoy)da bo‘lsa-da o‘rgan” hadisiga rioya qilib, xorijiy mamlakatda ilm-fan sirlarini egallayotgan vatandoshlarimiz yutuq va muammolarini o‘rganib, O‘zbekistonda yoshlar kelajagi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, diniy-ma’rifiy, ilmfan sohalaridagi tub islohotlar xususida samimiy suhbatlashdik. Do‘stona uchrashuvda yoshlarimizga, eng avvalo, xorijiy davlatda o‘zbek xalqining sha’ni va faxri ekanini doimo yodda tutib, milliy o‘zligimizni qadrlash va ulug‘ alloma bobolarimizga munosib bo‘lishga intilish lozimligi ta’kidlandi.
Al-Azharning har bir talabasi Nasafiyni biladi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil topgandan buyon Misrning dunyoga mashhur Al-Azhar universiteti bilan hamkorlik rivojlanib bormoqda. Shu bois, bugungi kunda ko‘plab yoshlarimiz mazkur nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasida dunyo ilm-fani sirlarini o‘rganib, izlanishlar olib bormoqda.
Tashrif davomida delegatsiyamiz Al-Azhar majmuasida ham bo‘ldi. Taniqli islomshunos olim, majmua rahbari o‘rinbosari Abdurahmon Muhammad ad-Duvayniy bilan uchrashuv chog‘ida bu yerda tahsil olayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalariga qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ularning sof islom ma’rifati va aqidasini chuqur o‘rganishi uchun maxsus o‘quvlar tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvga erishildi. Bu boradagi hamkorlikni rivojlantirishda ikki tomonlama professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.
O‘z navbatida, Abdurahmon Muhammad ad-Duvayniy uchrashuvdan mamnunligini, ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, talabalar, yosh ilmiy tadqiqotchilar, tajribali ustozlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, onlayn seminar, konferensiyalar o‘tkazishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekanini ta’kidladi.
– Islom sivilizatsiyasi rivojida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abul Muin Nasafiy kabi o‘zbek allomalari hissasi alohida, – dedi suhbatda ad-Duvayniy. – E’tiborlisi, ilm dargohimizda tahsil oladigan har bir talaba Abul Barakot Nasafiyning “Madorik ut-tanzil va haqoiq ut-ta’vil” asarini mutolaa qilishi, chuqur o‘rganishi talab etiladi. Zero, ushbu kitob muqaddas islom dinining sof ilmiy ma’rifatini o‘rganishda noyob qo‘llanmadir. Darhaqiqat, qadimdan O‘zbekiston zamini buyuk allomalarga beshik bo‘lgan vatan. Muhimi, bugun ham o‘zbek yoshlari ilm olishda buyuk ajdodlariga munosib avlod bo‘lib kamol topmoqda.
Do‘stona fikrlashuvlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa, diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha Al-Azhar observatoriyasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘rtasida imzolangan memorandum asosida ekspertlarning doimiy muloqotini tizimli tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston – ICESCOning eng tartibli a’zosi
Qohira shahrida Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO)ning XIV Bosh konferensiyasi ham amaliy hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tardi.
Tashkilot 1979-yilda tashkil topgan bo‘lib, bosh qarorgohi Marokash poytaxti Rabot shahrida joylashgan. Tashkilot a’zo davlatlar o‘rtasida ta’lim, fan, madaniyat va kommunikasiya sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar hamda dinlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni o‘rnatishga muhim e’tibor qaratib kelmoqda. Islom olami va dunyo tamadduni rivojida O‘zbekistonning o‘rni beqiyos bo‘lgani bois ICESCO tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik rivojlanib bormoqda.
Konferensiyada Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy hamda ICESCO Bosh kotibi, doktor Salim al-Malik qatnashdi. 60 dan ortiq a’zo davlat delegatsiyalari ishtirok etgan nufuzli anjumanda tashkilotning 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli strategiyasi taqdim etilib, kelgusi rejalar belgilab olindi.
Muhokamalar davomida turli delegatsiyalarning ta’lim, ilm-fan va texnologiya, madaniyat sohalarini yanada rivojlantirish borasidagi hisoboti hamda reja va takliflari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, uning salbiy asoratlarini bartaraf etish, sog‘liqni saqlash, ekologik muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi. Pandemiyadan so‘ng ta’lim sohasidagi yangilanish, o‘zgarishlar haqida ma’ruzalar tinglandi.
ICESCO Bosh kotibi Salim al-Malik tashkilotga a’zo davlatlarning ishlarini tahlil qilar ekan, eng tartibli a’zo davlatlar qatorida O‘zbekistonni ham e’tirof etdi. Bundan tashqari, ICESCO O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan mamnun ekanini, raqamli texnologiyalar, kosmik tadqiqotlar rivojida yurtimiz allomalari, xususan, Al-Xorazmiyning beqiyos hissasi borligini alohida ta’kidladi.
Al-Xorazmiy qo‘ygan poydevor bugun muhtasham majmuaga aylandi
Tashkilotning XIV Bosh konferensiyasida Bosh kotib Salim al-Malik: “Bugungi raqamli texnologiyalar rivojida, ayniqsa, fazo ilmlari, kosmik tadqiqotlar taraqqiyoti uchun insoniyat, eng avvalo, Al-Xorazmiyga ta’zim qilishi kerak. Zero, VIII-IX asrlarda yashagan qomusiy alloma Al-Xorazmiyning ilm-fandagi kashfiyotlari va u kishi qo‘ygan mustahkam poydevor bugungi kunga kelib muhtasham majmuaga aylandi”, deya qayd etgani bizni faxrlantirmay qo‘ymaydi, albatta.
Konferensiyaning ochilish marosimida Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy ham ishtirok etib: “Bugungi kunda yoshlar tarbiyasi, ilm olish uchun islom diyorlarida ham e’tibor yanada oshmoqda. Zotan, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning ilm-fan sirlarini o‘rganishi yorug‘ kelajakka poydevordir. Tan olish kerak, bugun insoniyat taraqqiyoti raqamli texnologiyalarga bevosita bog‘liq bo‘lib bormoqda. E’tiborlisi, ushbu ilmning tamal toshi islom olamining buyuk namoyandasi Al-Xorazmiy tomonidan qo‘yilgan. Bu barcha musulmonlar uchun faxrdir”, deb alohida ta’kidlab o‘tgani qalbimizni to‘lqinlantirdi.
Ushbu e’tiroflar yoshlarimizga bilim olish yo‘lida bardavom bo‘lish, ajdodlarga munosib avlod bo‘lib voyaga yetish mas’uliyatini ham yuklaydi.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ustuvor maqsadi asosida ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugungi yosh avlodning zamonaviy ilm-fan, kasb-hunar hamda diniy-ma’rifat sohasi bilimlarini chuqur egallab, ulug‘ bobolarimiz merosini davom ettirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Nufuzli anjumanda O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar haqida xorijiy hamkasblarimizni ham boxabar etdik. Ilm-fanning innovatsion texnologiyalar, koinotni o‘rganish, sun’iy intellekt kabi zamonaviy yo‘nalishlarida ham ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilayotgani barcha ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Buning uchun yurtimizning barcha hududlarida eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan IT parklar, ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlar tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, yurtimizda saqlanayotgan 100 mingdan ortiq qo‘lyozma va toshbosma asarlar orasida astronomiya yo‘nalishida turli tillardagi 200 dan ortiq qo‘lyozmani zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy muomalaga olib kirish zarur. Bugungi kunda respublikamizda islom dinini ilmiy asosda o‘rganish maqsadida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi kabi o‘nlab ilmiy-ma’rifiy muassasalar faoliyat ko‘rsatyapti. Ayniqsa, Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutadi. Yurtimizdagi keng miqyosdagi islohotlar konferensiya ishtirokchilari olqishiga sazovor bo‘ldi.
Toshkentdagi ICESCO kafedrasi eng namunali va yetakchi bo‘ladi
Mazkur anjumandan so‘ng ICESCO Bosh kotibi, doktor Salim al-Malik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Samimiy muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi samarali faoliyat yuritib, yoshlarning chuqur bilim olishida muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etildi. Kafedra ICESCO tomonidan dunyoning boshqa oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan ICESCO kafedralari o‘rtasida eng namunali bo‘lishi ta’kidlandi. Shu o‘rinda bugungi kunda dunyodagi 18 ta oliy ta’lim muassasasida ICESCO kafedrasi borligini qayd etish joiz.
O‘z navbatida, Bosh kotib dunyoning turli oliy ta’lim muassasalaridagi ICESCO kafedralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va sog‘lom raqobat muhitini yaratish taklifini ma’qulladi va uni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.
Konferensiyadan so‘ng ICESCOning fan va texnologiya bo‘limi boshlig‘i, professor Rahel Qamar hamda ICESCO texnologiyalari maslahatchisi, doktor Muhammad Sharif bilan ham muloqotda islom dunyosi mamlakatlarida kosmik tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari haqida fikr almashildi. ICESCO vakillari samo ilmlarini o‘rganish O‘zbekistonda tarixan rivojlangani, so‘nggi yillarda mazkur sohaga e’tibor yanada ortganini alohida qayd etdi.