Home / FOTO LAVHALAR / YANGI HAMKORLIK – YANGI IMKONIYATLAR

YANGI HAMKORLIK – YANGI IMKONIYATLAR

 Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Turkiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri Dumlupinar universiteti rektori, professor Kozim Uysal hamda mazkur universitet qoshidagi Bakalavriatdan keyingi taʼlim instituti direktori, professor Shohmurod Arik tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Markaz direktori Shovosil Ziyodov va direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyevlar kutib olishdi.

 

Tashrif Markaz muzeyi faoliyati bilan tanishuvdan boshlandi. Muzeydagi eksponat va qoʻlyozmalar mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. Martabali mehmonlar shuningdek, Markazda ilmiy faoliyat olib borish uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, kutubxona va undagi kitob jamgʻarmasi, qadimiy qoʻlyozma nusxalarini skanerlash boʻlimi hamda anjumanlar zalini koʻzdan kechirdilar.

Shundan soʻng ikki tomonlama hamkorlikka oid muloqot boʻlib oʻtdi. Unda Markaz direktori Sh.Ziyodov mehmonlarga Markazning maqsad va vazifalari hamda faoliyat yoʻnalishlari, shuningdek Turkiyadagi taʼlim muassasalari bilan oʻrnatilgan uzviy hamkorlik aloqalarining bugungi holati haqida maʼlumot berdi. Dumlupinar universiteti rektori Kozim Uysal oʻz navbatida koʻrsatilgan iltifot uchun minnatdorlik izhor etib, mamlakatimizda islom ilmlari rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralaridan mamnun ekanligini bildirdi.

Turkiyaning Kyutahya shahrida joylashgan Dumlupinar davlat universitetiga 1974 yilda asos solingan. Bugungi kunda tasarrufida 3 ta institut, 10 ta fakultet va 14 ta kasbiy-texnik oʻquv yurti mavjud boʻlgan mazkur universitetda 45 ming nafarga yaqin talabaga salkam 700 nafar professor-oʻqituvchi taʼlim beradi. Ayni paytda Turkiyaning yang yaxshi 50 ta oliy oʻquv yurti roʻyxatiga kiritilgan ushbu taʼlim dargohida talabalarga oʻqish davomida talaba almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyati ham yaratilgan. Universitetda iqtisod va maʼmuriy bilimlar, muhandislik, taʼlim, fan va sanʼat, meʼmorchilik kabi fakultetlar bilan birga islom ilmlari fakulteti ham faoliyat yuritadi.

Muloqot davomida universitet va Markaz oʻrtasidagi hamkorlikni mazkur fakultet imkoniyatlari asosida yoʻlga qoʻyish, jumladan oʻzaro talaba va ilmiy xodim almashinuvini joriy etish, sohaga oid ilmiy qoʻllanma va taʼlim dasturlarini yaratish hamda qadimiy qoʻlyozmalarni birgalikda tadqiq qilish masalalari muhokama etildi va ushbu yoʻnalishda istiqbolda hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olindi.

 Tashrif yakunida tomonlar oʻzaro adabiyotlar va esdalik sovgʻalari almashdilar.

 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …